OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — Toshkentda Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 41-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
  • 23.05.2024
  • 109

Bugun, 23-may kuni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyo elektr energetika Muvofiqlashtiruvchi kengashining 41-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash — Markaziy Osiyo energetika tizimlarining hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan kompleks foydalanishni taʼminlash, energetika sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi.

Shuningdek, elektr energetika sohasi mas’ullari tomonidan 2024-yilning vegetatsiya davrida suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, energiya taqchilligi va yirik avariyalarning oldini olish, hamkorlikning istiqbolli rejalari, 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari va mavjud muammolarning yechimlari tahlil qilindi.

Kengash ishida energetika sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash — ta’minot barqarorligiga erishish va kelgusi ishlar samarasida muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, elektr energetika tarmog‘i dispetcherlari hamda mutaxassislarining dispetcherlik jadvaliga rioya qilish, navbatchi xodimlar va dispetcherlarning malakasini oshirish hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, soha mutaxassislari o‘rtasida mashg‘ulotlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishchi tartibdagi majlislarda Armaniston va MDHning boshqa davlatlari mutaxassislari videokonferens-aloqa orqali o‘z taqdimot hamda ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan mutaxassislar kuzatuvchi maqomida ishtirok etib, texnik-muhandislik masalalari yechimida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Kengashning navbatdagi yig‘ilishi 2024-yilning oktyabr oyida Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida bo‘lib o‘tadi.

 

Manba: https://t.me/minenergy_uz/11511

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>