Yangiliklar
Raddiya: Energetika vazirligi elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha hech qanday topshiriq bermagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar mutlaqo asossiz
  • 17.12.2024
  • 42

Bugun bir qator ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari hech qanday huquqiy asos ko‘rsatilmagan holda o‘chirib qo‘yilayotgani haqida xabar tarqaldi. Aytilishicha, quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzish bo‘yicha vazirlik topshiriq bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini maʼlum qiladi. Taʼkidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda generatsiya, yaʼni elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi esa o‘z ehtiyojimizni to‘liq qoplashga yetadi.

Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermagan.

Shuni alohida aytish kerakki, Energetika vazirligi ekologiyamizni asrashga katta hissa qo‘shadigan elektromobillarni O‘zbekistonda ommalashtirish tarafdori.

Shu o‘rinda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatlariga to‘sqinlik qilish holatlariga duch kelsangiz, Energetika vazirligining +99871-231-16-61 (ichki 7037, 7046 va 7057) raqamli "Ishonch telefonlari"ga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

 

Manba: https://t.me/minenergy_uz/14231

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>