Bugun, 28-noyabr kuni Energetika vazirligida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish usullari boʻyicha xodimlar uchun navbatdagi brifing oʻtkazildi.
Unda Energetika vazirligi va Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi vakillari ishtirok etdi.
Brifingda taʼkidlanganidek, yurtimizda aholi sonining koʻpayishi, iqtisodiyot tarmoqlarining jadal surʼatlarda rivojlanishi va ularning energiyaga boʻlgan talabi yil sayin ortib borayotgani bois ushbu resurslarga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish, ulardan samarali va oqilona foydalanish dolzarb masala ekanligi alohida qayd etildi.
Xususan, energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikni kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekistonning energetika siyosati mamlakatning energetika xavfsizligini taʼminlashga, milliy energetika tarmogʻi salohiyatidan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etishda foydalanishga qaratilgan.
Tadbirda elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlari qanchalik koʻpaymasin, agar har bir inson iqtisodiyotda, ijtimoiy soha obyektlarida va uy xoʻjaliklarida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha doimiy ravishda hissa qoʻshmasa, energiya resurslarining katta qismi isrof boʻlishda davom etaverishi taʼkidlandi.
Bugungi kunda energetika sektori har qanday mamlakat taraqqiyotining poydevori hisoblanadi. Aynan mana shu narsa iqtisodiyotni rivojlantirish, odamlarning farovon yashashi, taʼlim, tibbiy yordam, ijtimoiy taʼminot, kommunal xizmatlar kabi muhim ijtimoiy sohalarning normal faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratish imkonini beradi.
Bu esa, tabiiyki, har birimizdan tejamkorlikni hamda energiya samarador texnikalardan keng foydalanishimizni talab etadi. Energiya resurslarini asrab-avaylash va undan tejab foydalanish madaniyati kelajak avlod oldidagi masʼuliyat hamdir.
Brifingda ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/28816
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati