OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Yer va kadastr nazorati bo‘yicha olib borilgan ishlar
  • 17.05.2021
  • 950

  Bugun AOKAda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne'mat Atamuratov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda yer va kadastr nazorati bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ma'lumot berildi:

  Yerga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan joylarda Kadastr agentligi va uning quyi tizimidagi Yer va kadastr nazoratchilari tomonidan aniqlangan yer qonun buzilish holatlari va ularni bartaraf etish borasida olib borilgan tegishli chora-tadbirlar to‘g‘risida 2021-yilning 30-aprel holatiga bayonotimizni boshlaymiz.

  2021-yilning 30-aprel kunidagi hisobotga ko‘ra Yer va kadastr  nazoratchilar tomonidan aniqlangan Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari respublikamiz bo‘ylab 6 799 holatda jami 1467 gektar maydonni tashkil etadi.

  Ushbu yerlarni fuqarolarimiz va qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon tadbirkorlarimiz quyidagi maqsadlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olganliklari ma'lum bo‘ldi:

  Uy-joy qurish maqsadida 4 224 ta holatda  406 gektar;

  Noturar joy qurish maqsadida 1 584 ta holatda 166 gektar;

  Tomorqa sifatida foydalanish maqsadida 437 ta holatda   203 gektar;

  Baliq hovuzi qilish maqsadida 32 taholatda 245 gektar;

  Tuproq kar'er qilish maqsadida 111 ta holatda 9 gektar;

  Boshqa maqsadlarda 411 ta holatda 437 gektar yer maydonlari egallab olingan.

  Yuqorida aytib o‘tilgan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va tegishli choralar belgilash maqsadida Kadastr agentligining hududlardagi yer va kadastr nazorati bo‘yicha inspektorlari tomonidan quyidagi tadbirlar amalga oshirildi:

  - yer qonun buzilishini sodir etgan 6 332 ta shaxsga, 158 ta yerdan foydalanuvchi sub'ektlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi;

  - tuman (shahar) hokimligiga 4 914 marotaba taqdimnomalar kiritildi;

  - prokuratura organlariga 2 785 ta ma'lumotlar kiritildi;

  Sudlarga 4 391 ta da'vo arizalari kiritilgan.

  Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari asosan Toshkent viloyatida 1 302 holatda 233 gektar, Namanganda 1660 ta holatda 655 gektar, Xorazmda 636 ta holatda 25 gektar maydonda sodir etilgan.

  Shu bilan birga kadastr agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan 907 ta holatdagi 193.6 gektar yer maydonidagi yer qonun buzilish holati joyida bartaraf etilgan bo‘lib, bu noqonuniy egallab olingan yerlarning 13 foizini tashkil etadi.

  Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi viloyat (tuman) boshqarma va bo‘limlari tomnidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24-fevlar 2021-yildagi PQ-5006-sonli qarori ijrosi yuzasidan:

  - yer uchastkalarini o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha 8924 ta holatda fuqarolar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilishi natijasida yer uchastkalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta'minlandi.

  Umid qilamizki yer nazoratchi inspektorlari tomonidan yerdan foydalanuvchi sub'ektlarga berilgan yozma ko‘rsatmalar, tuman (shahar) hokimligiga kiritilgan taqdimnomalar, prokuratura organlariga kiritilgan ma'lumotlar, Sudlarga kiritilgan da'vo arizalari o‘rnatilgan tartibda qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi va o‘zining mantiqiy yakuniga yetkaziladi.

  Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar.

  Bugungi kunda amalda bo‘lgan Qonunlarimizda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga nisbatan keskin choralar ko‘rish aniq belgilab berilgan.

  Jumladan:

  O‘zbekiston Respublikasi “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi”ning 60-moddasi 2-qismiga asosan Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravardan o‘ttiz baravargacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga;

  60-prim (1) moddasi bo‘yicha  sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

  Bu holatlarni aniqlash va choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar Kadastr agentligining yer nazoratchi inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilib, sudlarga da'vo arizalar kiritadi va sudlar tomonidan choralar ko‘riladi.

  Shuningdek, 68-prim (1) moddasi bo‘yicha Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi

  O‘zbekiston Respublikasi “Jinoyat kodeksi”ning 197-prim (1) moddasida sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

  Shuningdek, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxslar agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta'minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf qilsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

  Ushbu kodeksning 229-prim (1) moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, agar xuddi shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi aniq belgilab qo‘yilgan.

https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official

"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>