OAV va jamoatchilik bilan ishlash
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning 2021-yil 1–5-iyun kunlari Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPXIF) doirasidagi xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvi natijalari bo‘yicha hisoboti
  • 06.06.2021
  • 387

  1-kun (2021-yil 1-iyun sanasi):

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov hamda Boshqaruv raisining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari F.M.Qurbonov 2021-yil 1-iyun kuni tunda O‘zbekiston havo yo‘llarining Toshkent–Sank-Peterburg yo‘nalishidagi reysi orqali  Sank-Peterburg shahriga yetib bordi.

  2-kun (2021-yil 2-iyun sanasi):

  Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablarini hisobga olgan holda, Tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan qat'iy tartibli dastur asosida, koronavirus infeksiyasining (COVID–19) tarqalishining oldini olish bo‘yicha xavfsizlik choralariga rioya qilingan holda tashkil etilgani bois Forumning birinchi kuni tashkiliy masalalarni hal etish ishlari bilan o‘tdi. Jumladan, Tashkiliy qo‘mitaning maxsus https://roscongress.org elektron platformasi orqali “COVID–19” yuqumi kasalligiga O‘zbekistonda topshirilgan tahlil natijalari biriktirilib, so‘ngra Sank-Peterburg shahrida topshirilgan test tahlillari natijalari kiritilib, elektron platformadan ID raqamlar olindi. ID raqam tashkilotchilar tomonidan maxsus tekshiruvdan o‘tganidan so‘ng Forum maydoniga kirishga maxsus ruxsatnoma — beyjik olindi.

  Kunning ikkinchi yarmida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati vakillari Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish institutiga (PEIPI) tashrif buyurdi. Institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi — o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor V.V.Starovoytenko hamda pedagogik jamoa bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv chog‘ida 2021-yil 15-mart kuni Toshkent shahrida institutning sobiq rektori, professor A.N.Nazarichyov va Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov tomonidan imzolangan malaka oshirish ishlari bo‘yicha 3 bosqichli hamkorlik memorandumining barcha bandlari qayta ko‘rib chiqildi, tuzatish va qo‘shimchalar kiritildi. Uchrashuv davomida muhokama etilgan masalalar xulosasiga ko‘ra Memorandumga ilova tarzda biriktiriladigan ish rejasi — “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Tashrif chog‘idagi kelishuvlarga binoan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining o‘rta bug‘in rahbar kadrlaridan iborat bir guruh mutaxassislar Sankt-Peterburg shahriga malaka oshirish uchun yuboriladi.

  3-kun (2021-yil 3-iyun sanasi):

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining ochilish marosimida ishtirok etishdi.

  So‘ngra Forum doirasida sessiyalarga bo‘lib o‘tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda ishtirok etildi, dunyoning yetakchi davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislarning ma'ruzalari tinglandi. Forum maydonidagi energetika soha tashkilotlarining taqdimotlarida ishtirok etildi.

  Misol uchun, Forum doirasida 2002-yilda tashkil etilgan «Global energiya» assotsiatsiyasining 2003-yildan buyon dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlari sazovor bo‘lgan xalqaro energetika mukofoti lauriyatlari amalga oshirgan ishlar bo‘yicha taqdimoti namoyish etildi. «Yashil energiya»ni rivojlantirishga qaratilgan kompleks ishlarni amalga oshiruvchi mazkur assotsiatsiyaning 2020-yildagi mukofot fondi 39 million rossiya rubli darajasiga chiqqani Forumda alohida e'tirof etildi. 2021-yilgi mukofot sohibini, mavjud an'anaga ko‘ra, dunyoning 14 ta davlatida yashab izlanishlar olib boradigan 20 nafar obro‘li soha mutaxassislari — olimlar aniqlaydi.

  Kunning ikkinchi yarmida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov “Janubiy Ural armatura va izolyator zavodi” AJ strategik loyihalar departamenti boshlig‘i Roman yelovenko bilan uchrashdi.

  2021- yil 5-6-aprel kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Inno Prom” sanoat ko‘rgazmasi doirasida «Janubiy Ural armatura va izolyator zavodi» AJ bilan dastlabki hamkorlik kelishuvlari o‘zbekistonlik mutaxassislarni Rossiyaning mazkur kompaniyasi tasarrufidagi amaliy mashg‘ulot kurslarida o‘qitib, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini ekspuatatsiya qilish va rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan mutaxassislarga yangi turdagi izolyator va boshqa elektr qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha malaka oshirish amaliyotlarini o‘z ichiga olgandi. Endi esa, Forum doirasidagi uchrashuvlarda, xorijiy hamkor vakili ayni paytda zavod tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi izolyator hamda elektr tarmoqlari tayanch ustunlari boshqa jihozlarining afzalliklari, chidamliligi haqida to‘liq ma'lumot berib, Hukumatlararo kelishuvlarga asosan e'lon qilinayotgan tender savdolarida ishtirok etish istagini bildirdi.

  «Janubiy Ural armatura va izolyator zavodi» AJ Strategik loyihalar departamenti boshlig‘i Roman yelovenkoga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining uzbekistonmet.uz veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida tanlov va tender e'lonlari berib borilayotgani, taklif etilayotgan elektr jihozi va qurilmalariga O‘zbekistonda mavjud standart talablarga muvofiq sertifikatlar taqdim etilib, amaldagi qonunchilik asosida qurilish-montaj ishlarida ham hamkorlikni davom ettirish mumkinligi bildirildi.

  Shuningdek, Forumning uchinchi kunida Rossiya Federatsiyasi elektr energetika ish rejimini muvofiqlashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tahlil markazi — «Yagona energetika tizimining ilmiy-texnik markazi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori V.V.Kritskiy hamda Ilmiy-texnik markazning Rele himoyasi va avtomatika boshqarmasi boshlig‘i A.A.Lisitsûn bilan dastlabki tanishuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar elektr ta'minoti tizimida barqaror ish rejimini saqlash, jumladan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Markaziy dispetcherlik markazi (MDM) faoliyati, Markaziy Osiyo davlatlari elektr ta'minoti tizimini muvofiqlashtirish markazi faoliyati, Markazning xuddi shu kabi funksiyalarini bajaruvchi Rossiya Federatsiyasida tuzilmalar ish tartibi, mutaxassislarning malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish, energetika sohasiga tatbiq etilayotgan raqamli texnologiyalarning yangi standartlariga moslashish, yuzaga kelayotgan jiddiy muammolarga yechim topish kabi masalalar muhokama etildi.

  Bosh direktori V.V.Kritskiy soha yo‘nalishida olib borilgan tadqiqotlar jamlanmasini elektron shaklda taqdim etdi va ushbu taqdimot materiallari o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganilganidan so‘ng ikki tomon mutaxassislariga seminar shaklidagi uchrashuv tashkil etish taklifini bildirdi. Taklif «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov tomonidan iliq kutib olindi.

 4-kun (2021-yil 4-iyun sanasi):

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ishtirokida o‘tgan sessiya yig‘ilishida ishtirok etdi.

  Sessiya ishi yakunlangach, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati hamda Rossiya Federatsiyasining «Rosseti» aksiyadorlik kompaniyasi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

  Mazkur hujjat Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va «Rosseti» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Andrey Ryumin tomonidan imzolandi.

  O‘zbekiston magistral elektr tarmoqlari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish — imzolangan “Yo‘l xaritasi”ning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi va u avval imzolangan Bitimning chora-tadbirlar rejasi hisoblanadi.

  2020-yilning oktyabr oyida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya hukumatlararo komissiyasining 21-yig‘ilishi doirasida «Rosseti» AK va «O‘zbekiston MET» AJ o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Unda O‘zbekistonning elektr tarmoqlari infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan sohada ilg‘or texnologik yechimlar — raqamli texnologiyalarni joriy etish, bundan tashqari, O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqishda qo‘shni davlatlarning energetika tizimlari joylashuvi va istiqboldagi rivojini hisobga olish bo‘yicha zarur ma'lumotlarni tahlil etish kabi amaliyotlarda yaqin hamkorlikni amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi.

  5-kun (2021-yil 5-iyun sanasi):

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov va Boshqaruv raisining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari F.M.Qurbonov 2021-yil 5-iyun kuni “Aeroflot” kompaniyasining reysi bilan Sank-Peterburg–Moskva, “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasining reysi bilan Moskva–Toshkent yo‘nalishida parvoz qilib, O‘zbekistonga qaytdi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning 2021-yil 1–5-iyun kunlari Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPXIF) doirasidagi xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvi Axborot xizmati tomonidan yoritib borildi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPXIF) doirasida uchrashgan xorijiy hamkorlar haqida ma'lumot

  Andrey Valerevich Ryumin, «Rosseti» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori;

  Viktor Valentinovich Starovoytenko, Peterburg energetika malaka oshirish institutiga rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi — o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor;

  Roman Yelovenko, “Janubiy Ural armatura va izolyator zavodi” aksiyadorlik jamiyati Strategik loyihalar departamenti boshlig‘i;

  Viktor Anatolevich Kritskiy, «Yagona energetika tizimining ilmiy-texnik markazi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori («НТЦ ЕЭС» — Противоаварийная автоматика );

  Lisitsin Andrey Andreevich, Yagona energetika tizimining ilmiy-texnik markazi» aksiyadorlik jamiyati Rele himoyasi va avtomatika boshqarmasi boshlig‘i («НТЦ ЕЭС» — Противоаварийная автоматика ).

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>