Yoshlar siyosati
O'ZBEKISTONNING KELAJAGI YOSH MUHANDIS NIGOHIDA
  • 04.02.2021
  • 988

  Yodingizda bo'lsa, 2020- yilning 25-dekabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston yoshlari forumi o'tkazilgan bo'lib, unda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham ishtirok etgan edi. Forumda kelajak egalari — yoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazilib, davlat rahbari tomonidan ularning o'y-fikrlari, orzu-istaklari tinglangan edi. Eng asosiysi, yosh avlod bilan bunday uchrashuvlar Prezident uchun g'ayrat-shijoat bag'ishlashi, yoshlar mamlakatning eng katta boyligi, bebaho xazinasi ekani ta'kidlangandi.

 

  "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatida ham 5 ming nafarga yaqin ishchi-xodimlar, asosan texnik va muhandislar, mehnat faoliyati yuritib, ularning qariyb ming nafari ayollar, 800 nafarga yaqini esa yoshlardan iborat.

  Jamiyat uzbekistonmet.uz veb-sayti "Yoshlar siyosati" ruknining bugungi mehmoni yoshlar Ittifoqi boshlang'ich tashkiloti a'zosi — xorijda o'qib kelib, o'zining nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish orqali O'zbekiston taraqqiyotiga kichik bo'lsa-da o'z hissasini qo'shishga bel bog'lagan yosh kadr, ayni paytda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatida mehnat faoliyati boshlagan muhandis Izzatjon Asadov Qobul o'g'li...

 

  Axborot xizmati yosh muhandisning bayonlaridan iqtiboslar keltirish orqali Vatanimizning millionlab yoshlari dunyoqarashi va kelajak orzularini bir nafar yosh mutaxassisning o'y-fikrlaridan uqib olishga intildi...

 

"...Bolalik orzularim...

  Bolalikdan muayyan bir kasb sohibi bo'lishni orzu qilmagan bo'lsam kerak...

  Litseyga kirgandan so'ng va hozirgacha asosiy maqsadim shaxs sifatida shakllanish, o'sib kamolga etish va oilamga yaxshi sharoitlar yaratib berish bo'lgan. I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz (Milliy tadqiqot universiteti) universitetining Toshkentdagi filialida o'qib yurgan davrimda neft va tabiiy gazning atrof-muhitga katta zarari borligi va ularning zaxirasi cheklangani sabab, o'zimni qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida sinab ko'rishga intildim.

  2018-2020 - yillar davomida Germaniyaning Frayburg universititetida qayta tiklanuvchi energiyalar muhandisligi va boshqaruv yo'nalishini tugatib, magistir unvoni sohibiga aylandim.

  Garchi bakalavrda o'qigan sohamda ishlamayotgan bo'lsam-da, o'qish davomida dunyoqarashim va bilimim ancha oshdi, desam mubolog'a bo'lmaydi.

  Shu o'rinda bir narsani alohida e'tirof etmasam bo'lmas, bu darajaga etishimda Qorako'l tumanidagi 3-son akademik liseyi haqiqiy poydevor vazifasini bajardi. Albatta, oilam qo'llab-quvvatlashi hamda ustozlarim o'gitlarisiz bu poydevor ham mo'rt bo'lishi mumkin edi. Akademik litseyda fizika va matematika fanlarini chuqur o'rganganim har doim menga yordam berib kelgan. Bekorga aytishmas ekan, yoshlikda olingan bilim — toshga o'yib ishlangan naqsh, deb. O'sha davrlardan boshlab fizika faniga qiziqib, fan olimpiadalarda qatnashib yurganman. Shu jumladan, 2014-yilda fizika fanidan o'tkazilgan respublika olimpiadasida qatnashganman. Bakalavrda o'qiyayotganimda ham ko'p fanlardan olimpiadalarga qatnashganman. Xullas, lozim bo'lsa, quyidagi fanlar bo'yicha xalqaro Internet olimpiadalarida qatnashib sovrindor bo'lganimni sanab o'tsam:

Iqtisodiyot fanidan oltin medal;
Fizika fanidan 2 ta kumush medal;
Materiallar qarshiligi fanida bir kumush va bir bronza medallari;
Nazariy mexanika fanidan kumush medal;
•  Ekologiya fanidan kumush medal;
Sosiologiya fanidan bronza medal.

 

 

  Bundan tashqari, 2016-yilda fizika va nazariy mexanika fanlari bo'yicha respublika olimpiadalarida qatnashganman. Gubkin nomidagi universitetni nafaqat qizil diplom bilan, balki oltin medal (почётным знаком "Золотая Звезда Губкинского университета") bilan tugatish baxtiga muyassar bo'lganman.

 

  2018-yil Islom Karimov nomidagi Fond tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo'nalishi bo'yicha o'tkazilgan konkursda qatnashib, g'oliblar qatoridan joy olganman hamda chet elda magistr darajasida tahsil olish imkonini beruvchi grant sohibi bo'ldim.

 

  Frayburgda o'qish davomida... albatta o'ziga yarasha qiyinchiliklarga duch kelganman.

  Xorijdagi o'qishimning birinchi yilida deyarli bironta ham o'zbek tilini biladigan kishi bo'lmagani uchun moslashishim biroz qiyin kechgan. Ammo o'qish davomida men uchun yangi yo'nalish — qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo'yicha ancha bilim va ko'nikmaga erishdim. Bundan tashqari, ko'p do'stlar orttirdim va, shu bilan birga, ularning madaniyati va yashash tarzi bilan yaqindan tanishdim.

  Aynan "O'zbekiston MET" AJga ishga kelishimni sababi…

  Yaqin tanishim "amaliy tajriba orttirish uchun yaxshi joy" deb maslahat bergani sabab ayni paytda menga qadrdon bo'lishga ulgurgan jamoaga kelib qo'shilganman.

 

  Xullas, hozirda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati Markaziy boshqaruv apparati tarkibidagi mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan ishlash bo'limida ish faoliyatimni olib bormoqdaman. Bo'limimiz asosan elektr energiyasini sotib olish kelishuvlari va shunga taalluqli bo'lgan barcha shartnoma va bitimlar ustida ishlaydi. Shuningdek, biz xorijiy investorlar bilan loyihalar bo'yicha muzokaralar olib boramiz. Albatta, nazariya bilan amaliyotning o'rni boshqa-boshqa, shuning uchun hozirda izlanib, o'z ustimda ishlab, nazariy bilimlarimni amaliyotga tatbiq etish bilan birga sohada mavjud ish-tajribalarni o'rganish bilan mashg'ulman.

 

O'zbekistonning 2030-yilgacha elektr energiyasi bo'yicha kontsepsiyasiga ko'ra, hozirgiga nisbatan 2 barovar ko'p elektr energiyasi ishlab chiqirilishi rejalashtirilgan, 8 GVt qayta tiklanuvchi (quyosh va shamol) elektr stansiyalarning ishlab chiqarish quvvati ham shu jumladan.

Ammo, yosh muhandis sifatida bir narsani alohida ta'kidlashim mumkinki, hozirda yangi quriladigan fotoelektrik stansiyalar va shamol generatorlarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini O'zbekiston va Markaziy Osiyo elektr umumtarmog'iga etkazib beruvchi elektr uzatish havo liniyalarining yo'qligi hamda qurilishi rejalashtirilgan tarmoqlar va podstansiyalarning qurilishi elektr stansiyaning qurilishidan biroz orqada qolayotgani kelajakda sohada birqancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, quyosh va shamol elektr stansiyalarining ob-havoga bog'liqligini hisobga olsak, ular ishlab chiqaradigan elektr energiyasining "o'zgaruvchan"ligini qoplash uchun nasosli saqlash gidroelektr stansiyalarini (pumped storage hydro power plant) va beqaror elektr energiya ishlab chiqishiga tez javob bera oladigan issiqlik elektr stansiyalarini qurish kerak bo'ladi.

 

 

  Albatta, Prezident qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlari, energetika vazirligining topshiriq va ko'rsatmalarida aynan shu amaliyotlar, ayni shu muammolarning echimlariga yo'naltirilgan va ular hal etilmoqda.

  Albatta, bu jarayonda biz, ya'ni men mehnat qilayotgan "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati, qolaversa, bizning bo'lim mutaxassislari faol ishtirok etishmoqda. Kamina ham shu safdaligimdan xursandman!

 

  Umuman olganda, qayta tiklanuvchi energiya dunyoda eng arzon elektr manbasi hisoblanadi. Bundan tashqari, ularning atrof-muhitga ta'siri an'anaviy energiya manbalaridan bir necha barobar kam. Bilamizki, yildan yil global isish jarayonining oldini olish uchun butun dunyo issiqxona gazlarini chiqaruvchi vositalardan voz kechishmoqda. Shu jumladan, ko'mir, neft va gaz mahsulotlarida ishlaydigan an'anaviy elektr stansiyalardan ham. Qayta tiklanuvchi energiya stansiyalarini qurish, ulardan samarali foydalanish yirik investisiyalarni talab qiluvchi va o'zbekistonlik energetiklar xorijiy hamkorlaridan o'rganib olib, malaka oshirishi lozim bo'lgan o'zoq muddatli jarayon.

  Xullas, "yashil energiya" yo'nalishida hali qilinadigan ishlar, oshib o'pishimiz lozim bo'lgan turli qiyinchiliklar bor. Dunyoning ko'plab rivojlangan mamlakatlari bu qiyin va mashaqqatli jarayonlardan bir necha o'n yilliklar orqali o'tib olishgan, hozirda ularning samaradorligini yanada oshirish hisobiga, yangi texnologiyalar orqali kam sarflab — ko'p olish evaziga oshib borayotgan iste'molni qondirishga qurbi etmoqda. Biz esa ham yildan-yilga, kundan-kunga oshib borayotgan iste'mol hajmini ham sohani rivojlantirib, ham innovasion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etib, ham mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda ehtiyojni qondirib borib harakat qilishimiz zarur.

  Bu anchayin mashaqqatli ish jarayoni bo'lib, soha mutaxassislaridan tunu kun mehnat, katta bilim-tajriba talab etadi. Kamina — yosh mutaxassis sohaning ko'rinmas va sezilavermas frontida turib bo'lsa-da, ustozlarim, hamkasblarim, tengdoshlarim qatorida mehnat qilayotganimdan mamnunman. Umid qilamanki, biz dunyoning ilg'or tajribalarini O'zbekistonning energetika sohasiga, xususan elektr energetika tarmog'iga tatbiq etib, xalqimiz, Prezident va hukumat oldimizga qo'ygan marralarga tez orada etib boramiz.

 

  Balandparvoz gaplarni ko'p ham xushlamayman...

  Ayniqsa, ko'zim etmagan, o'zim ishonmagan narsalarim haqida fikr bildirishdan tiyilaman. Yuqorida aytganlarim... bu men ishongan, bilgan va o'zim harakat qilayotgan marralar!

 

  Kamina qadim va hamisha Buxoro shahrida tavallud topib, bolaligimdan tirishib o'qib-intilib, oliygohda, xorijda tahsil olib, poytaxtdagi sohaning nufuzli tashkilotida mehnat qilib, O'zbekistonning kelajagi uchun xizmat qiladigan yo'nalishlarda bugun bosh qotirayotgan mutaxassislar safida ekanligimdan faxrlanaman! Xalqimizning farovon hayoti, Vatanimizning taraqqiyotiga zarracha bo'lsa-da o'z hissam qo'shayotganidan mamnuman.

  Energetika — iqtisodiyot lokomotivi, ijtimoiy-madaniy hayot tayanchi!

  Barcha ustozlarim hamda hozirda ustozlik qilayotgan hamkasblarimga tashakkur izhor etaman! Tengdoshlarim qatorida jonajon Vatanimizga xizmat qilaman!

  Yurtimiz tinch, xalqimiz sog'lom, iqtisodiyotimiz barqaror bo'lsin! Biz yosh energetiklar ustozlarimiz safida turib xalq xizmatidamiz.»

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>