OAV va jamoatchilik bilan ishlash
2020-yil SARHISOBI: Jamiyatda xalqaro shartnoma-kelishuvlardan tashqari barcha hujjatlar davlat tilida yuritilishiga erishilmoqda (№ 3)
  • 10.01.2021
  • 1133

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchisining 2020-yil davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti

 

   I.  Davlat tiliga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ'ib qilish, tizimdagi tashkilot va muassasalarda xodimlarga davlat tilini chuqur o'rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari bo'yicha:

   Maslahatchi joriy yilning mart oyida Toshkent viloyati, aprel oyida Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog'iston Respublikasidagi filiallarda xizmat safarida bo'ldi. Safar davomida hududlardagi tizimlarda davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi holatlari bilan tanishdi. Filial rahbarlari va mas'ul xodimlar bilan ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha muloqot olib bordi. Filiallardagi ichki va tashqi yozishmalar, hujjatlar, hisob-kitob, statistika va xizmat xatlari davlat tilida ish yuritish qoidalariga mosligi ko'rib chiqildi.

 

   Shuningdek, ulardagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar va boshqa ko'rgazmali axborot matnlari davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini o'rganildi. Rasmiy xatlarni tayyorlashda mutasaddi rahbarga nisbatan hurmat saqlanishi, murojaat odobiga amal qilinishi zarurligi, mutasaddi rahbarga murojaat shakli qanday so'z va so'z birikmalari orqali ifodalanishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

 

   Hozirda aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi mavjud tizimlarda davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so'zsiz rioya etilishi masalasiga jiddiy e'tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro ahamiyatga ega bo'lmaganlaridan tashqari barcha xat-hujjatlar to'laqonli tarzda o'zbek tilida yozilishi belgilab qo'yildi. Aniqrog'i, Rossiya Federasiyasi, Afg'oniston, Tojikiston, Qozog'iston va Turkmaniston davlatlari bilan bog'liq shartnomaviy munosabatlarning rus tilida olib borilishiga shartli holda ruxsat berilgan.

   Jamiyat Birlashgan Kasaba uyushmasi qo'mitasi raisi, Axborot xizmati rahbari hamda "Yoshlar Ittifoqi" sardori bilan hamfikrlikda davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash bo'yicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishida tashabbuskorlik namoyish qilinmoqda. Ishchi-xodimlarga davlat tilini chuqur o'rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda davlat tilini keng targ'ib qilishga qaratilgan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

 

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv apparati joylashgan binodagi mavjud barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, e'lonlar, reklama va ko'rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo'lishi to'liq ta'minlangan.

   "O'zbekiston MET" AJga Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan 2020-yilda nashr qilingan jami 20 dona "Davlat tilida ish yuritish" amaliy qo'llanmasi olinib, barcha boshqarmalar, hududiy va tizim tashkilotlariga yetkazildi.

   2020-yil mobaynida Jamiyatdagi ma'naviy-ma'rifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlari hamda dasturlar va "Yo'l xaritalari"ning ijrosi bevosita mazkur vazifalarga mas'ullar bilan o'rganilib, o'rnatilgan tartibda ijrosi ta'minlanmoqda. Xususan, xat-hujjatlar tayyorlanayotganda nimalarga e'tibor qaratilishi kerakligi, hujjat matnida aniqlik, ixchamlik, lo'ndalik, mazmuniy to'liqlik kabi talablarga javob berishi kerakligi, bu talablarga javob bera olmaydigan hujjat ish yuritish jarayoniga xalaqit berishi, uning samaradorligini keskin pasaytirishi mumkinligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hujjat matnida shevaga xos so'zlar, tarixiy so'zlar, arxaik – eskirib, iste'moldan chiqib ketgan so'zlar, jargonlar, ya'ni tor doiralarda ishlatiladigan "Ko'cha muhiti"ga xos so'zlar bo'lmasligi kerakligi, hujjat matni adabiy til qonun-qoidalari asosida tayyorlanishi shartligi mas'ullarga uqtirilmoqda. Odatda, Jamiyat faoliyatiga oid ko'pgina hisobotlar aksar hollarda rus tilida tayyorlayotganligi aniqlanib, endilikda bu hisobotlar faqat o'zbek tilida tayyorlanishiga erishildi. Shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan rusiyzabon xodimlarga davlat tilini o'rganishlari va o'zbek tilida ish olib borish shartlari tushuntirilmoqda.

   II. Davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so'zsiz rioya etilishi, bu borada aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar bo'yicha:

   Jamiyatda buyruqlar, tashkilotlar va idoralararo ichki hamda tashqi yozishmalar, hujjatlar, hisob-kitob, statistika, fuqarolar murojaatlariga javoblar, yig'ilish bayonlari, yarim yillik, to'qqiz oylik hisobotlar, har chorakda o'tkaziladigan Hay'at yig'ilishi qarorlari, xizmat xatlari to'liq o'zbek tilida tayyorlanishiga erishildi. Faqat qo'shni respublikalar, yaqin va uzoq xorij mamlakatlari, xalqaro moliya institutlari, elchixonalar bilan yozishmalar rus, ingliz yoki boshqa xorijiy tillarda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Jamiyat tizimidagi filiallarda barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar va boshqa ko'rgazmali axborot matnlari davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Joylarda o'tkazilgan malaka oshirish kurslari, o'quv-seminarlarda ham dasturlar, ma'ruza matnlari, slaydlar davlat tilida tayyorlanmoqda.

   Bundan tashqari, maslahatchi tomonidan joriy yilning may oyida jamiyat tasarrufidagi Toshkent tibbiy-sanitariya qismida maqsadli o'rganish ishlari o'tkazildi. Xususan, u yerdagi ko'rgazmali materiallarning ayrimlari kirill alifbosida, ayrimlari lotin yozuvi asosidagi o'zbek alifbosida ekanligi ko'zga tashlandi. Tashkilot mansabdor shaxslarining lavozimlari yozilgan maxsus kartonlarda uchrab turadigan rus tilidagi tanishtiruvlar tanqidiy ko'rsatib o'tilgan edi. Tashkilot rahbari mas'ulligida zudlik bilan bu kamchiliklar bartaraf etildi va kelgusidagi faoliyatda hammasini bir xilda davlat tili – o'zbek tilida, lotin yozuvida tayyorlash bo'yicha zarur topshiriqlar berildi.

 

   III.  Sohada davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo'llab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi so'z va atamalarni iste'molga kiritish, zamonaviy atamalarning O'zbekona muqobillarini yaratish bo'yicha:

   Jamiyat tizimida davlat tilini rivojlantirishga oid tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi sohasiga oid xalqaro so'z va atamalar, termin va nomlarning O'zbekcha muqobillari yaratilgan Energetika vazirligi doirasidagi ikki tilli terminologik lug'at, qo'llanma yoki Energetika sohasi atamalarining izohli lug'ati"ni ishlab chiqish va undan vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlari ish faoliyatida – buxgalteriya hisobotlari, buyruqlar ilovalari, qaror, farmon va farmoyish loyihalari hamda boshqa tegishli hujjatlarni tayyorlashda foydalanishlarini yo'lga qo'yish borasida harakatlar olib borilmoqda. Xususan, bu borada hozirgi kunga qadar mavjud bo'lgan sohaviy lug'atlar bir-biri bilan solishtirilib chiqilmoqda.

   Batafsil: https://telegra.ph/uzbekistonmetuz-09-02

   Davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo'llab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi so'z va atamalarni iste'molga kiritish, zamonaviy atamalarning O'zbekona muqobillarini yaratish bo'yicha takliflar kiritish yo'nalishida ham birmuncha harakatlar qilinmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoq sohalarida bu mavzuda oid bahs-munozaralarda ishtirok etib, tegishli takliflar bildirib kelinmoqda.

   Shuni alohida aytib o'tish kerakki, ushbu tizimda ko'p yillardan buyon aksariyat hollarda rus tilida faoliyat yuritib kelingan. Ayni paytda bosqichma-bosqich barcha xat va hujjatlar davlat tilida tashkillashtirilmoqda. Bevosita rahbar huzurida davlat tilini rivojlantirish masalalarini ko'rib chiqish hamda qarorlar qabul qilish, shuningdek, boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy sohani va davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan buyruq, qaror va ko'rsatmalari ijrosini nazorat qilishda ham jonbozlik ko'rsatilmoqda.

   IV.  OAV, Internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat tiliga bag'ishlangan maqola va materiallar berib borish bo'yicha:

   Boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchisi Davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish jarayonlarida faol ishtirok etib, asosan bu yo'nalishda ijtimoiy tarmoqlarda davom etayotgan bahs-munozaralarda ham faol qatnashib kelmoqda. Xususan, "Milliy tiklanish" partiyasi Kengashi tashabbusi bilan tashkil qilingan "Fikrlar chorlovi" muhokamalar kanalida ko'pgina dolzarb fikr-mulohazalar bilan munosib ishtirok etdi. Shuningdek, Telegram va Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarning maxsus sahifalarida davom etayotgan til mavzusidagi tortishuvli munozaralarda faol qatnashib kelmoqda.

   O'zbek tiliga hukumat darajasida qaratilayotgan e'tiborning o'zi til jonkuyarlari uchun katta dalda, zo'r madad ekanligi xususida, shuningdek, mana shunday nurli va fayziyob kunlarni sog'inib, orzu qilib o'tishgan buyuk ma'rifatparvar ajdodlarimiz haqqi hurmati bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarining barcha turidan keng foydalangan holda targ'ibot-tashviqot faoliyatini jonli tarzda olib borish talab qilinadi. Shu ma'noda, maslahatchi tomonidan "Yangi O'zbekiston" gazetasining 8 aprel va 21 aprel sonlarida "Ajdod tili, avlod tili — Davlat tili" hamda "Tiniq maqsad, tiniq tilaklar" nomli mulohazali maqolalari chop etildi. Shuningdek, "Aytib qo'yay, men O'zbekcha kurashaman!" nomli maqolasi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sayti hamda Departamentning Internet sahifalarida e'lon qilindi.

   Shuningdek, Departamentning "Madaniyat va ma'rifat" telekanali bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Til – quyosh, adabiyot – nur" ruknidagi ma'rifiy ko'rsatuvida ikki adib – Said Ahmad va Saida Zunnunovalar ijodi misolida tahliliy chiqish qilindi.

   "O'zbekiston" telekanalidagi munozaralar chorrahasi hisoblangan "Munosabat" ko'rsatuvining aynan o'zbek tili mavzusiga bag'ishlangan (sentabr oyida) sonida o'zining tegishli fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdi. "O'zbekiston" radiokanalining "Tungi hamroh" eshittirishiga taklif etilib, mazkur dasturda ham bugungi kunda o'zbek tiliga bo'layotgan e'tibor va istiqboldagi vazifalar xususida mulohazalar bildirildi.

   "O'zbekiston-24" telekanalining "studiya-24" ko'rsatuvida ham chiqishlar qilib, (oktabr oyida) til va el ozodligi mavzusidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4830

   O'zbekiston o'smir yoshlarining nashri bo'lgan "Tong yulduzi" gazetasida (oktabr oyida) aynan davlat tiliga bo'lgan bugungi e'tibor va yoshlarimizni o'z tilimizga hurmat ruhida tarbiya topishlariga oid mushohadalari e'lon qilindi.

   Aynan O. To'xtashev qalamiga mansub bo'lgan "Ona tilim" she'riy roligi bayram arafasida ko'p bor efirga uzatildi. Qolaversa, Vatanimiz mustaqilligi bayrami oldidan "Mahalla" hamda "O'zbekiston" radiokanallarida til va el ozodligi xususidagi chiqishlarini ham sanab o'tish mumkin.

   Bundan tashqari, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining maxsus Internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida "O'zbekiston MET" AJning axborot xizmati xodimlari bilan birgalikda olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi keng ko'lamli ishlar to'g'risidagi tahliliy chiqishlar tashkil etilgan.

   V. Boshqa vazifalar va yo'nalishlar bo'yicha:

   Jamiyatning Internet tarmog'idagi uzbekistonmet.uz rasmiy veb-sayti hamda Telegram kanallari orqali Mustaqillik bayrami, "O'zbek tili kuni", Konstitutsiya, Davlat bayrog'i va Madhiyasi qabul qilingan kunlar arafasida idora yoshlari o'rtasida kitobxonlik hamda bilimdonlik sinovlari tashkil qilindi.

     Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5351

                         https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5352

                         https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5353

   Mazkur tadbirlarga yurt ozodligini qadrlash, buyuk ajdodlarga munosib avlod bo'lish ishtiyoqi va shuningdek, o'zbek tiliga hurmat ruhida tarbiya topib, mamlakat nomini dunyoviy sahnalarga olib chiqish singari ruhlantiruvchi da'vatlar mohiyatan singdirilganligi bilan ham ahamiyatlidir.


O. To'xtashev, "O'zbekiston MET" AJ boshqaruvi raisining

davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchisi


"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo'lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>