Yangiliklar
Energetika tizimida xodimlarning korrupsiyaga oid harakatlari yuzasidan 423 ta murojaat kelib tushgan
  • 28.06.2024
  • 62

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi:

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar. Bugungi brifingda yoqilg‘i-energetika sohasidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha 2023-yil hamda 2024-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritamiz.

Energetika vazirligi, uning tizim tashkilotlari hamda tizimdagi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, 2023-yilda Energetika vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Elektr energiyasi, neft va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmalari shakllantirilib, bo‘linmalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida malakali mutaxassislar bilan to‘ldirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish maqsadida “Energetika vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati” hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 10 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda “Energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha idoraviy dastur” va pora olish hamda pora berish xavflarining yuzaga kelishi sabab va shart-sharoitlarini oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tomonidan tasdiqlandi. Ushbu hujjatlarda 2023-2024-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tizimli ishlar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida korrupsiyaga qarshi hamda korrupsion xavf-xatarni minimallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni o‘z ichiga olgan hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Hozirgi vaqtda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda Yoqilg‘i-energetika sohasini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Energetika vazirligi o‘rtasida tizim tashkilotlariga malakali va eng munosib kadrlarni ochiq mustaqil tanlov orqali tanlab olish borasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, Energetika vazirligi hamda uning tizim tashkilotlaridagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz orqali amalga oshirilmoqda.

2023-yil hamda 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida vazirlik, tizim tashkilotlari va mutasaddi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish hamda korrupsiya risklarini minimallashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar tasdiqlandi hamda 30 dan ziyod ichki meʼyoriy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Shu bilan birga 20 dan ko‘p yangi ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida savodxonlikni oshirish maqsadida tizim xodimlari uchun 650 dan ortiq maʼruzalar, 2200 dan ziyod davra suhbatlari va 600 dan ko‘p seminarlar o‘tkazildi.

Yoqilg‘i-energetika tizimining 40 mingdan ortiq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan anonim so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Komplayens nazorat tuzilmalari hamda ularning hududiy bo‘limlari tomonidan tizim korxonalarida aniqlangan qoidabuzarliklarni to‘liq o‘rganish, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan xodimlarni aniqlash, ularning harakatlariga xolisona baho berilishini taʼminlash maqsadida 700 dan ziyod xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. Xizmat tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, 191 ta xizmat tekshiruviga aloqador hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga taqdim etildi (Prokuratura va IJQK Departamentiga – 146 ta, DXXga – 11 ta va IIBga – 34 ta).

Aloqa kanallari orqali xodimlarning korrupsiyaga oid harakatlari yuzasidan 423 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, uning 61 tasi qanoatlantirildi. 229 ta holatda murojaatchilarga tushuntirishlar berildi. 16 ta murojaat ko‘rilmasdan qoldirildi. 26 ta holatda esa kelib tushgan maʼlumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Murojaatlarni o‘rganish natijasida 78 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy chorasi ko‘rildi. 41 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 91 ta holatda materiallar huquq-tartibot idoralariga chiqarildi.

Shuningdek, aniqlangan 291 ta manfaatlar to‘qnashuvini neytrallashtirish choralari ko‘rildi.

Yoqilg‘i-energetika sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishayotgan kontragentlar bo‘yicha 532 ta holatda o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Natijada tashkilotlar manfaatiga zarar keltirishi ehtimoli bo‘lgan 11 ta kontragent bilan shartnoma tuzish rad etildi.

Vazirlik va tizim tashkilotlari rahbariyati, komplayens nazorat tuzilmalari hamda ularning hududiy bo‘limlari tomonidan tizimda korrupsiya holatlari sodir etilishining oldini olish va tizim xodimlarining huquqiy ongini oshirish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish maqsadida jami 90 mingdan ortiq xodimlar ishtirokida 1 ming 831 ta umumiy profilaktik-ogohlantiruv, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.

Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etishga ehtimoliy moyilligi mavjud 7,5 mingdan ortiq rahbar va xodimlar bilan yakka tartibda profilaktik-ogohlantiruv tadbiri olib borildi.

Kelgusida ham Energetika vazirligi hamda tizim tashkilotlari o‘z faoliyatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standart talablarini tatbiq qilib, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirishni maqsad qilishgan.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/44911

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>