Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Asadjon Xodjayev davlat organlari va tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda axborot xizmatlari va matbuot kotiblarining faoliyati va uni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish darajasi, OAV va jamoatchilik murojaatlariga tezkor munosabat bildirishi hamda belgilangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish intizomi muhokama qilindi.
Tadbir davomida A. Xodjayev axborot xizmatlari rahbarlari tomonidan taqdim etilgan media-rejaga muvofiq matbuot anjumanlari tizimli tashkillashtirilmayotganiga to‘xtaldi. Bundan tashqari, matbuot kotiblarining faoliyati, ishlash jarayoni har oyda baholanib borilishi, yaxshi natija ko‘rsatgan rahbarlar mukofotlash va rag‘batlantirishga tavsiya etilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, faoliyati yuqori baholangan matbuot kotiblari alohida ta'kidlanib, sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan axborot xizmati rahbarlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi. «Imkoniyat kutib o‘tirmasdan, uni izlash kerak. Zamon bilan tenglashib ishlash kerak», — dedi Agentlik rahbari.
Uchrashuv so‘nggida matbuot kotiblarining taklif va mulohazalari tinglandi. Muammolar yechimini hamkorlikda yechishga va takliflar bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishildi.
Manba: https://aoka.uz/uzb/news/1118
"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati