Yangiliklar
Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarining energiya auditini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
  • 23.10.2024
  • 118

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-oktyabrdagi 690-sonli qarori bilan yoqilgʻi-energetika resurslari iste’molchilari hamda bino va inshootlarning energiya iste’molini energiya auditidan oʻtkazish tartibi tasdiqlandi.

2024-yil 1-noyabrdan 200 kvadrat metrdan ortiq maydonli bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun quyidagi toifalar joriy etiladi: «A», «V», «C», «D», «Ye», «F» va «G».

Bunda «A» toifasi eng yuqori energiya samaradorligiga ega bino va inshootlarni, mos ravishda «G» toifasi – eng past energiya samaradorligiga ega boʻlganlarini belgilash uchun qoʻllaniladi.

Energiya samaradorligi – yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish natijasida olingan samara nisbatining yoqilgʻi-energetika resurslari sarfiga nisbatini aks ettiruvchi koʻrsatkich.

Joriy yil yakuniga qadar 200 kvadrat metrdan ortiq foydali maydonga ega bino va inshootlarning energiya auditi natijalari boʻyicha tayyorlangan energiya pasportlari va hisobotlarning elektron reyestrini yuritish uchun moʻljallangan maхsus elektron platformani ishlab chiqish va ishga tushirish rejalashtirilgan.

2024-yil 9-noyabrdan kuchga kiradigan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 2024-yil 7-avgustdagi OʻRQ-940-sonli Qonunga muvofiq  quyidagilar tasdiqlandi:

yoqilgʻi-energetika resurslari iste’molchilarining majburiy energiya auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

bino va inshootlarning energiya iste’molini auditdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
 
Yoqilgʻi-energetika resurslari iste’molchilarining majburiy energiya auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

energiya auditini tashkil etish tartibi;

energiya auditi turlari;

iste’molchilarning energiya auditini oʻtkazish bosqichlari;

energiya auditi natijalari boʻyicha tavsiyalarni bajarmaganlik uchun choralar.
 
Majburiy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda birlamchi, davriy, navbatdan tashqari shaklda va ekspress-energiya auditi shaklida oʻtkaziladi.

Davriy energiya auditi majburiy tartibda besh yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.

Energiya auditi yangi qurilayotgan, mavjud, funksional oʻzgartirilgan (qayta profillangan), rekonstruksiya qilingan, kapital ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan bino va inshootlarning energetik pasportlarini ishlab chiqishda hamda energiyani tejashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda oʻtkaziladi.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024-yil 21-oktyabrdan kuchga kirdi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/13318

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>