2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Ulug‘bek Urunov: elektr tarmoqlari muhofaza zonalari aholi va bolalar uchun xavfli
  • 12.03.2026
  • 78

Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar atrofida xavfsizlik masalasi aholi, ayniqsa bolalar uchun doimiy e’tiborni talab qiladi. Bunday hududlarda taqiqlangan harakatlar va o‘yinlar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois mutaxassislar tomonidan belgilangan muhofaza choralariga qat’iy amal qilish zarur.

Bu haqda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov quyidagilarni qayd etdi:

–Yurtimizda iqlim iliqlashib, mamlakat kengliklari yashil o‘tloqqa aylanishi bilan aholi oilaviy sayr va dam olish uchun tabiat quchog‘iga chiqishni afzal ko‘radi. Bolalar va o‘smirlar varrak uchirishadi, yashil o‘tloqlar va keng dalalarda ko‘plab milliy va sport o‘yinlari o‘tkaziladi.

Albatta, bu milliy qadriyat va urf-odatlar namunalaridan biri hisoblanadi. Biroq kattalar, ayniqsa, ota-onalar bolalarning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratishi kerak.

Bolalar va o‘smirlar podstansiyalar atrofi, transformator punktlari yaqini va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari “muhofaza maydoni”da harakatlanishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Elektr qurilmalari, xususan, podstansiyalar va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari atrofi o‘yin va sport musobaqalari uchun o‘ta xavfli hudud hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qaroriga muvofiq, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob’ektlarining barqaror ishlashi uchun muhofaza zonalarida ekologik zarar va yong‘in keltirishi mumkin bo‘lgan harakatlar taqiqlangan. 

Shuningdek, bu zonalarda ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq tadbirlar, savdo rastalari, chiqindixonalar va yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash ham man qilingan.

Elektr tarmoqlarida nosozlik yoki xavfli holatni sezganda tegishli xizmatlarga xabar berish tavsiya qilinadi. Taqiqlangan harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlik bor. Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.

Xulosa qilib aytganda, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar atrofida xavfsizlikni ta’minlash faqat texnik qoidalarga amal qilish bilan cheklanmaydi, balki jamiyat va oilaviy mas’uliyatni ham o‘z ichiga oladi. Bahor faslida aholi dam olish va turli tadbirlar uchun tabiatga chiqadi, shunday paytlarda ushbu hududlardagi doimiy xavf e’tibordan chiqmasligi kerak.

Shu bilan birga, ushbu tavsiyalar nafaqat farzandlar hayoti va salomatligini saqlab qolish, balki butun jamiyat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Elektr tarmoqlari hududidagi harakatlar va xavflarni esda tutish jamoatchilik madaniyati va mas’uliyatining ajralmas qismi hisoblanadi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati