Yangiliklar
Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari tasdiqlandi
  • 11.10.2024
  • 43

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-oktyabrda “Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 652-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan qoidalar taqsimlash elektr tarmoqlaridan oqilona va shaffof foydalanish orqali barcha ishtirokchilarga teng shart-sharoitlar yaratish, taqsimlash tizimini xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiya qilish va uni rivojlantirish, yakuniy isteʼmolchilar elektr taʼminotining ishonchliligi va barqarorligini taʼminlash, uzilishlarni oldini olish hamda elektr energiyasi sifatini taʼminlash, isteʼmolchilarning talabiga javob beradigan elektr energiyasini yetkazib berishdagi munosabatlarni tartibga soladi.

Qoidalar tarmoqqa ulanishga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalar, tizimni tartiblashtirish bo‘yicha zarur shartlar va tartib-taomillarni, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tizimiga integratsiya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni hamda favqulodda vaziyatlarda tizim ishonchliligini taʼminlash mezonlarini belgilaydi.

Shuningdek, tizimda aqlli tarmoqlar va zamonaviy infratuzilmani yaratish uchun yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish yuzasidan umumiy talablarni o‘rnatadi.

Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Manba: https://gov.uz/oz/emdra/news/view/24087

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>