Yangiliklar
DAVLAT KORXONALARINI ISLOH QILISH VA XUSUSIYLASHTIRISH BO‘YICHA YANGI YONDASHUVLAR BELGILANDI
  • 29.10.2020
  • 721

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

  Ma’lumki, kecha mamlakatimiz rahbarining shu boradagi farmoni qabul qilingan edi. Bugungi yig‘ilishda mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

  Farmon ilovalariga muvofiq, 2 mingdan ortiq davlat aktivlariga tegishli masalalar tasdiqlangan. Shundan 479 ta korxona va 15 ta ko‘chmas mulk savdolarga qo‘yiladi, 62 ta korxona xususiylashtirishga tayyorlanadi, 32 ta korxona va tarmoq transformatsiya qilinadi, 507 ta bozor faoliyati takomillashtiriladi. Bundan tashqari, ilgarigi qarorlarda ko‘rsatilgan 386 ta hamda sotish vakolati hokimlarga berilgan 559 ta obyekt savdolarga chiqariladi.

– Ochiq aytish kerak: oldin ham xususiylashtirish bo‘yicha ko‘plab qarorlar qabul qilingan. Lekin birorta rahbar pastga tushib, bu sohadagi bilim va metodikani joylarga yetkazmagani sababli ko‘p korxona va obyektlar sotilmasdan turibdi, na davlatga, na tadbirkorga naf keltiryapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

 

 

  Yig‘ilishda shu boradagi muhim yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. Avvalo, tadbirkorlarga taklif etiladigan 479 ta korxonaning har biriga alohida yondashish, ularni soddalashtirilgan tartibda savdoga chiqarish kerakligi ta’kidlandi.

  Masalan, Qarshi shahridagi “Texnik ta’mirlash-butlash” korxonasining 2 gektar yer maydoni va 6,5 ming kvadrat metrlik binolaridan foydalanilmayapti. Ayni paytda, bu yerda yuzlab tadbirkor o‘z biznesi uchun yer ajratish to‘g‘risida murojaat qilgan. Bunday misollarni har bir viloyatda ko‘plab topish mumkin.

  Shu bois, bo‘sh yer va inshootlarni xatlovdan o‘tkazib, korxonalar ehtiyojidan ortig‘ini auksionga chiqarish zarurligi aytildi. Avval qabul qilingan qarorlar doirasidagi hamda sotish vakolati viloyat hokimlariga berilgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

  62 ta yirik korxonani oldin investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, keyin xususiylashtirish muhimligi ta’kidlandi.

  Misol uchun, “Qo‘qon neftgaz parmalash ishlari” korxonasining yillik tushumi 85 milliard so‘m bo‘lsa-da, sof foydasi katta emas.

  Yoki, “Xorazmsuvqurilish” korxonasi so‘nggi 2 yilda foyda olmagan. Vaholanki, Yangiariq tumanida ushbu korxonaga tegishli 1 gektardan ziyod yer maydoni va 3 ming kvadrat metrdan ortiq daromad keltirmaydigan binolari mavjud.

  Mutasaddilarga bu kabi korxonalarni xususiylashtirishdan avval “diagnostika” qilish, auditdan o‘tkazish va hisob-kitobini to‘g‘rilash bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

  Davlat loyiha institutlarini transformatsiya qilish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

 

 

  Mamlakatimizda yirik qurilish korxonalari ko‘payib bormoqda. Ularni davlat loyiha institutlari bilan kooperatsiya orqali bog‘lab, loyihalar sifatini oshirish, boshqaruvni yaxshilash mo‘ljallanmoqda.

  Birinchi bo‘lib, namuna sifatida “Qishloq qurilish loyiha”, “Og‘ir sanoat loyiha”, “Georangmet LITI”, “Shaharsozlik LITI”, “Tosh uy-joy LITI”, “Toshkent boshplan LITI” loyiha institutlarida ushbu yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Loyiha institutlaridagi davlat ulushi keyinchalik hamkor qurilish tashkilotlariga sotiladi.

  Yig‘ilishda bozorlar bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratildi. 500 dan ziyod bozor va savdo majmualaridagi davlat ishtirokini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda ularning 23 tasi zarar bilan ishlayapti, 210 tasi esa past rentabelli.

  Bunday sharoitda bozorlarni ham savdo, ham dam olish, ham ko‘ngilochar markazlarga aylantirish yaxshi iqtisodiy samara beradi. Shu maqsadda loyihalar ishlab chiqilib, investorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilinishi aytildi. Tanlov g‘olibiga eng yaxshi shartlarda bank krediti ajratiladi. Shuningdek, tadbirkor bozor daromadini oshirib, soliq tushumlari va ish o‘rinlarini muntazam ko‘paytirib borsa, unga bozorning davlat ulushini bo‘lib-bo‘lib xarid qilish imkoniyati beriladi.

  Viloyat hokimlariga bozor va savdo majmualari faoliyatini shu tarzda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

  Prezident farmonida 32 ta yirik davlat korxonasi va xo‘jalik birlashmasi transformatsiya qilinishi belgilangan. Xususan, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zavtosanoat”, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zsuvta’minot” tashkilotlari butun tizimi bilan transformatsiya qilinadi. Shu maqsadda Moliya vazirligida alohida departament tashkil etildi.

  Mutasaddilarga qolgan tarmoqlarni ham chuqur tahlil qilib, transformatsiya bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

 

 

  Aholi va tadbirkorlarga batafsil ma’lumot beradigan xususiylashtirish maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish, metodik qo‘llanma tayyorlab, joylarga yetkazish muhimligi aytildi. Shuningdek, televideniye orqali ham xususiylashtirish borasida ma’lumot berib boriladi.

  Oliy Majlis palatalariga Prezident farmoni mohiyatini keng targ‘ib qilib, xususiylashtirish jarayonlarini halol va ochiq-oshkora o‘tishida parlament nazoratini o‘rnatish tavsiya qilindi. Shuningdek, xususiylashtirish hamda davlat mulkini boshqarishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

  Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi.

Манба: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

https://president.uz/oz/lists/view/3919

>