OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan 2024-2025-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
  • 19.07.2024
  • 54

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 110, 220, 500 kilovolt kuchlanishli 89 ta podstansiya va 12 250 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini ekspluatatsiya qildi.

Shuningdek,ishlab chiqilgan rejaga asosan 2024-2025-yil kuz-qish mavsumida umumiy quvvati 736 megavolt•amper bo‘lgan 9 dona kuch transformatori, 31 dona 110-220-500 kilovolt kuchlanishli o‘chirgich, 4 dona kompressor qurilmasi va 848 kilometrdan ziyod uzunlikdagi 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarini mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilgan. 304 dona transformator va avtotransformator, 1 643 dona o‘chirgich, 12 dona havo kompressori hamda 5 451 kilometr uzunlikdagi 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan.  

2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, 477,5 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlar, 7 dona transformator, 4 dona kompressor va 24 dona o‘chirgich mukammal hamda 3946 kilometr elektr uzatish tarmoqlari), 243 ta transformator, 1309 ta o‘chirgich va 12 ta kompressor qurilmasi joriy ta’mirlangan.   

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov bu haqda ma’lum qildi.   

Unga ko‘ra, joriy yil 1-oktabrga qadar 2 dona kuch transformatori, 7 dona 110-500 kilovolt kuchlanishli o‘chirgich, va 371 kilometrdan ziyod uzunlikdagi 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta’mirlash, shu bilan birga, 61 dona transformator va avtotransformator, 334 dona o‘chirgich hamda 1 505 kilometr uzunlikdagi 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan.   

– Bundan tashqari, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini bajarish davomida transformatorlarning sovitish tizimidagi 113 ta dvigatel ta’mirlandi va 66 ta yangi dvigatel o‘rnatildi. 220-500 kilovolt kuchlanishli 12 226 kilometr elektr tarmog‘i navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 721 ta qushlar qo‘nishiga qarshi moslamalar, 6000 tadan ziyod izolyator o‘rnatildi, chaqmoqqa qarshi troslar va kontur yerlagichlar sozligi tekshirildi. Doimiy ravishda elektr uzatish havo tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarining 10 000 tadan ziyod kontakt birikmalari teplovizor qurilmalari yordamida tekshiruvdan o‘tkazildi va 200 tadan ortiq aniqlangan qizishlar bartaraf qilinib, favqulodda holatlarning oldi olindi, – dedi U.Urunov.   

Kuz-qish mavsumida yuqori kuchlanishli podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarining ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 150 tonna transformator moyi, 1000 kilogramm texnik plastina, 35 tonna turli rusumli simlar, 10 kilometr kabel mahsulotlari, 23 dona metall tayanch ustunlari, 26 dona temir-beton tayanch ustunlari, 10000 ta izolyator, 12 ta turli quvvatdagi transformatorlar zaxirasi yaratilgan. Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 65 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus avtotransport, zaruriy ehtiyot qismlar, shuningdek, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.   

N.Ziyodullayeva, O‘zA

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>