Yoshlar siyosati
PREZIDENT: «Bunday azmu shijoatli, vatanparvar yoshlarimiz eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman!»
  • 13.08.2021
  • 1112

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boshlandi. Tantanali tadbirda davlatimiz rahbari nutq so‘zladi:

  "Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni O‘zbekiston milliy terma jamoasining Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ulkan, tom ma'noda tarixiy g‘alabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

  Albatta, barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda O‘zbekiston vakillarining har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.

  O‘z navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etdilar.

  Hyech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 - yillik shonli bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

  Olimpiadada sportchilarimiz yuksak shohsupalarga ko‘tarilib, 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar.

  Hammamizga ayonki, Olimpiya o‘yinlarida yer yuzining eng zo‘r, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi.

  Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning o‘zini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.

  Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – o‘ttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi o‘rinni egalladi. Bu chindan ham o‘zbek sporti tarixidagi ulkan natijadir."

 

 

   Davlatimiz rahbari Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga, ularning ota-onalariga minnatdorchilik bildirdi:

"Bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon o‘g‘lonlarimiz – Tokio Olimpiadasi g‘oliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi, albatta.

  Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz.

Ulug‘bek O‘zbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.

  Mahoratli polvonimiz Akbar Jo‘raevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini o‘rnatgani va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bag‘ishladi.

  Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz.

  Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tug‘ilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz.

  Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizg‘in qutlaymiz. Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman.

  Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan va'dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.

  Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritganlari bilan qutlaymiz.

  Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.

Mana shunday botir o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz".

 

 

  Prezidentimiz yangi O‘zbekiston sportchilari haqida:

  "Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan, ularga har tomonlama munosib bo‘lgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.

Bugungi kunda butun O‘zbekiston sizlar kabi bahodir o‘g‘lonlarini olqishlamoqda, jahon ahli sizlarga tan bermoqda.

  Men doimo bir fikrni takrorlashdan charchamayman. Biz o‘zimizning halol mehnatimiz, aql-zakovatimiz, qat'iyat va irodamiz bilan dunyo ahli bizni tan olishi, e'tirof etishiga erishishimiz kerak.

  Yangi O‘zbekistonni yangi g‘alabalar bilan butun dunyoga tanitayotgan sportchilarimizning beqiyos yutuqlari mana shu yo‘lda yana bir muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Bunday azmu shijoatli, vatanparvar yoshlarimiz eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman".

  Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimizning muvaffaqiyatiga xizmat qilgan omillar to‘g‘risida:

"Bu yilgi Olimpiya o‘yinlari qanday qiyin va murakkab vaziyatda o‘tganini albatta barchamiz yaxshi bilamiz.

Jahon miqyosida davom etayotgan pandemiya, avvalo, sportchilar uchun kutilmagan jismoniy va ruhiy muammolarni keltirib chiqardi.

Mavjud sharoitdan kelib chiqib, ko‘plab musobaqalar muxlislar ishtirokisiz o‘tdi. Bunday holat ham Olimpiada tarixida avvallari hyech qachon kuzatilmagan hodisadir.

Ana shunday o‘ta og‘ir vaziyatda O‘zbekiston sportchilari faqat g‘alaba sari intilib, haqiqiy mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlariga barchamiz guvoh bo‘ldik.

  Farzandlarimiz ona xalqimizning mehri va ishonchi, millionlab muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini har daqiqa yurak-yurakdan his etib turdilar va bu ularga cheksiz kuch va madad berdi.

  Fursatdan foydalanib, Tokiodagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, barchamizga hayajonli va unutilmas damlarni taqdim etgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining barcha a'zolari va ustoz-murabbiylarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Albatta, erishilgan natijalarda Olimpiya o‘yinlariga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, buning uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

  Ana shunday e'tibor tufayli O‘zbekiston vakillari 17 ta sport turi bo‘yicha 71 ta olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlari ham milliy sportimiz tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir".

Prezident Shavkat Mirziyoev yurtimizda ayollar sporti ham jadal rivojlanayotganini qayd etdi:

  "Yana bir muhim jihati – ayollar o‘rtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan katta ishlarimiz ijobiy natija bermoqda. Buni 28 nafar sportchi xotin-qizlarimiz Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani ham tasdiqlaydi.

Ta'kidlash kerakki, bu mustaqil O‘zbekiston tarixidagi rekord natijadir.

Bokschi qizlarimiz ilk bor Olimpiadaga 3 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Natijada boks bo‘yicha jami litsenziyalar soni 11 tani tashkil etdi.

Ushbu Olimpiya o‘yinlarida faqat uchta davlat shuncha bokschi bilan ishtirok etganini hisobga olsak, bu ham albatta alohida e'tiborga loyiq ko‘rsatkich.

Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Bularning barchasi O‘zbekistonda olimpiya harakati tobora rivojlanib, yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

  Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Tokio Olimiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz ta'lim olgan maktab va oliy o‘quv yurtlarida, voyaga yetgan mahallalarda ularning ibratli faoliyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi".

 

 

 Prezident Shavkat Mirziyoev ko‘p yillar davomida sport gimnastikasi bilan shug‘ullanib, xalqaro miqyosda shuhrat qozongan ajoyib sportchimiz – Oksana Chusovitinaning xizmatlarini alohida hurmat bilan tilga oldi.

  Chusovitinaning ilk Olimpiadasi 1992- yilda Barselona shahrida o‘tgan. O‘shandan buyon u Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini uzluksiz va ketma-ket sakkiz marta qo‘lga kiritdi. Bu jahon sportida haqiqatdan betakror holat bo‘lib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

  Oksana Aleksandrovnaning navbatdagi ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqyeasi sifatida e'tirof etildi. Dunyo hamjamiyati Oksananing chiqishini katta zavq va hayajon bilan kuzatar ekan, Chusovitinaning matonatiga, o‘z ishiga bo‘lgan sadoqatiga tan berdi, dedi davlatimiz rahbari.

"Hayotini sportga, bunday yirik musobaqada muvaffaqiyatga erishishdek maqsadga bag‘ishlash uchun zo‘r iroda va fidoyilik kerak, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

   Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning mardligi, g‘alabaga bo‘lgan qat'iy intilishi yosh sportchilarimiz uchun muvaffaqiyat va shuhrat qozonishning o‘ziga xos ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda", - dedi Prezident. 

 

 

Davlatimiz rahbari ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berilganini ma'lum qildi.

  Prezidentimiz Oksana Chusovitina murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borib, sport gimnastikasi bo‘yicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

  Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berildi.

  "Hurmatli Oksana Aleksandrovna, Vatanimizga bo‘lgan mehringiz va sadoqatingiz, sportdagi fidoyiligingiz, bukilmas iroda va matonatingiz uchun sizga yana bir bor katta minnatdorchilik bildiraman", - dedi Prezidentimiz.

Prezident sportimizning Olimpiya o‘yinlarida kashf etilgan yangi yulduzlari haqida:

"Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi iste'dod sohiblarini, yangi O‘zbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini ta'kidlash lozim.

  Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining munosib farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor bo‘ldi.

Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo o‘yinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-o‘rinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini mag‘lub etdi.

Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya o‘yinlarida yanada faol ishtirok etib, o‘zining tirishqoqligi bilan O‘zbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi.

O‘n to‘qqiz yoshli Kumushxon Fayzullaeva esa 76 kilogrammgacha vazn toifasidagi qizlar o‘rtasida og‘ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida e'tirof etildi.

Ta'kidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ladi.

  Shuningdek, umidli bokschimiz Tursunoy Rahimova hamda Olimpiada o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha yangi rekordni o‘rnatgan qizimiz Muattar Nabievaning chiqishlari ham hyech kimni befarq qoldirmadi.

  Hyech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e'tibor va amaliy g‘amxo‘rlik natijasidir.

Hurmatli do‘stlar, mana, ko‘rib turibsizlar – O‘zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz.

  Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq g‘ayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan o‘tib ketadi".

Prezidentimiz olimpiya terma jamoamiz a'zolarini rag‘batlantirish to‘g‘risida:

  "Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘zi katta sharaf va mas'uliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha og‘ir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan o‘tish talab etiladi.

Bu gal omadi kelmagan sportchilarimizga qarata, ruhingiz tushmasin, kelgusi safar baxt sizlarga albatta kulib boqadi, deb ishonch bildirmoqchiman.

  Ular ham keskin bahslarda g‘ayrat va shijoat bilan kurash olib borib, katta sinovlarda o‘z salohiyatini namoyon etganlari biz uchun muhimdir. Shuning uchun ularni ham g‘oliblar qatorida ko‘rib, chin dildan olqishlaymiz.

Biz Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlari, ularning trenerlari hamda barcha ishtirokchilarni munosib taqdirlashga qaror qildik.

  O‘zbekistonda Olimpiada oltin medali sohiblari – 200 ming AQSh dollaridan, bronza medali egalari – 50 ming AQSh dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilganidan xabaringiz bor, albatta.

  Bugun g‘olib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik ko‘rsatgan To‘lqin Qilichev, Pavel Xan, Farhod Mirzajanov, Nurali Qobulov, Muzaffar Abdurahmonov kabi tajribali murabbiylarning nomlarini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

  Biz Olimpiya chempionlarining trenerlarini – 40 ming AQSh dollaridan, bronza medal sohiblarining murabbiylarini 20 ming AQSh dollaridan mukofotlashni lozim deb topdik.

  Agar Olimpiadada ishtirok etgan har bir sportchi ko‘p yillik og‘ir tayyorgarlik jarayonidan o‘tishini ko‘z oldimizga keltirsak, ular ham bugun g‘oliblar qatorida taqdirlanishga munosib ekaniga amin bo‘lamiz.

Shuni hisobga olgan holda, bu sportchilarimizning har birini 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirishga qaror qildik".

Davlatimiz rahbari Tokio Olimpiadasida erishilgan yutuq va yo‘lga qo‘yilgan kamchiliklarni sarhisob qildi:

"Shu o‘rinda Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha sezilarli natijaga erisha olmaganimizni ochiq tan olishimiz kerak. Bu hol mutasaddi rahbarlarni jiddiy o‘ylantirishi zarur.

  Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi, faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o‘ylasa, adashadi. Bilib qo‘yinglar, bu – mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv.

  Bo‘lg‘usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish asosiy maqsadimiz bo‘lishi zarur.

  Shu maqsadda sport menejmenti bo‘yicha nufuzli xalqaro kompaniyalardan birini jalb etgan holda, mamlakatimizda ushbu sohada boshqaruv tizimining har bir bo‘g‘inini auditdan o‘tkazish maqsadga muvofiq.

  Abduhakimov Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar audit natijalariga asosan jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqib kiritsin".

 

 

Prezident Shavkat Mirziyoev navbatdagi Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida:

  "Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor.

  Har bir hudud kesimida Olimpiada o‘yinlariga hozirlik ko‘rish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak.

  Sport ta'lim muassasalarida Paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qo‘shimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkin.

  Sportchilarni o‘qitishda ota-onalar tomonidan pul to‘lash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy ta'lim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak.

  Shu o‘rinda katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham o‘zini oqlamayotganini ochiq aytishimiz kerak.

  Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy e'tibor qaratadigan payt keldi.

 Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak".

  Davlatimiz rahbari sport maktablari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida:

  "Bugungi kunda respublikamizda 329 ta sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

  Ularda 13 ming nafardan ziyod trenerlar qo‘l ostida 328 mingdan ortiq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanmoqda.

  Biroq ana shu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat ko‘rsatmayapti. Aksariyat sport maktablaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagani ham fikrimizning dalilidir.

   Holbuki, olimpiya zaxiralari kollejlarida 7 ming nafar bola ta'lim olmoqda. Ularning o‘qishi uchun byudjetdan qancha mablag‘ beriladi. Lekin ularning orasida atigi 70 nafari Olimpiada qatnashchisi bo‘lishi – bu albatta qoniqarsizdir.

  Shuning uchun 2021- yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish lozim.

  Bunda sport maktablari tomonidan har yili “sport ustaligiga nomzod”, “sport ustasi”, “xalqaro toifadagi sport ustasi” kabi razryad va unvonlarga ega bo‘lgan sportchilarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratiladi.

Ushbu tizim orqali sport maktablarining reytingi yuritiladi va ularning faoliyatiga shu asosda baho beriladi".

 

 

 Prezident milliy chempionatlar saviyasi va sportchilarni tayyorlash tizimini yaxshilash vazifasini qo‘ydi:

  "Sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

  Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari o‘tkazilmasdan, faqatgina ma'lum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yo‘q.

Sport yo‘nalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish talab etiladi.

  A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini o‘tkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.

  Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta'minotini yaxshilash, bunda ilg‘or xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo‘llash muhim hisoblanadi.

  Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy ta'sir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar ro‘yxati hamda optimal ovqatlanish ratsionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim.

Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida e'tibor qaratish juda muhim.

Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, o‘ziga ishonchi qanchalik kuchli bo‘lsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi bo‘ladi.

Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va dietologiyasi bo‘limlarini tashkil etish lozim".

  Prezident Shavkat Mirziyoev Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini rag‘batlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish zarurligini qayd etdi:

  "O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon musobaqalarining g‘olib va sovrindorlarini hamda ularni ana shu musobaqalarga tayyorlagan murabbiylarni ham rag‘batlantirishni kengaytiramiz.

  Bunda oltin medal sovrindoriga – 3 ming dollar, treneriga – 2 ming dollar, kumush medal sohibiga – 2 ming dollar, treneriga 1 ming dollar, bronza medali uchun – 1 ming dollar, treneriga – 500 dollar miqdorida mukofot puli beriladi.

  Bundan tashqari, nufuzli xalqaro chempionatlar g‘oliblarining ustozlari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari bilan taqdirlanadi.

  Abduhakimov, Ishmetov Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda sportni moliyalashtirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib, uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish yuzasidan taklif kiritsin.

  Bunda ushbu jarayonning shaffof bo‘lishi hamda sarflangan mablag‘larning natijadorligiga, iqtidorli sportchilarni tayyorlagan birinchi trenerlarni ham moddiy rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilsin".

  Davlatimiz rahbari sport sohasini raqamlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash borasidagi vazifalarni belgilab berdi:

"Hududlarda iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda O‘zbekiston chempionatlarini tashkil etish ishlarini to‘liq raqamlashtirish zarur.

Bu, o‘z navbatida, olimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarga sportchilarni jalb qilish tizimini adolatli tashkil etishga xizmat qiladi.

  Sodiqov, Abduhakimov yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Olimpiya zaxiralari sport platformasini ishga tushirsin.

  Biz Olimpiya va Paralimpiya zaxiralarini tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratish va 2024 yilgacha sport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturini amalga oshiramiz.

  Sport muassasalaridagi eskirgan jihozlarning qariyb 50 foizi yangilanadi.

  Hozirgi vaqtda 2025- yili Toshkentda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil et ish maqsadida “Olimpiya va Paralimpiya shaharchasi”ni barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda.

Ushbu shaharcha hududida boks, sport kurashlari, suv sporti, eshkak eshish kabi federatsiyalar uchun ham tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.

  Ishonamanki, eng zamonaviy sharoit va texnologiyalarga ega bo‘ladigan mazkur inshoot O‘zbekistonning sport sohasidagi yangi qiyofasini o‘zida mujassam etadigan yirik majmua bo‘ladi".

Prezident Shavkat Mirziyoev paralimpiyachilarimizga bo‘lajak musobaqalarda omad tiladi:

  "Keyingi yillarda mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishini ta'minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.

  Biz bundan buyon Olimpiya va Paralimpiya sportini yaxlit bir tizim sifatida ko‘ramiz, ular uchun keng sharoit va imkoniyatlar hamda rag‘batlantirish tizimini yaratamiz.  

  Xabaringiz bor, 24- avgust kuni Tokioda yozgi Paralimpiya o‘yinlari boshlanadi. Ushbu nufuzli musobaqada ham vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz sha'nini munosib himoya qiladilar, deb ishonamiz.

Bugungi tantanali marosimda bir guruh paralimpiya sportchilarimiz ham qatnashmoqda.

Fursatdan foydalanib, bo‘lg‘usi musobaqalarda ularning barchasiga omad va zafarlar tilab qolamiz".

  Davlatimiz rahbari olimpiyachilarimizga murojaat qilib, ular erishgan yutuqlar bilan cheklanmasdan, bu boradagi shonli an'analarimizni munosib davom ettirishi va jahondagi eng nufuzli musobaqalarda yangi O‘zbekistonimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishiga ishonch bildirdi.

  Ayni vaqtda Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari tantanali ravishda topshirilmoqda.

Manba:  https://t.me/Press_Secretary_Uz

https://t.me/Press_Secretary_Uz/510

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>