"O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputati D.A.Isaqulovning Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga xizmat safari tafsilotlari
"O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputati D.A.Isaqulov Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan yuqori kuchlanishli podstansiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish barobarida 38-sonli "Kulob" saylov okrugida istiqomat qilayotgan fuqarolardan tushgan murojaatlarni o'rgandi. Deputat dastlab Xo'jayli tumani "Xalq qabulxonasi" binosida joylashgan Jo'qorg'i Kenges deputati qabulxonasida 2021-yil boshidan buyon qayd qilingan 20 ga yaqin yozma murojaatlar bilan birma-bir tanishib chiqdi.
Avval xabar berganimizdek, 2020-yil noyabr oyida Deputat qabulxonasida Xo'jayli tumani sobiq "Mirtazabiy" MFY fuqarolari Sh.Sultanova va A.Abdukadirov tomonidan yozilgan, shuningdek yana bir qancha fuqarolar tomonidan imzolangan guruhli murojaat qayd etilgan edi. Murojaat mazmuni Xo'jayli tumani Xalq qabulxonasi rahbari Kadirbay Jalolov hamda Ekologiya partiyasi Xo'jayli tumani partiya tashkiloti rahbari Gulnora Yusupovalar bilan muhokama etildi.
Batafsil: https://t.me/deputatisaqulov/146
Yangi bunyod etilib, hozircha infratizim imkoniyatlari kirib bormagan "Sarishungul" ovul fuqarolar yig'ini muammolari jamlanib, aniqrog'i elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi muammolari bo'yicha Xo'jayli tumani hokimi J.M.Ermashovga, "Qoraqalpog'iston hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ bosh direktori Z.T.Keremzatovga, "Hududgazmta'minoti" AJ boshqaruvi raisi B.B.Eshmuratov va "O'zsuvta'minot" AJ boshqaruvi raisi S.I.Saifnazarovga deputatlik so'rovnomasi yuborilgan edi.
Batafsil: https://t.me/deputatisaqulov/153
Deputat qabulxonasiga mazkur masala bo'yicha "Hududgazta'minoti" AJ hamda "Qoraqalpog'iston hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ tomonidan javob xatlari kelib tushdi.
Batafsil: https://t.me/deputatisaqulov/153
Jo'qorg'i Kenges deputati Dadajon Isaqulov mazkur masalaga taalluqli masalalar qay tarzda amaliyotga tatbiq etilayotgani bilan bevosita tanishish maqsadida "Sarishungul" ovul fuqarolar yig'iniga tashrif buyurdi va 31 ta xonadonning o'n nafardan ortiq vakillari bilan uchrashdi.
Fuqarolar bilan yangi mahallaning elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi muammolari, shuningdek, fuqarolar yangi ovul uylari ko'chib kelishi arafasida mahallaning ichki yo'llari, maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalari, ya'ni bolalarning maktab va bolalar bog'chasiga qatnashi masalalarining yechimi, amalga oshirish tartibi va muddatlarini muhokama etdi. Guruhli murojaat etgan fuqarolar Jo'qorg'i Kenges deputatiga tashrif uchun minnatdorlik izhor etib, ular tomonidan yozma ravishda taqdim etilgan, qariyb 3-4 yil davomida hal bo'lmayotgan muammolar tez orada hal etilishiga umid bog'layotganliklarini bildirishdi.
So'ngra deputat D.Isaqulov Xo'jayli shahrida joylashgan, Qoraqalpog'iston Respublikasida yagona bo'lgan aqli zaif bolalarning 3-sonli maktab-internatiga tashrif buyurdi. Muassasa rahbari Gulnora Mametnazarova hamda maktab-internatning pedagogik jamoasi tashrif davomida deputatni maxsus o'quv-tarbiya maktabida olib borilgan qurilish-ta'mirlash ishlari, o'quv va yotoq xonalarining jihozlanish darajasi bilan tanishtirishdi.
O'rganish xulosasi o'rnida shuni aytish mumkinki, homiy tashkilotlarni jalb etish evaziga muassasaning kirish qismiga asfalt qoplamasini yotqizish, shu bilan birga, mehnat-texnologiya fani bo'yicha kasb-hunar xonalarini maxsus uskuna va anjomlar bilan jihozlash masalalari hal etilishi belgilandi.
Shu o'rinda bir narsani alohida qayd etish joiz, mutasaddi tashkilotlar tomonidan maktab-internati binosi muqobil energiya manbai — o'rnatilgan bir nechta quyosh panellariga ulanib, buning evaziga muassasada iste'mol qilinadigan elektr energiyasi bir qismi qoplanishiga erishilgani deputat D.Isaqulovda yaxshi taassurot qoldirdi. Maktab-interneti faoliyati bilan tanishish davomida muassasaga mutaxassislar jalb etilib, quyosh panellarining samarali ish faoliyatini ta'minlash, servis xizmat ko'rsatish masalalarida amaliy ko'mak berish masalalari belgilab olindi.
Jo'qorg'i Kenges deputatining fuqarolar bilan keyingi uchrashuvi, "Kulob" ovuli oqsoqollarining talablariga muvofiq, 7-sonli umumta'lim maktabi binosida bo'lib o'tdi. Ovulda mavjud muammolarni hal etish borasida savol-javob va qizg'in bahs-munozaralar ruhida o'tgan uchrashuvda Xo'jayli tumani hokimiyatidan vakil — tuman hokimi o'rinbosari S.Dursimbetova, Xo'jayli tumani Xalq qabulxonasi rahbari K.Jalolov, Ho'jayli tumani Ekologiya partiyasi yetakchisi G.Sarieva hamda "Kulob" ovul fuqarolar yig'ini raisi A.Eshanovlar ishtirok etishdi. "Kulob" ovuli oqsoqollari deputat Isaqulovga bir nechta guruhli yozma murojaatlar taqdim etib, ariza-shikoyatlarning mazmunini o'z so'zlari bilan, jonli tasvirlari orqali ifodaladilar.
Shu o'rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, "Kulob" ovuli fuqarolarnining avvalgi murojaatlari bo'yicha bir nechta masalalar ijobiy hal etilib, fuqarolarning og'iri engil, qiyini oson bo'lgani, shuningdek, ovul oqsoqollarining 2021-yil yanvar oyining birinchi dekadasidagi murojaatlari umumlashtirilib, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Sog'liqni saqlash hamda Suv xo'jaligi vazirliklariga deputatlik so'rovnomalari yuborilgani oqsoqollar tomonidan alohida e'tirof etildi, oqsoqollar fuqarolar nomidan Jo'qorg'i Kenges deputatiga minnatdorlik bildirishdi.
Uchrashuvdan so'ng 7-sonli maktabning ayni paytda foydalanilmayotgan oshxona binosi, bundan tashqari, "Kulob" ovuli hududida joylashgan Qishloq vrachlik punkti ko'zdan kechirildi. Aynan shu tibbiy muassasa faoliyatini kengaytirish masalasi Sog'liqni saqlash vazirligining javob xati hamda ko'rsatmalariga muvofiq amalga oshirilishi belgilandi.
Bir so'z bilan aytganda, Jo'qorg'i Kenges deputati fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib o'zining keyingi faoliyatidagi amaliyotlarni belgilab oldi.
So'ng "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Qoraqalpog'iston Respublikasidagi 220 kVli "Beruniy" hamda Xorazm viloyatida joylashgan 220 kVli "Xorazm" podstansiyalarining kuz-qish mavsumidagi faoliyati, umuman elektr energetika tarmog'i, xususan magistral elektr tarmoqlari tizimida olib borilayotgan qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarini bevosita o'rganish maqsadida xizmat safarini yuqori kuchlanishli podstansiyalarda davom ettirdi.
Qish-kuz mavsumida, ayniqsa havo harorati Selsiy shkalasi bo'yicha manfiy ifodali raqamlarni ko'rsatgan pallalarda tabiiy gazga bo'lgan ehtiyoj oshishi barobarida elektr energiyasi iste'moli keskin oshishi munosabati bilan, elektr qurilma va jihozlarining ortiqcha yuklama bilan ishlash oqibatida, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida avariyaviy holatlar ro'y berishi mumkin.
Aynan shunday nosozliklarning oldini olish maqsadida Qoraqalplog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatining dashti-sahro kengliklari uzra cho'zilgan havo tarmoqlarini ko'zdan kechirishga chiqqan brigadalarning ish samaradorligi ham o'rganildi. "O'zbekiston MET" AJ boshqaruvi raisi yuqori kuchlanishli podstansiya hamda elektr uzatish tarmoqlarida mehnat qilayotgan mutaxassislarga o'z tavsiyalarini berib, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini past kuchlanishli havo tarmoqlariga yetkazib berish ishonchliligini ta'minlash yuzasidan tegishli topshiriq va ko'rsatmalar berdi.
Magistral elektr tarmoqlari rahbar kadrlari bilan joriy yil 19-yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan o'tkazilgan brifingda OAV va keng jamoatchilik e'tiboriga taqdim etilgan masalalar — joriy hafta oxiri va kelgusi hafta davomida kuzatilishi kutilayotgan ob-havoning keskin sovushi davrida yuqori kuchlanishli elektr qurilma va jihozlarining barqaror ishlanishini ta'minlash masalalari muhokama etildi, mutasaddilar tegishli topshiriq va ko'rsatmalar asosida kun tartibidagi ishlarini belgilab olishdi.
ДЕПУТАТ ҚАБЫЛЛАЎХАНАСЫ / DEPUTAT QABULXONASI
Kanalga a'zo bo`ling! t.me/deputatisaqulov
"O`zbekiston MET" АJ Аxborot xizmati