Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil a'zolarni saylashda endi barcha aksiyadorlar ovoz berishi mumkin
  • 21.02.2023
  • 162

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarma boshlig‘i Sharofiddin Ahmedov ma'lum qildi:

https://t.me/aokamediakontent

✔️ Ma'lumki, korxonalarni boshqarishda kuzatuv kengashi muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunga qadar, kuzatuv kengashi tarkibiga asosan davlat organlari xodimlari kiritilib kelingan bo‘lib, ushbu organ faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish uchun ularning tarkibiga korxonadan mutlaqo holi bo‘lgan mustaqil a'zolarni kiritishimiz zarur.

Ma'lumot o‘rnida, hozirda davlat ishtirokidagi 57 ta korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga 86 ta (atigi 4 foiz) mustaqil a'zolar kiritilgan.

Bizning oldimizda keyingi 3 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil a'zolarni kamida 30 foizga yetkazish vazifasi turibdi.

Buning uchun birinchi navbatda qonunchilik bazasini yaratish, mustaqil a'zolar o‘zi kimlar bo‘lishi, ularni saylash tartibini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish lozim edi.

 

 

Shunga ko‘ra, joriy yil 18-yanvarda “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi, unga ko‘ra:

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, ya'ni:

1) Mustaqil a'zolarni saylashda barcha aksiyadorlar ovoz berishda ishtirok etish imkoniyati yaratildi (oldin faqat davlat va xo‘jalik birlashmalari vakillari ovoz berishi belgilangan edi);

2) Kuzatuv kengashi tarkibiga saylangan mustaqil a'zolarning reestri yuritiladi hamda korxona rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinadi;

3) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil a'zo kiritiladi;

4) mustaqil a'zolikka nomzodlar kuzatuv kengashi tomonidan tanlov asosida tanlab olinib, umumiy yig‘ilishga kiritiladi;

5) quyidagilar kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi bo‘lishga qo‘shimcha ravishda cheklov o‘rnatildi:

► so‘nggi uch yil ichida jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslarida auditorlik xizmatlarini ko‘rsatgan auditorlik tashkilotining xodimi;

ketma-ket 6 yil davomida jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi bo‘lgan shaxs;

jamiyatning ustavi yoki boshqa hujjatlari bilan belgilangan talablarga mos kelmaydigan shaxs;

jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxslarining boshqaruv va ichki nazorat organlarining a'zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a'zo bo‘lgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi bo‘lgan shaxs;

6) jamiyat ijroiya organi tomonidan yirik bitim yoki affillangan shaxslar bilan bitim tuzish tartibi buzilganligi natijasida uning aybi bilan jamiyatga yetkazilgan zarar bo‘yicha ijroiya organining subsidiar javobgarligi belgilandi.

Ushbu Qonunning amalda ijrosini ta'minlash xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibida mustaqil a'zolar salmog‘ini oshirib, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, jamiyatlarda zamonaviy menedjmentni va korporativ boshqaruv usullarini joriy etishga, kuzatuv kengashi tarkibiga professional mutaxassislarini, jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etishga va pirovard natijada korxonalarni boshqarish samaradorligini va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.


Manba: https://telegra.ph/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>