Yangiliklar
Joriy yil 1-oktabrga qadar 1 dona kuch transformatori va 222,4 kilometr uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarida mukammal taʼmirlash ishlari bajariladi
  • 20.09.2024
  • 97

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov maʼlum qildi.

 “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 110, 220, 500 kilovolt kuchlanishli 89 ta podstansiya hamda uzunligi 12 250 kilometr magistral elektr tarmoqlari ekspluatatsiya qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi obyektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2024/2025-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 6-iyuldagi 388/22-son Qarori ijrosi yuzasidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarini barqaror ishlashiga tayyorlash to‘g‘risida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

2023-yilda sodir bo‘lgan avariyaviy o‘chishlardan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda, trakt hosil qiluvchi

220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi. Barcha yuqori kuchlanishli podstansiya hamda magistral elektr uzatish tarmoqlariga masʼul xodimlar biriktirilgan.

Kuz-qish mavsumida elektr qurimalarini barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida umumiy quvvati 736 megavolt•amper bo‘lgan 9 dona kuch transformatori va 848 kilometrdan ziyod uzunlikdagi 110–500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari, 31 dona o‘chirgich va 4 dona kompressor qurilmasini mukammal taʼmirlash rejalashtirildi.

2024-yil 10-sentabr holatiga rejaga asosan 625,8 kilometr (74 foiz) uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 8 dona transformator (89 foiz),

32 dona o‘chirgich (103 foiz), 4 dona kompressor qurilmasi (100 foiz)  mukammal taʼmirlandi.

Joriy yil 1-oktabrga qadar 1 dona kuch transformatori va 222,4 kilometr uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarida mukammal taʼmirlash ishlari bajariladi.

Shu bilan birga, transformatorlarning sovutish tizimidagi 113 ta dvigatel taʼmirlandi va 66 ta yangi dvigatel o‘rnatildi.

220–500 kilovolt kuchlanishli 12226 kilometr tarmoq navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 721 ta qushlar qo‘nishiga qarshi moslama, 6000 tadan ortiq izolyator o‘rnatildi, chaqmoqqaytargich trosslar va kontur yerlagichlari tekshirildi.

Doimiy ravishda elektr uzatish havo tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarining kontakt birikmalari teplovizor qurilmalari yordamida ko‘rikdan o‘tkazildi va 200 tadan ortiq aniqlangan qizishlar bartaraf qilinib, favqulodda holatlarning oldi olindi.

Shuningdek, avariyaviy holat sodir bo‘lganda holatni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida, borish qiyin bo‘lgan tayanchlargacha (tog‘li, qir-adirli hududlarda) yo‘laklar barpo etildi, shu bilan birga, daryo o‘zanlarida va tog‘ yonbag‘rlarida joylashgan tayanchlarni sel-toshqin taʼsiriga tushishini oldini olish choralari (qo‘shimcha ariqlar barpo etildi) ko‘rildi.

Podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarining ishonchli ishlashini taʼminlash maqsadida 150 tonna transformator moyi, 1000 kilogramm texnik plastina, 23 dona metall tayanch, 26 dona temir-beton tayanch, 10000 ta izolyator, 12 ta turli quvvatdagi transformator, 35 tonna turli rusumli simlar, ikkilamchi zanjir uchun 10 kilometr kabel mahsulotlari zaxirasi yaratildi.

Shu bilan birga, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 65 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular 139 ta maxsus avtotransport vositasi shundan, 25 ta yuk ko‘tarish avtokrani, 64 ta brigada avtotransporti, 27 ta ko‘tarma kranlar, 14 ta ko‘chma laboratoriya va 9 ta ekskavator, zaruriy ehtiyot qismlar, shuningdek, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq taʼminlangan.

Bundan tashqari, 110-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida olib boriladigan ko‘rik ishlarining samaradorligini oshirish, yaʼni borish qiyin bo‘lgan hududlar, muhofaza zonasidagi yangi qurilishlar, daraxtzorlarni aniqlash hamda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda elektr tarmog‘ining shikastlangan joyini qisqa muddatlarda topish maqsadida uchuvchisiz o‘chish apparati — drondan foydalanish joriy etilgan bo‘lib, hozirda 656,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida va 2000 tadan ortiq tayanchda ko‘rik ishlari olib borildi.

Investitsiya loyihalari

Investitsiya dasturi doirasida 2024-yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 430,6 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirilib (hozirgi paytda 196,6 mln. AQSH dollari hisobidagi mablag‘lar o‘zlashtirilgan, yaʼni shu hajmdagi ishlar bajarilgan), 10 ta investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish natijasida 595 kilometr uzunlikda

220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va jami 2798 megavolt•amper o‘tkazuvchanlik quvvati yaratiladi. Jumladan, 1877 megavolt•amper quvvatga ega 4 ta yangi podstansiyasi quriladi hamda podstansiyalarni modernizatsiya qilish hisobidan 921 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat yaratiladi.

Andijon viloyatida “Saroy” podstansiyasini to‘liq ishga tushirish orqali qo‘shimcha 125 megavolt•amper quvvat zaxirasi yaratilib, Andijon viloyatining Baliqchi, Shahrixon, Ulug‘nor va Bo‘ston tumanlari ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari va aholi isteʼmolchilari elektr taʼminoti ishonchliligi birmuncha oshirildi. Shuningdek, 500 kilovolt kuchlanishli “Lochin” podstansiyasida modernizatsiya ishlarini amalga oshirish natijasida 600 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Natijada Farg‘ona vodiysi aholisi, xususan Andijon viloyati isteʼmolchilari elektr taʼminoti yaxshilanadi. Shu kungacha podstansiyalarning o‘tkazuvchanlik quvvati 300 megavolt•amperga oshirildi.

Namangan viloyatida — 220 kilovolt kuchlanishli “Sardor” podstansiyasida modernizatsiya ishlarini amalga oshirish natijasida energetika obyektida 175 megavolt•amper qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada Namangan shahri, Uychi, To‘raqo‘rg‘on, Chust, Pop, Kosonsoy va boshqa tumanlar isteʼmolchilarining elektr taʼminoti ishonchliligi oshirildi.

Buxoro viloyati — Qorovulbozor fotoelektr stansiyasidan “Turon” almashtirib ulash punktiga 33 kilometr yangi elektr tarmog‘ini qurilish ishlari yakunlandi. Qorovulbozor tumanida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida viloyatning elektr taʼminoti ishonchliligi oshirilib, Kogon, Qorovulbozor va Qorako‘l tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari hamda aholi isteʼmolchilari, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Muborak va Ko‘kdumaloq tumanlari isteʼmolchilarining elektr taʼminoti yaxshilandi.

Qashqadaryo viloyati — Nishon tumanidagi Nishon fotoelektr stansiyasidan Talimarjon issiqlik elektr stansiyasiga 36 kilometr uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘ini qurish ishlari yakunlandi. Natijada 500 megavatt quvvatli fotoelektr stansiyasi ishga tushirilib, viloyatning Qarshi magistral kanali, Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi kabi yirik isteʼmolchilari hamda Qarshi shahri va unga tutash tumanlar aholi isteʼmolchilarining elektr taʼminoti yaxshilandi.

Surxondaryo viloyati — Sherobod tumanidagi 500 megavatt quvvatli Sherobod fotoelektr stansiyasi loyihasi doirasida 220 kilovolt kuchlanishli “Sherobod-2” podstansiyasi 2x125 megavolt•amper quvvatda qurildi hamda viloyatning elektr taʼminoti yana 250 megavolt•amperga oshirildi.

 

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/46703

https://telegra.ph/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>