Dunyo shiddat bilan rivojlanib, texnologik taraqqiyot sari ildamlab borar ekan, mavjud va turdagi yangi energetika manbalar uchun kurash tobora avj olib bormoqda. Misol uchun, 20–30 yil oldin (1990–2000-yillar atrofida) litiy bugungidek “strategik boylik” sifatida qadrlanmagan edi. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha o‘zlarining rejalarida, 2030-yilgacha “yashil energiya” ulushini kamida 42.5 foiz bo‘lishi kerakligini belgilagan.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston o‘z elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Biroq savol tug‘iladi: O‘zbekistonning “yashil energiya” salohiyati bunga yetadimi? Loyiha O‘zbekiston uchun qanday strategik imkoniyatlar eshigini ochadi? Quyida shu haqida so‘z yuritiladi.
Gazdan voz kechish va energiya xavfsizligi
Bugun Yevropa nega “yashil” energiyaga bunchalik katta e’tibor qaratmoqda? Sababi oddiy: tabiat va siyosatning o‘zi bunga majbur qilmoqda. Iqlim o‘zgarishi har yili qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari yoki suv toshqinlari ko‘rinishida eshik qoqmoqda. Bundan tashqari, ayrim yevropalik siyosatchilar ta’biri bilan aytganda, “Rossiya gaziga bog‘liq bo‘lib qolish esa qit’ani xavf ostida” qoldirdi.
Shu bilan birga, yashil texnologiyalar — kelajakning eng katta bozoriga aylanib ulgurdi. Quyosh panellari, shamol turbinalari, batareyalar va vodorod energetikasi – Yevropani yangi sanoat inqilobi sari boshlamoqda.
Shu tufayli Yevropa mamlakatlari bu borada bir qancha aniq strategiyalar ishlab chiqqan. Masalan, qit’a yashil kelishuvi (European Green Deal – 2019)ga ko‘ra, 2050-yilga kelib Yevropani dunyodagi “birinchi iqlimi neytral” qit’aga aylantirish lozim. Bu degani, atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona effektini keltirib chiqaruvchi to‘yinmagan uglerod tarkibli gazlar miqdorini o‘rmonlar, agrosanoat va maxsus texnologiyalar yordamida yutiladigan miqdor bilan tenglashtirish. Bu hujjat iqtisodiyotning barcha sohalarini qamrab oladi.
Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va undan keyin yuz bergan energiya inqirozi – Yevropa mamlakatlarini Rossiya qazib olinadigan yoqilg‘ilariga (gaz, neft, ko‘mir) qaramligini imkon qadar tezroq qutilishga undadi.
Loyiha ibtidosi
O‘zbekiston Yevropaga yashil energiya eksport qilishi haqidagi ilk xabarlar 2024-yilda tarqalgan edi. O‘shanda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kaspiy dengizi ostidan kabel yotqizish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshsa, O‘zbekiston 2030-yildan boshlab ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Yevropaga eksport qila boshlashi mumkinligini aytgan edi.
O‘sha yilning noyabr oyida Ostana shahrida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “Yevropa-Ozarbayjon-Markaziy Osiyo” yashil energiya yo‘lagini (Green energy corridor) tashkil qilish bo‘yicha kelishuv imzolagandi.
O‘zbekistonning energiya vazirligi vakillari, jumladan, Umid Mamadaminov, Green energy corridor orqali 2030-yilgacha Yevropaga 10–15 milliard kW•h elektr energiyasini eksport qilish (yillik) rejasi mavjudligini ma’lum qilgan.
2025-yildan boshlab yashil energetik koridor loyihasi faol bosqichga kirdi. Ozarbayjon energetika vaziri Perviz Shaxbazov yil oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilishi va uning strategik ahamiyatga ega ekanini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bokuda Green Corridor Union LLC qo‘shma kompaniyasi tashkil etilgan. Unga Ozarbayjonning “Azerenershi”, O‘zbekistonning “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va Qozog‘istonning “KEGOC” kompaniyalari kirgan.
Salohiyat yetarlimi?
“Daryo” “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan matbuot anjumanida savol bilan murojaat qilib, loyiha yuzasidan bir qancha savollarni o‘rtaga tashladi.
Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi — matbuot kotibi Ulug‘bek Urunov O‘zbekiston Yevropa mamlakatlariga elektr energiya eksport qilish salohiyati yetarli ekanligini, hatto elektr ishlab chiqaruvchi ayrim bloklar kunning qaysidir qismida vaqtincha kam quvvatda ishlashga o‘tishiga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tdi.
“7-8 yil oldin O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berishda, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi juda kam edi. 2017-yildan keyin O‘zbekistonda “yashil energiya” manbalarini yaratish borasida juda ko‘plab loyihalarga start berildi. Hozirda 20 ga yaqin yirik hajmda qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi – quyosh va shamol stansiyalar ishga tushgan. Yana 20 dan ortiq loyiha ekologik o‘rganish, loyihalash-moliyalash hamda qurilish jarayonida.
Bu bilan nimaga erishdik? Ayni vaqtda O‘zbekistonning elektr energiyaga bo‘lgan bir sutkalik ehtiyoji, qariyb 2015-2016-yilga qaraganda ikki barobar oshdi. Shu bilan birga, umumiy tarmoqda yashil energiyaning ulushi ham 3-7 foizdan 20-22 foizga ko‘tarildi. Hukumat qaror-topshiriqlariga binoan energetikalar 2050-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50 foizga ko‘tarishni maqsad qilishgan.
Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Quyosh stansiyalari qish mavsumida, tabiiyki kechasi to‘liq quvvatda ishlay olmaydi. Shamol generatorlari shamol yo‘nalishiga bog‘liq holda ishlaydi. Shu tufayli, mutaxassislar akkumulatsiya stansiyalari, zarur hollarda tez fursatda ishga tushirish mumkin bo‘lgan kichik quvvatli gaz-porshenli stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalarni amaliyotga tatbiq etishdi. Hozir davlat-xususiy sherikligi asosida 6 ta kichik quvvatli generatsiya stansiyalari ishlamoqda.
Elektr energiyasi iste’molining alohida bir xususiyati bor bo‘lib, u ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasida onlayn rejimda muvozonat (tenglik) saqlashni taqozo etadi. Hatto shunday vaziyatlar bo‘lyapti-ki, “Milliy dispechirlik markazi” tomonidan, elektr energetika umumtizimida muvozanat saqlash zaruriyatidan kelib chiqib, ayrim ishlab chiqarish quvvatini kunning qaysidir qismida vaqtincha kam quvvatda ishlash yoki o‘chirib turish ko‘rsatmalari beriladi. Boisi, generatsiya hajmi iste’mol hajmidan ortib ketsa va bu holatda tezkor chora ko‘rilmasa, tizimda yirik avariyalar, ya‘ni kaskadli o‘chishlar (blackout) sodir bo‘lishi mumkin.
Kuz faslining ikkinchi oyida respublikaning umumiy sutkalik iste’mol hajmi 210-220 dan 260-280 million kilovatt•soat ko‘rsatkichlarga o‘sib bormoqda. Qish oylarida bu ko‘rsatkich 300 million kilovatt•soatdan oshishi mumkin. Energetiklar iste’mol talabidan kelib chiqib elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va yetkazib berish bosqichlarini har soniya-daqiqada rostlab borishadi. Xullas, mamlakatimiz ichki iste’mol hajmini to‘liq qoplab, eksport salohiyatini oshib borishi qayta tilanuvchi energiya manbalariga taalluqli loyihalar samarasi bilan uzviy bog‘liq” – dedi u.
Shuningdek, matbuot kotibi “elektr energiyasi ishlab chiqarishda muammo bo‘lmayotgan ekan, unda nima uchun ayrim hududlarda hali ham chiroq o‘chish holatlari sodir bo‘lmoqda”, degan savolga ham izoh berib o‘tdi.
“To‘g‘ri, bir necha yil oldin qish mavsumida, ayniqsa iste’mol keskin oshgan vaqtda yoqilg‘i tanqisligi tufayli bir qancha muammolarga duch kelgan paytlar bo‘lgan edi. Bu holat bilan energetika vazirligi xabarlaridan arxiv ma’ֹlumotlarni topib o‘qish-tanishish mumkin. Lekin bugun “yashil energiya” manbalarini ishga tushirish hisobiga ichki ehtiyojlarimizni to‘liq qoplashga erishdik. “Biroq odamlarni uyida hali ham chiroq o‘chmoqda-ku”, deb savol berishingiz mumkin. Bu uzatish va taqsimlash tarmoqlaridagi avariyaviy holatlar yoki elektr ta’minotiga tashqi ta’sir omillariga bog‘liq. Chunki, yangidan-yangi aholi punktlari, savdo majmualari qurildi. Natijada, ma’lum yillar oldin qo‘yilgan transformatorlar iste’molga bardosh bera olmay qoldi. Hozir ularni yangilash bo‘yicha kerakli ishlar amalga oshirilmoqda, bu yo‘nalishga Hukumat tomonidan yetarli mablag‘ ajratilgan”, – deya javob berdi Ulug‘bek Urunov.
Loyihaning eng nozik nuqtasi – Kaspiy dengizi ostidan Ozarbayjonga yuqori kuchlanishli suvosti kabeli tortish masalasi hisoblanadi. Bu loyihaning eng qimmat va texnologik murakkab qismlaridan biridir.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Akmal Abdullayev “Daryo” jurnalistiga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
“Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida Bokuda Green Corridor Union LLC qo‘shma kompaniyasi tashkil etilgan. Unga Ozarbayjonning “Azerenershi”, O‘zbekistonning “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va Qozog‘istonning “KEGOC” kompaniyalari kirgan. Hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari o‘rganilmoqda. Mana shu jarayon yakuniga yetgach, elektr energiyaning eksport narxi, kabel qanday yo‘llar orqali o‘tishi aniq bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqida elektr energiyasi narxi O‘zbekistondagidan bir necha barobar yuqori. Bu eksportni iqtisodiy jihatdan juda foydali qiladi va loyihaga kiritilgan sarmoyalarni qaytarish imkonini beradi. Bundan tashqari, Yevropa mintaqasi ko‘p energiya talab qiluvchi yirik bozor”, – dedi u.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘istondan Kaspiy orqali Ozarbayjonga yetkazilgan elektr energiyasi Ozarbayjondan Gruziyaga o‘tkaziladi. Gruziyadan Qora dengiz osti orqali Ruminiyaga yana bir suvosti kabeli tortiladi. Kabel uzunligi – taxminan 1,155 km, undan 1,100 km dan ko‘pi dengiz ostida bo‘ladi. Quvvati esa 1,000-1,300 MW. Ruminiyaga kirib kelgan elektr energiyasi Yevropa energetika tarmog‘iga ulanadi va YI mamlakatlariga sotiladi.
Bu loyiha allaqachon Ozarbayjon, Gruziya, Ruminiya va Vengriya tomonidan imzolangan va Yevropa Ittifoqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Loyihaning texnik-iqtisodiy tahlili (“feasibility study”) CESI (Italiya) tomonidan olib borilgan, bu esa investitsion va ekologik jihatdan loyihaning barqarorligini ko‘rsatadi.
Muammo va xavotirlar
Yevropaga elektr energiyasini sotish qanchalik jozibador ko‘rinmasin, uning bir qancha murakkab texnik tomonlari mavjud.
Loyihaning umumiy qiymati o‘nlab milliard dollarni tashkil etadi. Faqat Kaspiy va Qora dengiz tubidan kabel tortishning o‘zi juda qimmat. Bunga O‘zbekistonda yangi stansiyalar qurish va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish xarajatlari ham qo‘shiladi.
Suvosti kabellarini yotqizish va ularga xizmat ko‘rsatish o‘ta murakkab texnologik jarayon. Bundan tashqari, bir necha mamlakat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Ruminiya) energetika tizimlarini sinxronlashtirish jiddiy muhandislik yechimlarini talab qiladi.
Loyiha bir nechta davlatlar hududidan o‘tadi. Kavkazdagi yoki Markaziy Osiyodagi har qanday beqarorlik loyihaga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu tufayli tranzit mamlakatlar bilan uzoq muddatli, barqaror kelishuvlarga erishish shart bo‘ladi.
O‘zbekiston uchun qanday foyda?
Bunday yirik loyiha O‘zbekistonning energetika sektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi. O‘zbekiston nafaqat energiya importyoridan eksportyorga aylanadi, balki Yevropaning energetik xavfsizligida muhim rol o‘ynaydigan davlatga aylanadi. Bu uning xalqaro maydondagi obro‘sini va ta’sirini keskin oshiradi.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha taniqli tadqiqotchi, Jamestown Foundation (AQSh, Vashingtondagi tadqiqot markazi – tahr.) — yetakchi ekspertlardan biri Sergey Sukhankinning ushbu loyiha bo‘yicha quyidagicha fikr bildirgan.
“Bu tashabbus O‘zbekistonga foyda berishdan tashqari, ikki yetakchi Markaziy Osiyo davlati (Qozog‘iston va O‘zbekiston) o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi integratsiyani kengaytirish, savdo va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston yashil energiya salohiyatini rivojlantirish uchun qulay joylashuvga ega: arzon ishchi kuchi va yiliga 320 kundan ortiq quyoshli kunlar mavjud. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda shamol va quyosh energiyasi bo‘yicha eng istiqbolli salohiyatga ega.
2027-yilgacha O‘zbekiston Buxoro, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida zamonaviy 12 ta issiqlik elektr stansiyasi qurishni rejalashtirgan. Ushbu loyihalar yiliga qo‘shimcha 49,7 milliard kVt•soat elektr ishlab chiqaradi. Siyosiy rahbariyat ta’kidlaganidek, ular asosan xorijiy investitsiyalar hisobidan, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan hamkorlikka qo‘shimcha ravishda, O‘zbekiston yashil energiya sohasidagi tashabbuslari Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ham iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashi mumkin. Chunki bu ikki mamlakatning asosiy ustunligi — gidroenergetika hisoblanadi”, – degan u.
Bu loyiha iqtisodiy jihatdan shartli realdir. Uning muvaffaqiyati bir necha omilga bog‘liq: O‘zbekistonning “yashil energiya” ishlab chiqarishni rejadagidek keskin oshira olishi, tranzit davlatlar bilan mustahkam siyosiy kelishuvlar, loyihani moliyalashtirish uchun yirik xalqaro sarmoyalarni jalb eta olish va ichki elektr ehtiyojini barqaror qondirish.
Bu qisqa muddatda mo‘jiza ro‘y berishini kutish kerak bo‘lgan loyiha emas. Bu kelajakka qo‘yilgan poydevor. Agar O‘zbekiston bu yo‘lda qat‘iyat bilan harakat qilsa, 10-15 yildan so‘ng nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Yevrosiyo energetika xaritasida muhim o‘yinchiga aylanishi mumkin.
Manba: https://daryo.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati