Sir emas, har yili kuz-qish mavsumida avtomobil haydovchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi. Ularning asosiy muammosi kunning sovuq paytlarida qayerda yoqilg‘i quyish yoki avtomobilini siqilgan hamda suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish mumkinligini aniqlashtirishning imkonsizligida edi.
Va nihoyat endilikda bunday muammolarga barham beriladigan bo‘ldi.
Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan har bir hududdagi eng yaqin yoqilg‘i quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish va elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalarini topish, narxlarni taqqoslash, borar manzili hamda vaqtini aniq rejalashtirish imkonini beruvchi “Avto24” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirildi.
Ayni paytda iste’molchilar mazkur ilovani Android va iOS operatsion tizimi qurilmalari orqali bepul yuklab olishlari mumkin.
“Avto24” ilovasi avtomobil egalariga hududlardagi barcha yoqilg‘i hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida hozirgi vaqtda mavjud yoqilg‘ining narxi, zaxirasi va qulayliklari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish, elektromobil egalari uchun maxsus quvvatlash punktlarining lokatsiyalarini aniqlash singari imkoniyatlarni taqdim etadi.
Shuningdek, iste’molchilar ilova orqali o‘zlariga ma’qul manzilning reytingini ko‘tarish, yoqilg‘i sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/13701
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati