OAV va jamoatchilik bilan ishlash
O‘ZBEKISTON YOSHLARI — YANGI RENESSANS BUNYODKORLARI
  • 27.05.2021
  • 1287

Endi men ham “Ustoz”man!

  Ishoning, men bu so‘zlarni katta iftixor bilan aytib turibman! Chunki o‘zim ham o‘qituvchilar oilasida voyaga yetganman va USTOZ degan so‘zning qiymatini juda yaxshi his qilaman. Atoqli shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning shu yo‘sindagi go‘zal misralari bor:

Shoirga dedilar: “Siz baxtli inson,

El-yurt ardoqlaydi, hamma taniydi!”

Shoir javob qildi: “Menda bir armon –

Muallim desalar meni, qaniydi!..”

  Mana shunday bitiklarni o‘qib, ko‘nglimiz havaslanib turgan bir paytda mamlakatimiz Rahbari tomonidan chiroyli tashabbus o‘rtaga tashlandi va yurtimizdagi mavjud barcha maktablarga ijod ahli — shoir-u yozuvchilar, mohir jurnalistlar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida biriktirildi. Bugun men ham mana shu ulug‘ Safdaman!

 Maktab — TARBIYA maskani hamdir

  Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 85-sonli umuta'lim maktabi — bugun, shartli ravishda, mening ikkinchi ish joyim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan ushbu maktabga targ‘ibotchi sifatida kirib borar ekanman, dastlab ko‘nglimni allanechuk tuyg‘ular qamrab oldi. Yugurib yurgan bolajonlar qiyofasida jajji Orifbekni tasavvur etgan bo‘lsam ne ajab?!.

  Mehribon o‘qituvchilar ko‘magida o‘quvchi-yoshlarni jamlab, ular bilan suhbat o‘tkazdim va dastlab qiziqishlariga quloq tutdim. Meni xursand qilgan narsa shu bo‘ldiki, jamlangan yoshlar orasida o‘z kelajagiga loqayd bo‘lganlarni uchratmadim. Unisi san'at olamidan so‘z boshlasa, bunisi o‘z ijodiy mashqlarini o‘qib berishga oshiqadi. Yana biri xonanda bo‘lishni ko‘ngliga tukkan bo‘lsa, yana birisi mo‘yqalam sohibi bo‘lish ishtiyoqida. Hattoki, o‘zining she'rlarini jamlab, kitob holida chop etish istagida bo‘lganlari ham yo‘q emas ekan.

  Maktab direktori Mavjuda opa Ibragimovani qachon qaramang kuyunchak ko‘ngli bilan bir masalaning muhokamasida uchratasiz. Yoki bo‘lmasa o‘rinbosar va o‘qituvchilarni jamlagan holda ta'lim va tarbiyaga oid oldindagi muhim vazifalar haqida bahslashib turgan bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, maktab nafaqat ta'lim dargohi, balki tarbiya maskani hamdir. Shu maqsadda maktabga ota-onalar tez-tez jalb etilib, asosiy e'tiborda bo‘lishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama qilib borilar ekan. Mening dastlabki ish kunlarimdan biri ota-onalar majlisiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yig‘inda men ham ishtirok etib, jonkuyar murabbiylarning fikr-mulohazalariga quloq tutdim... va o‘zimning o‘quvchilik yillarim bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tdi.

Ustoz dakkisining “ortidan tushmang”

  Mening o‘quvchilik davrim mustaqillikning dastlabki yillarida o‘z poyoniga yetgan edi. U mahalda maktablarda erkak o‘qituvchilarning ko‘pligi va muallimlarning har bir pand-nasihati o‘quvchilar tomonidan ota-ona dashnomi singari qabul qilinishi bor gap edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda ba'zi ota-onalar ustozlarning tarbiya yo‘lida bergan dakkisi “ortidan tushib”, go‘yoki o‘zini o‘ta bolajon ko‘rsatgan holda muallimga achchiq-chuchuk gap-so‘zlarni aytib ketayotganini kuzamoqdamiz. Bu achinarli ahvol, aslida. Har bir o‘quvchi maktabdagi barcha murabbiylar uchun o‘z bolasi kabi aziz ekanligini aslo unutmasligimiz kerak. Har tongda jondan aziz farzandlarimizni tahsil uchun ushbu muallimlar ixtiyoriga yo‘llar ekanmiz, nega endi tarbiyasi yo‘lidagi jonkuyarligiga to‘g‘anoq bo‘lishimiz kerak? Bu savolni hammamiz o‘zimizga bergan holda o‘sha murabbiy o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘raylik, shunda masala oydinlashadi, nazarimda.

Targ‘ibotchi kim aslida?

  Mayli, mavzudan olislab ketmaylik... Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi zimmasiga yuklatilgan vazifalarga qaytamiz. Bir so‘z bilan aytganda, ijodkor ahli ham murabbiy, aslida. Adabiyot degan so‘zga o‘z nomidan kelib chiqib ta'rif keltiradigan bo‘lsak adab ulashish, odob-axloqqa chorlash degan ma'no anglashiladi. Demak, biz ijodkorlar ham barcha muallim-ustozlar safiga maslakdosh tarzida kirib bormoqdamiz. Yurtimizni yanada yuksaltirish yo‘lidagi maqsadlarimiz sari qo‘yilajak dadil qadamlar avvalo bugungi yoshlarimiz ta'limi va tarbiyasiga chambarchas bog‘liq.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarining bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini Umid va Da'vat So‘zlari deb atash mumkin. Davlatimiz Rahbari o‘z tabrigi orqali mamlakatimiz yoshlariga “hyech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar” deb yo‘llagan murojaati har qanday qalbni to‘lqinlantirib yuborishi shubhasiz. Zero, bunday mazmundagi tabrik O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba kuzatilmoqda. Darhaqiqat, “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi”!

  Biz yosh avlod qalbini “milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” otlantirmog‘imiz joiz. Orzularimiz tonggiday yorishib kelayotgan Yangi O‘zbekiston qudrati shak-shubhasiz yangi kuch egalari — yoshlarimizning tafakkuri va albatta munosib tarbiyasidan tarkib topajak. Qolaversa, uchinchi Renessans — navbatdagi uyg‘onish davri faqat va faqat yuksak salohiyatni, tengsiz tafakkur sohiblari bo‘lgan ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lishni taqozo etadi.

Qo‘ng‘iroqsiz dars

  Men o‘tadigan “dars”ga qo‘ng‘iroq chalinmaydi. Maktabning e'lonlar burchagiga yozilgan “Targ‘ibotchi ish tartibi”ga binoan qiziquvchan yoshlar belgilangan fursatda kutubxonaga navbatma-navbat kirib kela boshlaydi. Bu “dars”ga bog‘liq maxsus qo‘llanmaning o‘zi yo‘q va yosh ham belgilanmagan. Hattoki qiziqish bildirgan ustozlardan vakillar ham bemalol ishtirok etishi mumkin.

  O‘quvchi-yoshlar bilan har galgi uchrashuvimiz mavzusi biror bir kitob yoki asarga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun Abdulla Oripov she'riyati, Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asari, Erkin Vohidov lirikasi, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoki bo‘lmasa “Go‘ro‘g‘li” dostonining mohiyatini imkon qadar tahlil etamiz. Har bir sabog‘imiz yakunida esa biror bir munosib kitob mutolaasi vazifa qilib belgilanadi. Bu o‘rinda albatta yoshlarning qiziqish va takliflari inobatga olinadi.

Oxirgi “darsimiz” boshqacha bo‘ldi

  Maktab hovlisiga kirib kelarkanman, hamisha o‘quvchi-yoshlar bilan to‘lib turadigan manzara bo‘shab qolganday edi. Buyog‘i ta'tilga ulanib ketadigan kunlar. Bugungi darsimiz bekor bo‘ldi chog‘i, deb turgan mahalimda ikki sinfdosh— 4“a”-sinf o‘quvchilari Muslima va Saidmuhammad yugurib kelib qoldi. “Bugun bizlarning darsimiz yo‘q, ammo siz bilan uchrashamiz deb atay uydan kelyapmiz” deyishdi bir ovozdan. Bu so‘zlardan to‘lqinlanib ketdim, albatta. Va bizning “darsxonamiz”ga aylanib ulgurgan kutubxonaga kirib keldik. O‘tgan gal hamma o‘ziga ma'qul bo‘lgan chiroyli she'rlardan yod olib kelish vazifasi topshirilgan edi. Ikkisi ham vazifani a'lo darajada ado etishdi. Hattoki Muslima o‘zi yod olgan qo‘shiqlardan ijro ham qilib berdi. Ular bilan dildan suhbatlasharkanman, oila a'zolarimiz haqida gap ketdi. Men o‘zimning ular tenggi farzandlarim bor ekanligi va qaysi maktabda o‘qishini aytib berdim. Kutilmaganda har ikkisining ovozida biroz titroq va ko‘zlari tubida yoshni ilg‘ab qoldim...

Ikki o‘quvchim menga “dars” berdi

– Biz oilada ikki farzandmiz, opam va men, – deb gap boshladi yosh bo‘lsa-da ulg‘ayib qolgan Saidmuhammad. Oyim — maktabda o‘qituvchi. Dadam o‘tgan yili koronavirus dardiga chalinib, o‘tib qoldilar. Aytishlariga qaraganda, dadam bu dardga chalingach, maxsus shifoxonaga olib borilgan. Muolajalar boshlanib, kislorod apparatiga ulab qo‘yilgan paytda kutilmaganda chiroq o‘chgan emish... (Qolgan gaplarni eshitolmadim, to‘g‘rirog‘i).

Bir muddat o‘tib, – men ham dadasiz qolganman, – deb gap boshladi Muslima. – Dadam bizni tashlab ketganlar. Uyda buvim va oyim bilan birga yashayman. Dadam bizdan xabar olgani kelmaydilar, tanimayman ham. Oyijonimning aytishlaricha, ba'zi-ba'zida pul jo‘natib turar emish. Lekin dadamning bir ko‘rsam deyman, o‘zlariga aytadigan gaplarim ko‘p...

  Bu so‘zlar mening ikki yuzimga tortilgan ikki tarsakiday tuyuldi. Saidmuhammadning “tarsakisi”dan hali-hanuz o‘zimga kela olganimcha yo‘q. Nega deysizmi, chunki mening birinchi ish joyim — energetika tizimi axir! Uning dadasi davolanib turgan paytdagi chiroqning o‘chishiga men bilan ishlab turgan soha vakillari, elektr energiyasi taqsimotchilarining ishidagi noqisliklar sabab emasmikan?! Kelib-kelib, jon talashib turgan bemorlar tomonga tortilgan simlar ham quvvatdan uziladimi?! Bunday paytda bor e'tibor aynan shu “janobi simlar”ga qaratilishi kerak emasmi, aslida?!

  Savol xanjarini o‘zimga uramanu... mutaxassislardan so‘rayman... Ma'lum bo‘lishicha, shifoxonaning o‘z qaramog‘ida bo‘lgan tarmoqlar iste'mol ortishi tufayli zo‘riqish oqibatida nosozlik ro‘y bergan. Nosozlik boshqa sabablar tufayli sodir bo‘lganda ham barcha statsionar ish tartibiga ega tibbiy muassasalarning o‘z zaxira quvvatlari bo‘lmog‘i lozim. Nima ham derdik, taqdir ekan...

  Hayot atalmish sinoat besinov va mashaqatli bo‘lmaganida kattalar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar, ajrimlar, yetim bolalar, Mehribonlik uylari bo‘lmas edi. 

  Ha, barcha ko‘rguliklarda hammamizning aybimiz bor! Mittigina qiz — Muslimaning ota mehridan mosuvoligi ham, kichik Saidmuhammadning katta yo‘qotishi ham shu xalq, shu millat vakili, jamiyat a'zosi sifatida barchamizning yuragimizda og‘riq uyg‘otishi kerak. Mana shu og‘riqlar bizni “davolasa”, ne ajab?!

  So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytish mumkinki, bu hayot “yo‘qoldiqlar va topildiqlar” orasidagi mangu masofa go‘yo. Bu masofani barchamiz bosib o‘tamiz. Ko‘nglimizga katta dalda berguvchi, ortimizda turgan muqaddas Vatanning osoyishta tonglari, tiniq osmonlari dilimizdagi umid so‘zlarimizni qayd etsa bo‘ladigan daftar  varog‘i misolidir. Ha, inson yashar ekan — umid ham barhayot. Umidli dunyoda ro‘shnoliklar yuz ochaveradi.

  Bugungi kunda mamlakatimiz Hukumati tomonidan ayniqsa yosh avlod taqdiriga juda yuksak e'tibor qaratilmoqdaki, bu jarayonni kuzata turib to‘lqinlanib ketasan. Zero yoshlarimiz — shu ko‘rkam Vatanning ertangi egalari! Demak, umid so‘zlarimiz ham, ishonch so‘zlarimiz ham aynan farzandlar ta'lim-tarbiyasiga borib taqalaveradi. Bu yo‘lda esa adashishga yo bo‘lmasa bir zum chalg‘ishga ham haqqimiz yo‘q!

Orif TO‘XTASH,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir,

“O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi,

Shayxontohur tumanidagi 85-maktabning

ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi

>