Yangiliklar
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan savol-javoblar matni
  • 30.08.2021
  • 698

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining matbuot anjumani

  Tadbir sanasi: 2021-yil 30-avgust, dushanba, soat 12:00;

  O‘tkazilish joyi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zali, 4-qavat;

  Matbuot anjumanining mavzusi: «2021–2022-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda olib borilgan kapital hamda joriy ta'mirlash ishlari natijalari».

 

  Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sh.Asadov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjaev tomonidan tasdiqlangan Media-rejaning tegishli bandlari.

 1-savol: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining mamlakatimiz energetika sohasi, elektr energetika tarmog‘idagi o‘rni (vazifalari va majburiyatlari)

 Javob: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi PQ-4249-sonli qaroriga asosan Elektr energetika sohasini keng qamrovli islohotlar o‘tkazish natijasida “O‘zbekenergo” AJning tugatilayotgan «O‘zelektrtarmoq» UK hamda «Energosotish» filiali negizida elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali transportirovkasini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan.

  Jamiyatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

    — respublikaning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;

    — elektr energiyani respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish;

    — elektr energiyani eksport va import qilish, shuningdek, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish;

    — elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan xususiy kapital ishtirokidagi korxonalarni, shuningdek, magistral va hududiy elektr tarmoqlarini yagona operativ-dispetcherlik boshqarish;

    — elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, shu bilan birga, elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish.

  Hozirda Aksiyadorlik jamiyati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 ta filial, elektr tarmoqlarini raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Energo-IT” filiali, “O‘zenergoinjiniring” AJ loyiha tashkiloti, Maxsus texnika va avtotransport vositalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi “Energomaxsusavto” MChJ, elektr tarmoqlarini qurilishga ixtisoslashgan “Magistraltarmoqqurilish” filiali va “Gridcon” MChJ hamda 5 ta ijtimoiy soha ob'ektlari faoliyat yuritib kelmoqda.

  Jamiyatga qaramog‘ida 85 ta podstansiya va 11 414,2 km dan ortiq 220–500 kVli magistral havo elektr uzatish liniyalari mavjud bo‘lib, Markaziy boshqaruv apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda jami bo‘lib 4700 nafardan ziyod xodimlar mehnat faoliyatini olib bormoqda.

 2-savol: 2021/2022-yil kuz-qish mavsumiga «O‘zbekiston MET» AJ qanday tayyorgarliklar ko‘rdi? (modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari, qo‘shimcha quvvatlar, kapital va joriy ta'mirlash)

 Javob: Magistral elektr tarmoqlarini 2021/2022-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida har yili tegishli chora-tadbirlar belgilanib Jamiyat bo‘yicha buyruq ishlab chiqiladi.

  Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1-avgust holatiga 7 ta (yillik rejaga nisbatan 100 foiz) kuch transformatorlari, 59 ta (83,1 foiz, reja 71 ta) 110-500 kVli o‘chirgichlar, 15 ta (83,3 foiz, reja 18 ta) kompressor qurilmalari va 849,5 km (70,4 foiz, reja 1206,15 km) uzunlikdagi 110–500 kV havo liniyalarida mukammal ta'mirlash ishlari yakunlanib, barcha ta'mirlash ishlariga 11,9 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

  Shu bilan bir qatorda, joriy ta'mirlash rejasiga asosan podstansiyalardagi 214 dona kuch transformatorlari (yillik rejaga nisbatan 74,6 foiz, reja 287 ta), 1062 dona o‘chirgichlar (85,5 foiz, reja 1062 ta), 31 dona havo kompressorlari (103,3 foiz, reja 30 ta) hamda 3 719,7 km uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarida (86 foiz, reja 4320,8 km) joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Mukammal va joriy tamirlash bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlarni 1 oktyabrga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilgan.

  Respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes sub'ektlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini to‘liq qoplash maqsadida, joriy yil boshidan modernizatsiya dasturi asosida 9 ta podstansiyada qo‘shimcha jami 906 MVA quvvat ishga tushirildi.

  Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (“Beruniy” PS – 125 MVA), Buxoro viloyatida (“Quyimozor” PS – 2 dona, 63 MVA), Farg‘ona viloyatida (“O‘zgarish” PS – 50 MVA), Qashqadaryo viloyatida (“Amir Temur” PS – 125 MVA), Toshkent viloyatida (“Chirchiq” PS – 2 dona, 150 MVA), Navoiy viloyatida (“Gornaya” PS – 43 MVA, “Ximiya” PS – 200 MVA), Samarqand viloyatida (“Kattaqo‘rg‘on” PS – 75 MVA), Xorazm viloyatida (“Xorazm” PS – 75 MVA).

  Yil yakuniga qadar 8 ta podstansiyalarda yana qo‘shimcha 725 MVA quvvatga oshirilishi rejalashtirilgan.

  Jumladan, Qashqadaryo viloyatida (“Qarshi” PS – 75 MVA), Buxoro viloyatida (“Quyimozor” PS – 2 dona, 127 MVA), Samarqand viloyati (“Samarqand” PS – 9 MVA), Navoiy viloyatida (“Gornaya” PS – 43 MVA), Farg‘ona viloyatida (“Farg‘ona” PS – 2 dona, 75 MVA), Toshkent shahrida (“Yuksak” PS – 23 MVA, Surxondaryo viloyatida (“Sherobod” PS – 2 dona, 249 MVA) Jizzax viloyatida (“DNS-2” PS – 2 dona, 124 MVA).

  Magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturiga asosan ma'nan va jismonan eskirgan 40 dona 110-500 kV kuchlanishli o‘chirgichlar zamonaviy elegaz o‘chirgichlarga, 221 dona tok transformatorlari, 16 dona ajratgichlar va 6-500 kV kuchlanishdagi 249 dona o‘ta kuchlanishni cheklovchi qurilmalar almashtirildi.

  Kuz-qish mavsumida favqulodda holat yuzaga kelganda foydalanish uchun avariyaviy zaxira yaratish bo‘yicha zarur amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 156 tonna transformator moyi, 0,7 tonna texnik plastinalar, 1 tonna selikogel, 15 tonna turli rusumli simlar, 9,8 km kabel mahsulotlari, 74 dona metall tayanchlar, 26 dona temir-beton tayanchlar, 17 dona turli quvvatdagi zaxira kuch transformatorlari zaxirasi yaratilgan.

  Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 65 – ta navbatchi guruhlar brigadasi tuzilgan va ular maxsus avtotransport vositalari, aloqa apparatlari, zarur ehtiyot qismlar va himoya vositalari bilan ta'minlangan.

  Maxsus, yuk avtotransportlari va mexanizmlari — hozirda Aksiyadorlik jamiyati balansida jami 308 ta bo‘lib, shundan 155 ta maxsus, avtotransport, 95 ta yuk avtotransporti, 58 ta mexanizmlardan foydalanib kelinmoqda. Jamiyatimiz tomonidan joriy yil boshidan 17 ta yangi maxsus texnikalar xarid qilingan. Shundan, 4 ta tayanchlarni tashuvchi, 6 ta brigada maxsus avtomashinasi, 1 ta elektrotexnik laboratoriya, 3 ta yuk tortuvchi va 3 ta pikap yo‘l tanlamas avtomashinalari.

  3-savol: «O‘zbekiston MET» AJ turdosh tashkilotlar — «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati, «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlikni qanday yo‘lga qo‘ygan? Iste'molchi nazari bilan qaraganda, kim nimaga javobgar va mas'ul?! Bu yerda Energetika vazirligining roli qanday? Nega energiya taqchilligi paytida turdosh tashkilotlar masalaning yechimi sifatida bir-birining nomini tilga olishadi (yoki aybdorlar turdosh tashkilotlardan izlanadi)?

  Javob:  «O‘zbekiston MET» AJ turdosh tashkilotlar — «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati, «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlik shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, ishlab chiqaruvchi korxonalar «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ishlab chiqilgan elektr energiyasini «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi korxonalariga yetkazib beriladi. Barcha elektr energiyasi miqdorlari korxonalarning mansublik chegarasida o‘rnatilgan elektron hisoblagichlar va hisoblash tizimlari orqali har oyda aniqlanib, o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, operativ dispetcherlik boshqaruv bilan barcha bo‘g‘indagi korxonalar qamrab olingan bo‘lib, Markaziy dispetcherlik xizmati tomonidan ularning faoliyati muvofiqlashtirib boriladi.

  4-savol: Milliy dispetcherlik markazi tomonidan elektr ta'minoti umumtizimida muvozanatni saqlay olinmasa, ularning topshiriqlari hududiy elektr tarmoqlari va stansiya dispetcherlari tomonidan bajarilmasa, nima ro‘y beradi? Buning qo‘shni mamlakatlar elektr tizimiga ta'siri qanday?

  Javob: Nafaqat elektr energiyasi taqchilligi, balki har qanday favqulodda vaziyatlarda Milliy dispetcherlik markazining topshiriqlari bajarilmasligi — yagona energotizimda o‘ta og‘ir, shu jumladan davlatlararo favqulodda holatlar yuzaga kelib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida katta hajmdagi iste'molchilarning to‘liq kuchlanishsiz qolishiga, elektr stansiyalari va podstansiyalarin qurilmalarining jiddiy shikastlanishiga (yirik nosozliklar kelib chiqishiga) hamda odamlar hayoti xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, jiddiy texnogen yoki ekologik falokatlarga olib kelishi mumkin.

  Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasining elektr energetikasi to‘g‘risidagi qonunda Tizim operatoriga yagona elektr energetikasi tizimining ishonchli ishlab turishini ta'minlash; elektr energiyasini hosil qilish va uning iste'moli balansini saqlab turish; avariya rejimi yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek, uni bartaraf etish, avariya rejimi bartaraf etilganidan keyin tizimning ishonchliligini tiklash va avariya rejimini bartaraf etishda yagona elektr energetikasi tizimida mavjud bo‘lgan barcha zaxira quvvatlarni jalb etish, bundan tashqari, elektr energiyasi iste'moliga cheklovlar joriy etish kabi vazifalar yuklatilgan.

  Ma'lumki O‘zbekiston yagona elektroenergetika tizimi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va u orqali Rossiya Federatsiyasi yagona energetika tizimi bilan parallel ishlaydi. Bunda har bir energotizimning parallel ishlashni ta'minlash bo‘yicha rahbariy hujjatlar bilan tasdiqlangan majburiyatlari mavjud. Bu majburiyatlardan asosiysi har bir energotizimning muvozanatda, ya'ni ishlab chiqarish va iste'mol quvvatlarining tengligidir. Ikki tomonlama shartnomalar bilan belgilangan o‘zaro elektroenergiya almashinuvi amaliyotlari bundan mustasno.

  Elektr energetika tarmog‘ining boshqa ishlab chiqarish soha va yo‘nalishlarda farqi hamda o‘ziga xos xususiyati shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'mol qilish — bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon bo‘lib, har lahzada ular o‘rtasida tenglik (muvozanat) o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa.

  Sohaning bunday o‘ziga xos sharti iste'molchilarga sifatli elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining uzluksiz ishlashini ta'minlash nuqtai nazaridan juda muhim ahamiyatga egadir.

  O‘zbekiston energotizimida quvvat balansi ta'minlanmasa, ya'ni Respublikaning oniy elektr energiyasi iste'moli uning ishlab chiqarilishiga teng bo‘lmasa, O‘zbekiston energotizimiga qo‘shni davlatlar, asosan, Qozog‘iston energotizimi orqali noqonuniy quvvat oqimi yuzaga keladi. Bu quvvat oqimiga yo‘l qo‘ymaslikning ikkita yo‘li mavjud: 1) energotizim elektr stansiyalarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish, 2) cheklovlar kiritish.

  Agar O‘zbekiston energotizim elektr stansiyalarida ishlab chiqarishning imkoniyati bo‘lmasa (zaxira quvvatlarning mavjud emasligi, yoqilg‘i yetkazib berishdagi muammolar, havo tarmoqlaridagi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nozosliklar), Qozog‘iston energetika tizimi havo elektr uzatish tarmoqlari zo‘riqish bilan ishlashiga va turg‘unligi buzilishiga olib kelishi mumkin.

  Agar shunda ham O‘zbekiston tomonidan quvvat balansini ta'minlash bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, elektr ta'minotida turg‘unlik (muvozanat) buzilib, Markaziy Osiyo davlatlari energotizimi (Janubiy Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) Rossiya energotizimidan ajralishiga sabab bo‘lib, elektr energiyasining asosiy sifat ko‘rsatkichi bo‘lgan elektr toki chastotasi qiymati normativ qiymatlardan pasayishiga, bu esa, o‘z navbatida, yuzaga kelgan holat bilan bog‘liq yirik avariya — favqulodda holatlarga olib keladi. Chastota qiymatining past ko‘rsatkichlarda bo‘lishi birinchi navbatda elektr stansiyalarga o‘rnatilgan generatorlar ish rejimlariga salbiy ta'sir ko‘rsatib, ularning avariyaviy o‘chishi va chastota qiymatining yanada pasayishiga va oqibatda butun tizim ishdan chiqishiga (yong‘inlar sodir bo‘lib, uzoq muddatda tiklanishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalar) sabab bo‘lishi mumkin.

  Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasida mavjud energiya ta'minoti tizimining barqaror ishlashi bir nechta tashkilot va korxonalarning uzviy hamkorlikdagi ishiga bog‘liq.

  5-savol: Energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalari ko‘p va xo‘p gapirilmoqda... Ammo bu targ‘ibot va chaqiriqlar aholining, iste'molchilarning aksariyatiga ta'sir qilmayapti. Qo‘pol qilib aytganda, borida beayov va besamara ishlatayapmiz, noqonuniy ulanmalaru o‘g‘riliklarga ko‘z yumamiz (jamoatchilik nazorati yo‘q), yo‘g‘ida esa yoqa yirtib tanqid qilamiz...

  Tunu kun ishlayotgan energetiklarni eng og‘ir so‘zlar bilan haqorat qilib qarg‘aymiz... O‘zi samaradorlik va tejamkorlik targ‘iboti va nazoratiga qaysi tashkilotlar mas'ul? Nega ularning ish samarasi baholanib borilmaydi?

  Javob: Energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalari targ‘iboti va nazoratiga, ushbu yo‘nalishdagi ma'lumotlarni yuritishga Energetika vazirligi va uning tarkibidagi inspeksiya tashkilotlari mas'ul.

  6-savol: Elektr ta'minotida magistral elektr tarmoqlaridagi texnologik sarflarning (yo‘qotishlar) me'yori bormi? Uni kamaytirish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda? (dalil va raqamlarda, statistik taqqoslash).

  Javob: Elektr energiyasini uzatilishidagi texnologik yo‘qotishlar me'yorlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 31-martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan 2871-sonli yo‘riqnomaga asosan hisoblab chiqiladi va “O‘zbekiston MeT” AJning buyrug‘i bilan belgilanadi.

  1. 2019-yilda Elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlar rejasi 1 715,5 mln. kVt•soat yoki 2,84 % bo‘lib, amalda 1 467,0 mln. kVt•soat yoki 2,43%ni tashkil etib, 248,5 mln. kVt•soat yoki 0,41 % miqdoridagi elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.

  2. 2020-yilda Elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlar rejasi 1 801,5 mln. kVt•soat yoki 2,8 % bo‘lib, amalda 1 615,4 mln.kVt•soat yoki 2,51 % ni tashkil etib, 186,1 mln kVt•soat yoki 0,29 % miqdoridagi elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.

  3. 2021-yilning birinchi yarimyilligida Elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlar rejasi 1 030,5 mln. kVt•soat yoki 2,78 % bo‘lib, amalda 962,9 mln.kVt•soat yoki 2,6 % ni tashkil etib, 67,6 mln kVt•soat yoki 0,18 % miqdoridagi elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 22-avgustdagi PQ–4422-sonli qaroriga asosan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2020–2023-yillar uchun elektr energiyani uzatishda texnologik sarflarni kamaytirish uchun tashkiliy-texnik tadbirlar ishlab chiqilib Enegetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Tashkiliy-texnik tadbirga asosan 2020-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

    1.    Optimal rejimda elektr energiyasi uzatildi;

    2.    Respublika bo‘yicha jami 10 ta kuchlanishi 220–500 kV bo‘lgan podstansiyalarda transformatorlarning quvvati oshirildi;

    3.  Magistral elektr tarmoqlariga qarashli podstansiyalaridagi elektr qurilmalarini ma'nan va jismonan eskirganlarini zamonaviysiga ya'ni energiya tejovchilariga almashtirish ishlari olib borildi;

    4.    Kuchlanishi 220 kV bo‘lgan transformatorlarni mavsumiy o‘chirish ishlari olib borildi;

    5.    Binolarning termo izolyasiyasi yaxshilandi;

    6.    Podstansiya hududini yorituvchi projektorlar energotejovchisiga almashtirildi;

    7.    Elektr energiyasi hisoblagichlari o‘z vaqtida davlat standartidan o‘tkazilib kelinmoqda;

    8.  Kuchlanishi 220–500 kV bo‘lgan podstansiya binolarining yoritish chiroqlari, kuning normal ob-havo sharoitida konditsioner va isitish qozonlarini o‘chirish ishlari olib borildi;

    9.    Bino-inshootlaridagi yoritish chiroqlari zamonaviy energotejovchisiga almashtirildi;

    10.  Kuchlanishi 500 kV bo‘lgan jami 7 ta podstansiyalariga quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatildi.

  Natijada texnologik sarflar miqdori reja (me'yor)ga nisbatan kamaytirilishiga, ya'ni tejab qolinishiga erishildi.      

  7-savol: «O‘zbekiston MET» AJ qariyb 5 ming kishi mehnat qilayotgan yirik jamoa. Ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyalash, xavfsiz ish o‘rnini yaratish, salomatligini ta'minlash, malakasini oshirish, oylik maoshlari va boshqa ustamalarni oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? (dalil va raqamlarda, statistik taqqoslash)

  “O‘zbekiston MET” AJ tomonidan mehnat sharoitlarini yaxshilash, xavfsiz ish o‘rnini yaratish, salomatligini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentyabrdagi “Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 263-sonli Qaroriga asosan ish o‘rinlari mehnat sharoitlari va asbob uskunalarni jarohatlash xavfliligi baholash maqsadida shahodatlash ishlari amalga oshirilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Ish beruvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga asosan “O‘zbekiston MET” AJ sug‘urta qilingan.

  “O‘zbekiston MET” AJ tomonidan filiallarda xavfsiz ish sharoitlarini yaxshilash, xodimlar bilan ishlashni tashkil qilish, jarohatlanishlarni oldini olish maqsadida 1-iyuldan 1-avgustgacha xavfsizlik texnikasi bo‘yicha Respublika ko‘rik oyligi o‘tkazildi va OAVda yoritib borildi. Ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida Magistral elektr tarmoqlari filiallariga turli kuchlanishlar uchun 245 ta izolyasiyalangan shtangalar, turli kuchlanishlar uchun 161 dona ko‘chma yerga ulagichlar, 48 dona 220 kVli kuchlanish ko‘rsatkichi (UVN-220 kV), 410 dona himoya kaskasi, 20 dona izolyasiyalangan gilam (kovrik), 88 dona 3 metrlik narvon, 93 dona 5 metrlik narvonlar bilan ta'minlanib, hududlarga yetkazildi.

  Shuningdek, magistral elektr tarmoqlari filiallarining ishchi-xodimlari bosqichma-bosqich belgilangan me'yorlarga asosan belgilangan muddatlarda yozgi va qishki maxsus kiyim-bosh va poyabzal bilan ta'minlanib kelinmoqda.

  “O‘zbekiston MET” AJ va O‘zbekiston energetika hodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida 2019–2021-yillar uchun Aksiyadorlik jamiyati oldida turgan vazifalarni hal qilishda ijtimoiy sheriklik tamoyili ostida konstrutiv hamkorlikni ta'minlash va bozor munosabatlari sharoitida tarmoq mehnatkashlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida tarmoq kelishuvi tuzilgan. Ushbu hujjat mehnat va ishlab chiqarish munosabatlarini, mehnatni muhofaza qilish masalalarini tartibga soluvchi hamda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy kafolatlar bilan ta'minlovchi Jamiyat miqyosidagi me'yoriy hujjat hisoblanadi.

  Jamiyat tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarda ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlar kasaba uyushma tashkilotlari saylanma organlarining fikrini inobatga olgan holda nazorat-reja ko‘rsatkichlari shakllantiriladi.

  Jamiyatning ishchi-xodimlari va ularning oila a'zolariga madaniy-ma'rifiy, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun zarur bo‘lgan dam olish maskanlarini va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlarini bepul foydalanish uchun beriladi.

  Jamiyatda energetika tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha, ustivor vazifa va talablarga muvofiq aniq maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat rahbarlari va mutaxassislaridan iborat guruhlar yuqori tashkilotlar (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi va boshqalar) hamda Jamiyatimiz xodimlardan tuzilib, turli o‘quv markazlariga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun muntazam ravishda yuboriladi. Har yili oliy o‘quv yurtlarida energiya tizimi uchun energetika mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanadi.

  2021-yilga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda umumiy ishlovchi xodimlar soni 4 720 ta va ish haqi fondi ijtimoiy soliqni hisobga olgan holda 215,6 mlrd.so‘m tashkil etmoqda.

  «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufida 90 o‘rinlik va ko‘p tarmoqli poliklinikasi mavjud bo‘lgan “Toshkent tibbiy sanitariya qismi” tibbiy muassasasi, 80 o‘rinli va ko‘p tarmoqli poliklinikasi mavjud bo‘lgan “Namangan tibbiy sanitariya qismi” muassasasi, Farg‘ona viloyatida joylashgan 114 o‘rinli “Nurafshon” sanatoriyasi, Qashqadaryo viloyatida joylashgan 20 o‘rinli “Azamat” sport-sog‘lomlashtirish markazi, Namangan viloyatida joylashgan 120 o‘rinli “Nurchi” dam olish uyi, Toshkent shahrida joylashgan 9 ta katta tennis kortlariga ega bo‘lgan “Uchqun” sport kompleksi va Toshkent viloyatining “Toshkent dengizi” suv havzasi qirg‘og‘ida joylashgan “Qaldirg‘och” dam olish maskani faoliyat yuritmoqda. Toshkent va Namangan tibbiy-sanitariya qismlarida, “Azamat” sport-sog‘lomlashtirish markazida Jamiyat xodimlari bepul va xodimlarning oila a'zolari 50 foizlik imtiyoz asosida, “Nurafshon” sanatoriyasi, “Nurchi” dam olish uyida Jamiyat xodimlari 30 foizlik va ularning oila a'zolari 50 foizlik imtiyoz asosida sog‘liklari tiklanib kelinmoqda. “Uchqun” sport kompleksida katta tennis bilan shug‘ullanishni xohlagan Aksiyadorlik jamiyati xodimlariga bepul va ularning oila a'zolariga 50 foizlik imtiyoz yaratib berilgan. 25 210 dan ortiq texnik va badiiy adabiyotlarga ega bo‘lgan 1 ta kutubxona xodimlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

  “O‘zbekiston MET” AJ va birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2019–2021-yillar uchun Jamoa shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unda juda ko‘p ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarni bajarilishi nazarda tutilgan.

  Xodimlar mehnat ta'tiliga chiqqanida sog‘liklarini tiklash uchun bir lavozim maoshidan mehnat ta'tiliga qo‘shimcha to‘lov beriladi.

  Pandemiya davrida COVID-19 kasalligiga chalingan xodimlarni sog‘ligini tiklashlari uchun Ish beruvchi va birlashgan kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarga dori-darmonlariga moddiy yordam ko‘rsatildi.

  Ikki va undan ortiq maktab yoshidagi farzandlari bo‘lgan yolg‘iz onalarni farzandlariga o‘quv-qurollari xarid qilib berildi. Murakkab jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish zarur bo‘lgan xodimlarni sog‘ligini tiklash uchun jarrohlik amaliyoti harajatlari qoplab berildi.

  Xodimlarga pensiyaga ketishi va yubiley yoshiga to‘lishi munosabati bilan bir martalik rag‘batlantiruv to‘lovlari beriladi. Bayram kunlari munosabati bilan Jamiyatning barcha xodimlariga rag‘batlantiruv puli berilyapti. Jamiyatning xodimlariga qishloq ho‘jalik mahsulotlari (kartoshka, piyoz va boshkalar...) xarid qilishga moddiy yordam ajratiladi.

  Jamiyatning xodimlariga har oyda ovqatlanish xarajatlarini qoplab beriladi. Yil yakunlari bo‘yicha, Jamiyatning foydasi hisobidan xodimlarga rag‘batlantirish puli berildi. Xizmat qilgan yillari uchun xodimlarga har oyda rag‘batlantiruv mablag‘lari beriladi.

  Mexnat muhofazasi bo‘yicha o‘quv seminarlar tashkil etildi. Xodimlar o‘rtasida kasb kasalliklarini oldini olish va xodimning sog‘ligiga shikast yetkazilishining oldini olish maqsadida ish joylarini shahodatlash o‘tkazildi. Va aniqlangan og‘ir va zararli ish o‘rinlarida mehnat qiladigan xodimlarga mehnat muhofazasi qonun hujjatlarida belgilangan me'yorlar asosida imtiyoz va kafolatlar belgilandi. Og‘ir va zararli mehnat sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatildi.

  Xodimlar maxsus kiyim, maxsus poyabzal, shaxsiy himoya vositalari va sut iste'mol qilinishi taqazo etadigan ishlar ro‘yxatiga asosan sut mahsulotlari bilan doimiy o‘z vaqtida ta'minlanmoqda.

  Xodimlar va ularning oila a'zolari Buxoro, Samarqand va Xiva tarixiy obidalariga turistik sayohatlarga olib borildi.

  Yil davomida madaniy-ma'rifiy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari, Spartakiadalar o‘tkazib kelindi. Shaxmat-shashka, voleybol, minifutbol, katta tennis va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Cho‘milish havzalariga biletlar berildi.

  Konsert zallariga, teatrlarga, istirohat bog‘lariga chiptalar bepul berildi. Bayramlar arafasida ommaviy bayram tadbirlari tashkil etilib kelindi.

  Jamiyat va Birlashgan kasaba uyushma mablag‘lariga Yozgi mavsumda xodimlarning 111 nafar farzandlari Bolalarni sog‘lomlashtirish lagerlariga yuborildi va maroqli dam olishlari tashkil etildi.

  8-savol: Davlat tashqi qarzi — Xalqaro moliyalash institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar va ularning natijadorligi qanday? Xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar Aksiyadorlik jamiyatining umumiy faoliyatida qanday samarali natijalarni ko‘rsatadi? (dalil va raqamlarda, statistik taqqoslash)

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bugungi kunda xalqaro moliya institutlari (XMI) va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XHMT) mablag‘lari ishtirokida salmoqli ishlar bajarilmoqda.

  Xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ–4937-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-yil davomida “O‘zbekiston MET” AJ tomonidan Davlat kafolati ostidagi tashqi qarzi mablag‘lari ishtirokida umumiy loyiha qiymati 601,7 mln. doll. bo‘lgan 5 ta yirik investitsiya loyihalar amalga oshirilmoqda.

  Investitsiya loyihalar doirasida XMI va XHMT mablag‘laridan 2020-yilda 43,9 mln. AQSh dollar mablag‘lar o‘zlashtirilgan bo‘lsa joriy yil yakuni bo‘yicha 107,4 mln. AQSh dollar (2020-yilga nisbatan qarib 2,4 marta ko‘proq) mablag‘lar o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

  XMI va XHMT mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalardan 2020-yil yakuni bo‘yicha “Taxiatosh IES" dan “Xorazm” PS orqali “Sarimoy” aholi yashash punktigacha (Xorazm viloyati) 220 kVli EUT qurilishi” investitsiya loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida umumiy uzunligi 340 km bo‘lgan 220 kVli havo liniyasi qurib foydalanishga topshirildi hamda “Xorazm” PSda joylashgan transformatorlarni yangisiga almashtirish hisobiga qo‘shimcha 150 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Bundan tashqari modernizatsiya loyihasi doirasida respublikamizda joylashgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarda olib borilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida jami 1142 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi.

  2021-yil yakuni bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan 500 kVli “G‘uzor-Regar” (L-507) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini tiklash” loyihasi bo‘yicha 64 km uzunlikdagi 500 kVli havo liniyasi qurib bitkaziladi va modernizatsiya loyihasi doirasida jami 1229 MVA qo‘shimcha quvvat yaratiladi.

  9-savol: Iste'molchilarni elektr ta'minotidan rozi qilish, ya'ni elektr energetika tarmog‘i barqaror faoliyat yuritishi uchun, «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyati va mutaxassislarining fikricha, qanday ishlarni amalga oshirish lozim? Umuman, elektr ta'minoti barqarorligiga putur yetkazayotgan omillarning ularning ahamiyatiga qarab sanab bering...

  Iste'molchilarni elektr ta'minotidan rozi qilish, ya'ni elektr energetika tarmog‘i barqaror faoliyat yuritishi uchun, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan tizimli ishlar tashkil etilgan. Bunga magistral elektr tarmoqlarini kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash ishlarini tizimli ravishda olib borish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, elektr tarmoqlarini raqamli transformatsiyasini amalga oshirish, avariyalarning oldini olish va iqtisodiy samara bilan faoliyat olib borishi uchun energotizimni dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirish, qo‘shni energotizimlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirgan holda chastotani rostlash, quvvat va elektr energiyasi tanqisligini oldini olish, elektr energiyasi eksporti va importini amalga oshirishga qaratilgan faoliyatni misol keltirish mumkin.

  Elektr ta'minoti bu shunday hodisaki, ham ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi ham iste'molchi tomonidan mas'uliyatni talab etadi. Mahsulotning alohida turi deb nomlanuvchi elektr energiyasigina iste'mol jarayonida boshqa iste'molchilarga yoki energotizimiga o‘z salbiy ta'sirini o‘tkaza oladigan yagona tovardir.

  Shu munosabat bilan, energotizim hamda magistral elektr tarmoqlari operatori sifatida iste'molchilardan quyidagilarni so‘rab qolardik:

  Avvalo bu yoritishda, istitishda, sovutishda, ovqat tayyorlashda yoki boshqa iste'molda bo‘ladimi — elektr energtiyasidan oqilona foydalanish va ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni;

  Milliy boylik timsoli bo‘lgan elektr tarmoqlari xo‘jaligini avaylab asrash — elektr tarmoqlari faoliyatiga o‘zboshimchalik bilan aralashmaslik, ularning tagida joylashgan ekin, xas-cho‘plarni yoqmaslikni;

    Elektr tarmoqlari himoya hududida bino va inshootlar qurmaslik.

  (Bu hol elektr tarmoqlarini joriy va mukammal ta'mirlashda va avariyaviy o‘chishlarni bartaraf etishda o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatib, uzoq muddatga katta hududlarni elektr ta'minoti cheklanishiga olib keladi).

  Foydalanilgan elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishlarini so‘rab qolar edik. Bu, o‘z navbatida, tarmoqlarning avariyasiz ishlashini, ularni kelgusi rivojlantirish ta'minlash imkonini yaratadi.

 

  https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/19581?single

  https://bugun.uz/2021/08/30/ozbekiston-qaysi-davlatlardan-elektr-import-qilishi-ochiqlandi

  https://nova24.uz/news/natsionalnye-elektricheskie-seti-nazvali-potrachennuyu-summu-na-remont

  https://nova24.uz/video/vyyasnilis-prichiny-chastyx-pereboev-s-elektrichestvom-v-uzbekistane

  https://nova24.uz/video/stalo-izvestno-kto-nesyot-otvetstvennost-za-prichinyonnyy-usherb-otklyucheniem-elektroseti

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>