Yangiliklar
TOSHKENT TIBBIY-SANITARIYA QISMI: ENERGETIKLAR HAMDA AHOLI VAKILLARI UCHUN ZAMONAVIY TIBBIY XIZMATLAR KO‘RSATILMOQDA
  • 07.08.2020
  • 1329

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismi faoliyati haqida qisqacha ma'lumot, bajarilgan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida

 

   Ma'lumki, «O‘zbekiston MET» AJning texnik-muhandislik hamda qurilish-motaj yo‘nalishiga ixtisoslashgan hududiy filiallari qatorida bir nechta ijtimoiy soha obyektlari, aniqrog‘i tibbiy-sanitariya, sport-sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari ham faoliyat yuritmoqda. Misol uchun Namangan tibbiy-sanitariya qismi, «Nurafshon» sanatoriysi, «Nurchi» dam olish maskani va «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi shular jumlasidan. Bu kabi ijtimoiy soha tuzilmalari nafaqat Jamiyat ishchi-xodimlari, balki butun energetika sohasi ishchi-xodimlarining ish vaqtidan so‘ng, mehnat ta'tilida hordiq chiqarishlari, kasallik varaqasiga asosan poliklinikaning ambulator ko‘riklaridan o‘tib, shifokor tavsiyalarini olishlari yoki mavjud zamonaviy statsionar sharoitlarda davolanib, o‘z sog‘liklarini tiklashlari mumkin.

 

   Shuni alohida ta'kidlash lozimki, yuqorida sanab o‘tilgan muassasalar ichida Toshkent shahrida joylashgan Tibbiy-sanitariya qismi har tomonlama yetakchi, zamonaviy va ko‘ptarmoqqa egaligi bilan ajralib turadi. Bugun mazkur tibbiy majmua faoliyati davlat va jamiyat, xususan ko‘p ming sonli energetiklar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi haqida to‘xtalib o‘tamiz.

   Shunisi ahamiyatliki, yuqorida nomlari tilga olingan tibbiy-sog‘lomlashtirish maskanlarida, bozor iqtisodi sharoitiga muvofiq, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, tibbiy muassasa joylashgan hudud va uning atrofida joylashgan aholi vakillariga yana bir qulaylik bo‘lib, «O‘zbekiston MET» AJ muassasalari narxlar preystkuranti hamda servis jihatidan davlat yoki xususiy tibbiy muassasalardagi sharoitlardan qolishmaydi. 

 

   

   Endi Toshkent tibbiy-sanitariya qismi haqida batafsilroq...

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Tibbiy-sanitariya qismi filiali — tibbiyot muassasasi bo‘lib, Jamiyat tarkibidagi ko‘p ming sonli ishchi-xodimlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan. Poliklinika ambulator va statsionar davolash xizmati shartnoma asosida energetika sohasining turli tarmoq xodimlariga, shu jumladan, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Egallab turgan yer maydoni: ikkita bino, biri 4 qavatli, ikkinchisi 7 qavatli, kadastr hujjatlari bo‘yicha 9445 metr kvadratga teng.

   Jamoaga bosh shifokor Abdullayev Bahodir Hamidovich rahbarlik qiladi.

   Sohaviy ixtisoslashuvi ambulator va statsionar davolash bo‘lgan poliklinikada terapevt, nevropatolog, ginekolog, urolog, dermatolog, endokrinolog, LOR, okulist, jarroh va stomatolog shifokorlar ko‘rigi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, muassasada UZI, rentgen, qon tahlili, fizioterapiya mutaxassislari faoliyat olib borishadi.

   Muassasada 45 o‘rinli nevrologiya va 45 o‘rinli terapiya bo‘limlarining statsionar o‘rinlari mavjud. Binolar kesimida 60/30 o‘ringa to‘g‘ri keladi. 

 

   Xodimlarning tarkibiy salmog‘i quyidagicha: 53 nafar shifokorlar, shu jumladan, 31 nafar oliy toifali, 4 nafar birinchi toifali, 10 nafar ikkinchi toifali, 2 nafar uchinchi toifali, shu bilan birga, 2 nafar tibbiyot fanlari nomzodlari mehnat faoliyati yuritadi.

   Hamshiralar soni esa 124 nafardan iborat bo‘lib, shu jumladan, 20 nafar oliy toifali, 13 nafar birinchi toifali, 26 nafar ikkinchi toifali, shuningdek, 92 nafar turli yo‘nalishdagi xo‘jalik ishlari xodimlari mehnat faoliyati yuritib kelishmoqda. 

   Buni qarangki, kasallikdan, ayniqsa yuqumli kasallikdan hech kim sug‘urtalanmagan. Mamlakatimizda oxirgi besh oy davomida hukm surayotgan pandemiya sharoitida boshqa qator sohalar kabi energetika sohasi xodimlari ham karantin sharoitida ishlash va yashash sharoitiga o‘rgandilar.

 

 

   PANDEMIYA SHAROITIDA YASHASH VA ISHLASHGA MAJBURMIZ: http://uzbekistonmet.uz/uz/

 

   Mana shunday qiyin va mas'uliyatli damda, elektr energiyasi ta'minoti barqaror ishlashi shart bo‘lgan bir sharoitda energetiklar uchun o‘z tizimida mavjud bo‘lgan tibbiy-sanitariya bo‘linmalari mavjudligi juda asqotdi, desak ayni haqiqat. Jamiyat boshqaruv raisining buyrug‘i va ko‘rsatmalariga binoan barcha karantin talablari joriy etildi, ishchi-xodimlar tibbiy niqob va antiseptik vositalar bilan ta'minlandi, qog‘oz-hujjat almanishuvi elektron shaklga o‘tkazilib, ishchi tartibdagi yig‘ilishlar videoaloqa shaklida o‘tkazildi va o‘tkazilmoqda. Ishchi-xodimlarning ish joyiga borib kelishi tashkilot hisobidan — Avtotransport va mexanizmlar xizmati tomonidan kuchaytirilgan ish rejimiga muvofiq amalga oshirildi, zaruriyatga qarab transport vositalarning soni ko‘paytirildi. 

Bundan tashqari, energetika sohasida muhim strategik vazifani bajaruvchi tuzilma — Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari karantinga olinib, bir bino ichida ishlash va yashashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

 

   MILLIY DISPETCHERLIK XIZMATI XODIMLARI 24 SOAT DAVOMIDA IZOLYASIYALANGAN HOLDA XIZMAT KO‘RSATMOQDA:

   http://uzbekistonmet.uz/uz/

 

   Jamiyat tasarrufidagi bir nechta tibbiy muassasalar mahalliy hokimiyat vakillari so‘rovnomasiga muvofiq vaqtincha karantinga olinganlarni nazorat qilish punktlariga aylantirildi. Va, eng muhimi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismi ham soha vakillariga, ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishdi.

 

   Bu haqda batafsil ma'lumotlarni statistik raqamlar orqali tahlil etishimizning o‘zi kifoya. Masalan, 2020-yilning 1-avgust sanasigacha Toshkent tibbiy-sanitariya qismida jami bo‘lib 23546 ta murojaat qayd etilgan. Shulardan 13568 tasi shifo topish istagidagi murojaatlar bo‘lsa, 9978 tasi tibbiy ko‘rik bo‘yicha qaydnomalardir. O‘tgan yetti oy davomida tibbiy muassasaning statsionar davolanish xizmatidan 404 nafar bemor foydalangan. Ulardan 401 nafari sog‘ayib, atigi 0,7 foizi — 3 nafari paydo bo‘lgan salbiy alomatlar tufayli boshqa ixtisoslashgan shifoxonalarga yo‘llanma orqali yuborilgan. 

   Shuni alohida ta'kidlash joizi, oxirgi uch oy davomida mazkur tibbiyot muassasasining rentgen uskunasi hamda qon-peshob tahlili laboratoriyasi kuchaytirilgan rejimda xizmat ko‘rsatdi. Bir so‘z bilan aytganda, murojaatlar soni ham, tibbiy muolaja olib sog‘ayganlar soni ham keskin ortdi. Muassasa faoliyati, ta'bir joiz bo‘lsa, karantin sharoiti davrida, ayniqsa sog‘liqni saqlash tizimining ish hajmi birmuncha ortgan paytda asqotdi.

 

   «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismi filialida 40 dan ziyod maxsus tibbiy texnika uskunalari, 200 dan ziyod yordamchi va ko‘ptarmoqli yordamchi jihozlar mavjud. Karantin davrida boshqaruv raisining qaroriga muvofiq 10 dona «Vita oxy 510» kislorod konsentratori xarid qilindi va ayni paytda pnevmoniya alomatlari bilan og‘riyotgan bemorlarni davolashda ushbu zamonaviy tibbiyot texnikasidan foydalanilmoqda.

 

 

   Shuningdek, muassasaning xizmat ko‘rsatish qamrovi va servis darajasini oshirish maqsadida yana 3 ta yangi tibbiy uskuna xarid qilindi. Bunday zamonaviy uskunalar tibbiy tashxisning aniqlik darajasini oshirib, shifokorning mehnat samaradorligini oshiradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, elektroensefalografiya hamda exoensefaloskop uskunalari bosh miya faoliyatini tekshirishga mo‘ljallangan, VME-2800 rusumli videoendoskop uskunasi orqali esa oshqozon faoliyati o‘rganiladi.

 

 

   Tibbiy-sanitariya qismi 2020-yilning birinchi yarimyilligida aholiga xizmat ko‘rsatish evaziga muassasa hisob raqamiga qariyb 700 mln so‘m pul mablag‘lari tushirgan. Albatta, ko‘psonli «O‘zbekiston MET» AJ xodimlariga bepul xizmat ko‘rsatishi hisobiga xarajatlari keltirilgan foydadan birmuncha ko‘p, ammo uning samarasi soha vakillarining mehnat unumdorligida aks etib, tarmoqning barqaror ish faoliyatiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

 

      Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismining faoliyati sohaning barqaror ish jarayonida muhim o‘rin tutadi. Jamoa a'zolari muassasa shifokorlari-yu texnik xodimlariga o‘z minnatdorligini izhor etib, tibbiyot maskani ishchi-xodimlarining faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.

 

 Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>