Yangiliklar
AOKAda Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov ishtirokida brifing: Aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayonlarining natijalari, istiqboldagi rejalar
  • 26.11.2024
  • 48

AOKAda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi:

Transformatsiya islohotlarining ahamiyati

Transformatsiya jarayonlari kam ishchi kuchi va iqtisodiy resurslar bilan yuqori samaradorlikka erishishning muhim omili sifatida mamlakat iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish — iqtisodiy va inson resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, tizimga raqamli texnologiyalarni va dasturiy taʼminotlarni joriy qilishni yana-da jadallashtirish, boshqaruvda va texnologik jarayonlarda inson omilini qisqartirib, adolatli tizimlarni yaratish, korrupsiyani oldini olish, ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish, elektr energetika tizimini ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash kabi muhim ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi.

Transformatsiyaga oid qonunchilik hujjatlari

Sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qator qonunchilik hujjatlari qabul qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 20 sentyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika sohasi korxonalarini transformatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-329-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi «Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-166-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-83-son qarori, 2022-yil 8-apreldagi «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi

PF-101-son Farmoni va boshqalar shular jumlasidandir.

2024-yilda amalga oshirilgan ishlar

Energetika tizimida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibida ham yirik tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-martdagi «Energetika vazirligi huzurida «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risida» 126-son qarori bilan «O‘zbekiston MET» AJdan milliy dispetcherlik funksiyalari ajratilib, Energetika vazirligi huzuridagi «Milliy dispetcherlik markazi» tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-166-son Farmoniga ko‘ra elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni va sohadagi xizmatlar sifatini oshirish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasi yangi tashkil etilgan “O‘zenergosotish” AJga o‘tkazildi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini uzatish (transportirovka) hamda tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona tizim operatori etib belgilandi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasi “O‘zenergosotish” AJ tomonidan, magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasi esa «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zining transformatsiya islohotlarini davom ettirmoqda. Jumladan,

*SAMARADORLIKNI OSHIRISH YO‘NALISHIDA

1) Asosiy faoliyatga oid bo‘lmagan shoʻba korxonalarini optimallashtirish hisobiga 2024-yilga kelib tizim tashkilotlari soni 30 tadan 19 taga qisqardi. Jumladan, «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi, «Nurchi» dam olish maskani, Namangan va Toshkent tibbiy sanitariya qismlari, «Nurafshon» sanatoriyasi, «Qoronko‘l» dam olish maskani, «Qaldirg‘och» dam olish oromgohi va boshqalar shular jumlasidandir. Natijada, yiliga o‘rtacha 30,0 mlrd so‘m miqdorida nosohaviy harajatlarni qisqartirishga erishildi.

2) 2022–2026-yillar uchun “McKinsey&Company” (Mak Kinsey) xalqaro konsalting kompaniyasi tavsiyalariga asosan operatsion samaradorlikni 1,1 trln so‘mga, xususan 2024 yilda 350,0 mlrd. so‘mga taʼminlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Vazirlar Maxkamasining 2022-yil 29-apreldagi 210-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan ushbu «Yo‘l xaritasi» ijrosi joriy yilda 355,0 mlrd. so‘mga taʼminlanishi kutilmoqda. 2022-2026-yil uchun belgilangan reja ijrosi 970,0 mlrd so‘m yoki 88 foizga taʼminlanadi. Shuningdek, 2025- yildan boshlab Aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatini daromad bilan yuritishi hamda yil yakunini 643,8 mlrd. so‘m miqdorida sof foyda bilan yakunlashi kutilmoqda.

3) Jamiyatimizda rahbar va o‘rinbosarlar faoliyatining 2024-yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari KPI — asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (key performance indicators) hamda ularga erishish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi. Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi maʼlumotlar har chorakda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligining “samaradorlik.uz” elektron platformasiga, shuningdek, xizmat safarlari to‘g‘risidagi maʼlumotlari oylik shaxsiy ish rejalari asosida «Xizmat safari» moduliga kiritib borilmoqda. Jamiyatda har bir xodimning faoliyati samaradorligini baholashga qaratilgan KPI tizimi ham joriy etildi.

 

*RAQAMLI TRANSFORMATSIYA YO‘NALISHIDA

1) Xaridlar jarayonining shaffofligi taʼminlandi. Barcha xaridlar korrupsiyaviy risklarni minimallashtirish va inson omilini qisqartirish maqsadida (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, cooperation.uz va etender.uzex.uz) elektron savdo tizimlari orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati xaridlar tizimini raqamlashtirish bo‘yicha maxsus dasturiy taʼminot tizimini ishlab chiqdi. Ushbu tizim talabnomalarni shakllantirish, omborlar hisobi, marketing hamda shartnomalar hisobini o‘z ichiga oladi;

2) Magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatishdagi texnologik sarfni hisoblash dasturi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Bugungi kunda ushbu dasturiy taʼminot orqali hisob-kitoblar amalga oshirilmoqda;

3) «Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan axborot-o‘lchov tizimi (AISKUE) joriy yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushiriladi;

4) Har bir boshqarmaning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha sohaga oid mavzularda video va audio darslarini tayyorlash va joylarda xodimlarga yetkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi;

5) Aksiyadorlik jamiyatida “OBLOKO” server tizimi ishlab chiqildi. Yaʼni bulutli provayder infratuzilmasiga tashkilot ish faoliyatiga oid axborot resurslari jamlanadi va undan barcha xodimlarimiz masofadan turib foydalanishlari mumkin.

*BOSHQA YO‘NALISHLARDA

1) Korporativ boshqaruv tamoyillari xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Jumladan, «Sifat menejmenti», «Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish», «Ekologik boshqaruv», «Mehnat va sanoat xavfsizligini boshqarish» hamda «Energiya menejmenti» bo‘yicha xalqaro ISO standartlari qabul qilindi. Hozirda «Xavf-xatarlarni boshqarish tizimi» bo‘yicha (ISO 31000) standartini joriy etish choralari ko‘rilmoqda;

2) «Ernst & Young» LLC kompaniyasi Aksiyadorlik jamiyatining 2023-yildagi xalqaro moliyaviy hisobotlari uchun ijobiy auditorlik xulosalarini taqdim etdi;

3) Aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish hamda boshqaruv sifatini yaxshilash maqsadida tashkiliy tuzilmalar faoliyati qayta ko‘rib chiqildi hamda asosiy sohalardagi rahbar va xodimlarning malaka talablari ishlab chiqildi.

4) Investitsiya loyihalarini optimallashtirish bo‘yicha Last Planner (Qurilish jarayonini to‘g‘ri rejalashtirish va jamoaga aniq vazifalarni belgilash) va Control Tower (Monitoring nazorati va logistika) usullaridan foydalangan holda loyihaning har bir bosqichini tekshirish va nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bunda loyihalarni amalga oshirish muddatlarini 3-4 oygacha qisqartirish hamda har bir loyiha bo‘yicha 5-10 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, investitsiya loyihalarining foydalilik ko‘rsatkichlari IRR ni hisoblash tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Bu oldindan amalga oshirilishi kutilayotgan loyihaning istiqbolini belgilash imkoniyatini yaratadi. Loyihalar qiymatini qisqartirishning Design-to-value uslubidan foydalangan holda ortiqcha xarajatlarning oldi olinmoqda. Bu har bir loyiha qiymatini o‘rtacha 10-15 foizga qisqartirmoqda.

  2025-YIL UCHUN ISTIQBOLDAGI REJALAR

1) «Ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv (ESG)» tamoyili joriy etiladi:

Ekologiya tamoyili – kompaniyaning atrof-muhitga qanchalik qayg‘urishini va ekologiyaga yetkazilayotgan zararlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan harakatlarini belgilaydi.

Ijtimoiy siyosat tamoyili – kompaniyaning xodimlarga, yetkazib beruvchilarga, mijozlarga va isteʼmolchilarga munosabatini ko‘rsatadi. Standartlarga javob berish uchun korxonalar mehnat sharoitlarining ustida ishlashi, gender muvozanatni kuzatishi yoki ijtimoiy loyihalarga sarmoya kiritishi kerak.

Korporativ boshqaruv tamoyili – kompaniya boshqaruvi sifatiga taʼsir qiladi: hisobotlarning shaffofligi, boshqaruvga to‘lanadigan maosh miqdori, boshqaruvdagi sog‘lom muhit, aksiyadorlar bilan munosabatlar, korrupsiyaga qarshi choralar va boshqalar.

2) «Korporativ ijtimoiy masʼuliyat (CSR)» tamoyili joriy etiladi.

Kompaniyalar jamiyatning ijtimoiy muammolariga, masalan, kambag‘allik, taʼlimga yordam berishi, gender tenglikni taʼminlashi va boshqa ijtimoiy masalalarda faol ishtirok etishlari kerak. O‘z faoliyati orqali iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashi, ish o‘rinlari yaratishi va barqaror rivojlanishni taʼminlashi kerak.

3) Xorijiy audit kompaniyalarini jalb qilgan holda, korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini o‘rganish bo‘yicha xaridlar jarayoni forenzik auditdan o‘tkaziladi.

4) Jamiyat faoliyatining operatsion modeli ishlab chiqiladi;

5) Kadrlarni boshqarish tizimining samaradorligini oshirish maqsadida, eng yaxshi amaliyotlarga mos HR-strategiya ishlab chiqiladi va joriy etiladi;

6) Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga mos keluvchi Yangi hisob siyosati (buxgalteriya, soliq va boshqaruv hisobi) ishlab chiqiladi.

7) Xalqaro konsultantlar ishtirokida 2030-yilgacha raqamlashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi va boshqalar.

Raqamlashtirish yo‘nalishida 2025-yilda quyidagi yirik loyihalarni amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda, jumladan:

1) «Dispetcherlik nazorati va maʼlumotlarni yig‘ish» bo‘yicha yangi texnik-dasturiy kompleks (SCADA) hamda «Elektr energiyasini boshqarish» (EMS) tizimlarini joriy etish choralari ko‘rilmoqda. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi «EDF-CIST» (Fransiya) konsalting kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaning umumiy qiymati — 125,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Hozirda tender jarayonlari davom etmoqda.

2) «Resurslarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi» (ERP) ni joriy etish choralari ko‘rilmoqda. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari «FORS CA SOLUTIONS» MCHJ (O‘zbekiston) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaning umumiy qiymati – 22,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Hozirda tender jarayonlari davom etmoqda.

3) Zamonaviy raqamli biznes texnologiyalar asosida IT-arxitektura ishlab chiqiladi va boshqalar.

Xulosa qilib aytganda, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati faoliyatida transformatsiya islohotlarining ijrosi kutilgan ijobiy natijalarni bermoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirishga erishish. Buning uchun loyihalarni maqbullashtirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirishga eltuvchi chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/48118

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>