O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrda «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorda belgilanganidek, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinadi.
Xo‘sh, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalari qay tartibda o‘rnatiladi? Muhofaza zonalari talablariga amal qilmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?
Bizning «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov bilan suhbatimiz mazkur savollar asosida bo‘ldi.
– Darhaqiqat, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalari bo‘yicha talablar mavjud, – deya ta’kidladi U.Urunov. – Shu bois bu kabi muhofaza zonalari bilan bog‘liq masalalardan xabardor bo‘lishimiz kerak.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga to‘xtalib o‘tsam. Qarorning uchinchi bobida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi ta’kidlangan.
Mazkur muhofaza zonalari elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab, chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni inobatga olingan holda o‘rnatiladi. Masalan, bir kilovoltgacha kuchlanishli liniyalar uchun 2 metr, 20 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 10 metr, 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 15 metr, 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 20 metr, 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 25 metr kabi muhofaza zonalari belgilangan.
Ushbu himoya zonalarida amaliyotlarni o‘tash taqiqlanadi. Xususan, bu yerda turar-joylar qurish mumkin emas. Agar mazkur hududga uylar yoki yordamchi xo‘jaliklar yaqin bo‘lsa, shamol bo‘lib, simlarda tebranishlar yuz berishi va bu holat tufayli katta kuchlanishdagi elektr energiyasi uylarga zarar yetkazishi mumkin. Aynan shunday obyektlarda rele himoyasi va avtomatika tizimi bo‘lmasa, 500, 200 kilovolt kuchlanishli simlar yerga tushsa, tuproqni shunchalik qaynatib, shishaga aylantiradigan darajadagi holat yuz beradi. Shu vaziyatlardan kelib chiqib, elektr uzatish havo liniyalarida himoya zonasi belgilangan.
Deylik, yuqori kuchlanishli liniyalar bilan yo‘llar kesishmasidagi hudud uchun tartiblar mavjud. Qarorga asosan ushbu kesishmadagi yo‘llarda gabaritli va og‘ir yuklarni tashish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar mavjud. Masalan, 500 kV.li tarmoqlar ostidagi sim o‘tgan joyda avtomobillarni to‘xtatish qat’iyan man etiladi.
Bundan tashqari, elektr uzatish liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish, yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va quyish, axlatxonalarni joylashtirish, shuningdek, ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish ham taqiqlanadi.
Aytish joizki, fuqarolar bu kabi muhofaza zonalaridagi tartiblarga amal qilmasa, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qaroriga muvofiq, fuqaro tomonidan sodir etilgan noqonuniy harakat tufayli ishlab chiqarish yoki boshqa holatga katta ziyon yetkazilmasa, shaxsga nisbatan profilaktik tushuntirish ishlari olib boriladi va ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Agar bu holat takrorlansa yoki og‘ir oqibatlar olib kelsa, amaldagi qonunlarga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Uza.uz saytimizning YouTube kanalida ushbu suhbatimizning to‘liq variantini tomosha qilish mumkin.
Nasiba Ziyodullayeva, Abror Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati