Yangiliklar
AMALIYOTGAN TATBIQ ETILAYOTGAN «YASHIL ENERGIYA» IMKONIYATLARI «ZO‘R TV» TELEKANALINING «BU KUN» INFORMATSION DASTURI NIGOHIDA
  • 09.03.2021
  • 640

  Avvalgi ma'lumot berganimizdek, O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorligi doirasida Koreya energetika agentligining (KEA) beg‘araz mablag‘lari hisobidan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Nuri zamin” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida barpo etilgan 40 kVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasi ishga tushirilib, foydalanishga topshirilgan edi.

  Dastavval, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonining an'anaviy turi va unga muqobil bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan oqilona foydalanish xususida biroz to‘xtalsak. An'anaviy usul, barchamizga ma'lumki, bu neft-gaz mahsulotlari (yerosti gazi, tabiiy gaz, mazut, neft-koks) hamda ko‘mir yoqib olinadigan issiqlik energiyasini avval mexanik, so‘ngra elektr energiyasiga aylantirish.

 

Batafsil:

BARCHAGA DAHLDOR MAVZU yoxud elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlar tahlili http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/412

  Endi muqobil (alternativ) yoki qayta tiklanuvchi energiya («yashil energiya») nima ekanligi bilan tanishib olsak... 2019-yil 16-aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan 2019-yil 3-mayda ma'qullangan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida (2019-yil 21-may, O‘RQ-539-son) unga quyidagicha ta'rif beriladi:

 qayta tiklanuvchi energiya manbalari — atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi.

   Xullas, «yashil energiya»ning asosida yer yuzidagi hayot manbai bo‘lgan Quyosh yotibdi. Shamol ham, suvning tabiatda erkin aylanishi va boshqa iqlim sharoiti bilan bog‘liq jarayonlarning barchasi gallaktikamizning markaziy sayyorasi — Quyoshning faolligi hisobiga amalga oshadi. U qayta ishlangani uchun «qayta tiklanuvchi» deb, ekologiyaga deyarli zarari bo‘lmagani uchun «yashil energiya» deb ta'riflanadi va, yuqorida ta'kidlanganidek, bugungi kunda yer yuzida, shu jumladan O‘zbekistonda ham asosiy ishlab chiqarish neft mahsulotlari evaziga bo‘lgani uchun unga «muqobil» maqomi berilgan.

 

 

 Ayni paytda qayta tiklanuvchi energiya salmog‘ini oshirish bo‘yicha O‘zbekistonda bir nechta yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuqorida ta'kidlangan kichik quyosh elektr stansiyasi esa ularning debochasi. U xalqimiz orasida, iste'molchilarimiz diqqatiga muqobil energiya manbalaridan nafaqat xonadonlarda, balki kichik va o‘rta biznes ishlab chiqarish jarayonida samarali foydalanish mumkinligini targ‘ib qilish uchun xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizda muqobil energiya turlaridan samarali foydalanib, mamlakatimizning tabiiy boyliklarini iqtisod qilish, shu bilan birga, egologiyaga zararni kamaytirish borasidagi tushunchalar targ‘ibotini kengaytiradi.

  Bundan tashqari, ushbu kichik quyosh stansiyasi soha mutaxassislari uchun o‘quv poligoni vazifasini o‘taydi. Yirik va bir necha gektar yer maydonini egallagan fotoelektrik stansiyalarda ishlash uchun o‘qitilib, amaliyotga yuboriladigan mutaxassislarni tayyorlashda ularning nazariy bilimlari mazkur ministansiyada sinab ko‘rish va mustahkamlash imkoniyati yaratiladi. Bu joydan energetika istisosligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari ham samarali foydalanishlari mumkin.

 

 

  Shu bilan birga, «yashil energiya» imkoniyatlari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashabbusi va tavsiyasiga ko‘ra 2020-yilda Toshkent viloyati hokimligi, xususan Ohangaron shahri hokimiyati sa'y-harakatlari evaziga qo‘pqavatli uylardagi sinovdan o‘tmoqda. Misol uchun, ayni paytda 9 ta xonadon beminnat quyosh nuridan foydalanib, elektr energiyasi va tabiiy gazni birmuncha tejashga, eng asosiysi, energoresurslardan bepul foydalanishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

 

 

  Ohangaron shahar hokimiyati mutasaddilari tomonidan yana bir tajriba: Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi yo‘l bo‘yida joylashgan yana bir ko‘pqavatli uyning bir nechta xonadonlari yangicha usulda ham isitilmoqda, ham issiq suvdan foydalanmoqda.

  Yuqoridagilardan xulosa shuki, mamlakatimizda mavjud minglab ko‘pqavatli uylarda mana shunday quyosh energiyasi va tabiiy gazdan yoki quyosh energiyasi va elektr energiyasidan foydalanib, ham uyning isitish tizimi, ham issiq suv tizimida energoresurslardan samarali foydalanish mumkin.

 

© «ZO‘R TV» telekanalining «Bu kun» informatsion dasturi Muxbir: Ruxsora G'ofurova

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>