OAV va jamoatchilik bilan ishlash
“ENERGO-IT” filiali: “Bolalar ijodi” ko‘rgazmasi g‘oliblariga istirohat bog‘i chiptalar tarqatildi
  • 01.06.2021
  • 364

  Bugun 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Ushbu sana tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, kishilik jamiyati yil taqvimidagi bir kunni “bolalarni himoya qilish kuni” deb belgilash kerakligi haqidagi qarorga kelganiga bir asr vaqt ham bo‘lgani yo‘q...

  Aniqrog‘i, 1949-yilda Parijda ayollarning Xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tadi. Bu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta'minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior yangradi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha mitti bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylanib qolgan edi. 1950-yildan e'tiboran 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi.

  1989-yilda BMT Bosh Assambleyasi bolalar huquqlari to‘g‘risida Konvensiya qabul qildi. Unda butun dunyo mamlakatlari bolalar huquqlarini himoya qilishi lozimligi haqida xalqaro talab va takliflar yozilgan.

  Dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari va shaharlarida bu bayram bolalar huquqlari va ularni himoya qilish haqida turli suhbatlar va ma'ruzalar o‘tkazish bilan nishonlanadi. Shuningdek, mazkur sanada turli-tuman quvnoq va madaniy ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari, konsertlar o‘tkaziladi. An’anaga ko‘ra, shu kuni og‘ir bemor, davolanishga muhtoj va nogiron bolalar uchun xayriya aksiyalari va tadbirlar tashkil qilinadi.

  Bolalarni himoya qilish kuni bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini muammoli bolalarga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlariga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga qaratishdir.

  Bir so‘z bilan aytganda, Xalqaro bolalarni himoya qilishi kuni bolalarni parvarishlash va ularning huquqlarini himoyalashga bag‘ishlangan bayramdir. MDH va boshqa bir qator mamlakatlarda ushbu bayram 1-iyunda, BMT tavsiyasi bilan esa 20-noyabrda nishonlanadi.

  Inson borki, oilasi, farzandi uchun yashaydi, dilbandlariga umrini baxshida etadi. Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “ENERGO-IT” filiali kasaba qo‘mitasi tomonidan 1-iyun — “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Bolalar ijodi” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada korxona xodimlarining farzandlari o‘zining ijodiy ishlari bilan qatnashdilar. Bolajonlar maktabdagi texnologiya fanidan, bundan tashqari, turli to‘garaklarda o‘rganganlarini ota-onalari, aka-uka, opa-singillari yordamida ro‘yobga chiqarishdi. Ko‘rgazmaga qo‘l mehnatidan foydalanib tayyorlangan rassomlik, tikuvchilik, to‘quvchilik, duradgorlik ishlari namunalarini taqdim etishdi.

  Ko‘rgazmada faol ishtirok etgan bolalarga filial tomonidan istirohat bog‘lariga chiptalar tarqatildi.

 

Aziz bolajonlar!

Vatanimiz erkalari, quvnoq avlodi!

Siz bor-ki, hayotimizda mazmun mujassam! Siz bor-ki, yaxshi kunlar — to‘ylar, bayramlar yarashadi! Jonajon yurtimizning yanada nurafshon kelajagi — Sizning qo‘llaringizda!

Bilingki, biz barchangizni yaxshi ko‘ramiz!

Bayram muborak, Aziz bolajonlar!

 

Hurmat bilan,

“ENERGO-IT” filiali kasaba qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti

 

"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>