OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Dadajon Isaqulov: “Energetiklar har qanday murakkab holatda ham oqilona qarorga kelishi zarur”
  • 30.06.2024
  • 119

30 iyun – Yoshlar kuni

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va tizim yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov o‘z so‘zi avvalida ishtirokchilarni va tizim yoshlarini 30 iyun – Yoshlar kuni bilan qutladi hamda ularga maqsad sari intilish katta yutuqlar omili ekanini alohida ta’kidladi.  

–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  yetakchiligida mamlakatimiz energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida tizim faoliyatida o‘zgarishlar yuz beryapti. Shu bilan birga, yoshlarga e’tibor va ularga har jihatdan yordam berish ham davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Ana shunday g‘amxo‘rlik tufayli bugun yoshlarga barcha qulayliklar yaratilgan. Sizlar bunday imkoniyatdan oqilona foydalanib, ulkan yutuqlarga erishish yo‘lida faqat o‘qing va izlaning. Men energetikani tibbiyot sohasiga o‘xshataman. Chunki tibbiyotda yaxshi shifokor bo‘lish uchun muntazam o‘qib-izlanishi, yangiliklardan xabardor bo‘lishi kasbiy talab hisoblanadi. Shu kabi energetika sohasida ham doimiy izlanish kerak. Texnik talablar asosida o‘qish va testlardan o‘tib turish shart. Chunki energetikada xodim e’tiborsiz bo‘lishi mumkin emas. Energetiklar har bir murakkab holatda shoshma-shosharlik emas, aksincha, oqilona yechim izlashi zarur. O‘zim uzoq yillik mehnat tajribam va ko‘plab avariyaviy vaziyatlarni ko‘rgan inson sifatida sizlardan har bir daqiqada hushyor, intiluvchan, izanuvchan  va yangiliklarga qiziquvchan bo‘lishingizni istar edim, –dedi D.Isaqulov.

Uchrashuvda energetika tizimida yoshlar siyosatiga oid amalga oshirilayotgan vazifalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tizimida umumiy hisobda 4500 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, ularning 1035 nafari yoshlar va shundan 207 nafari xotin-qizlardir.  

O‘rta bo‘g‘in rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan 33 nafar yosh xodimning 7 nafari ayollar hisoblanadi.

Shuningdek, yosh mutaxassislarning bilimi hamda mehnat malakasini oshirish maqsadida xorij mamlakatlariga xizmat safarlari tashkil etilmoqda. Misol uchun, 2023 yilning o‘zida 20 nafar xodim xorijda tayyorlov va qayta tayyorlov kurslarida malaka oshirgan.

“Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filialining Yoshlar ittifoqi yetakchisi Shohrux Otaboyev jamiyat rahbarining tajribasi, faoliyati va ko‘rsatmalari uchrashuv ishtirokchilari uchun har jihatdan foydali bo‘lganini aytib o‘tdi.

–Men energetikman va ushbu tizimda 2017 yildan buyon ishlayman. Avvalo, tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Negaki, uchrashuv chog‘ida bildirilgan har bir tavsiya bizning kelgusi mehnat faoliyatimizda amaliy ahamiyat kasb etadi. Quvonarlisi, tadbirda boshqaruv raisi menga va hamkasb tengqurlarimga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar topshirdi. Bunday ishonch esa bizga yanada kuch-g‘ayrat baxsh etadi, – dedi Sh.Otaboyev.

Qizg‘in savollar va takliflar asosida o‘tgan uchrashuvda tizimning istiqboldagi rejalari haqida ham so‘z yuritilib, bu ishlarni amalga oshirishda yoshlar, xususan, yosh muhandislar hamda texnik xodimlar yuqori salohiyatga ega bo‘lishi qayd etildi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>