Yangiliklar
Transformatsiya va tejamkorlik bo‘yicha vazifalar belgilandi
  • 05.11.2024
  • 86

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu sohani hayot talabiga mos ravishda rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlari alohida kompaniyalarga ajratilib, investitsiya uchun imkoniyatlar yaratildi. Oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishga 4 milliard 300 million dollar investitsiya kirib keldi, 5,7 gigavatt yangi quvvatlar yaratildi.

Tarmoqdagi 4 ta korxona – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari xalqaro kredit reytingini olishga erishdi. Endigi qadam – transformatsiya orqali raqobatbardosh kompaniyalarga aylanish. Bu elektrni iste’molchilarga kafolatli yetkazib berish uchun ham, investitsiyalarni mustaqil jalb etish uchun ham asosiy omil.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekani ta’kidlandi. Bunga loyihalarni maqbullashtirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirish orqali erishish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqsimlash tarmoqlarini xususiy sheriklik asosida investorlarga berib, ularni modernizatsiya qilishga 4 milliard dollar investitsiya jalb qilish mumkin. Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yili qabul qilingan energetikada raqobat bozorini tashkil etish konsepsiyasi doirasida tarmoq korxonalari transformatsiyasini tezlashtirish, ularda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Kelgusi yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili bo‘lishi qat’iy belgilandi. Tarmoq kompaniyalarini quyi bo‘g‘ingacha transformatsiya qilish va raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilar ushbu korxonalarda xarajatlarni samarali boshqarish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

 

 

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7665

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>