Yangiliklar
Bo‘ka tumanida 263 MVt quvvatli fotoelektrstansiyasi quriladi
  • 29.05.2024
  • 82

Xitoy kompaniyasi Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida quyosh elektr stansiyasi hamda elektr uzatish havo tarmog‘i quradi. Bunga 150 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 263 megavatt quvvatga ega fotoelektrstansiyasi hamda elektr tarmog‘i qurilishi yuzasidan 2024-yil 24-may kuni PQ–190-sonli Prezident qarori imzolandi. https://lex.uz/uz/pdfs/6937362

Hujjatda qayd etilishicha, 2024-yil yanvarida O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Xitoyning China Datang Overseas Investment kompaniyasi o‘rtasida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida quyosh elektr stansiyasini hamda havo uzatish tarmog‘ini qurish investitsiya loyihasi imzolangan.

Unga ko‘ra, xitoylik investor quyosh elektr stansiyasini loyihalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi belgilangan. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda dastlabki baholash bo‘yicha jami 150 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi lozim.

Investor ishlab chiqarilgan elektr energiyasini «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini oladi. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» 25 yil davomida ushbu elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib oladi.

Qurilish uchun 621 gektar yer ajratilishi belgilangan bo‘lib, u qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yer toifasiga o‘tkaziladi.

 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>