“Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasining 1-bosqich modernizatsiya dasturi doirasida “Andijon magistral elektr tarmoqlari” filiali tasarrufidagi podstansiyalarni, ya’ni maʼnan va jismonan eskirgan elektr qurilmalarini zamonaviy elektr qurilmalarga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Navbatdagi modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari 500/220/10 kV kuchlanishli “Lochin” podstansiyasida olib borildi.
“Lochin” podstansiyasida shu kunga qadar:
— Modernizatsiya dasturi doirasida 5 dona 500 kV va 12 dona 220 kV kuchlanishli havoli o‘chirgichlar o‘rniga zamonaviy elegaz o‘chirgichlar o‘rnatildi;
— 2 dona 500 kV kuchlanishli va 11 dona 220 kV kuchlanishli ajratkichlar almashtirildi;
— 3 dona 500 kV kuchlanishli hamda 21 dona 220 kV kuchlanishli tok transformatorlari almashtirildi;
— 6 dona 500 kV (OPN) va 9 dona 220 kV (OPN) razryadniklar almashtirilib, ishga tushirildi.
Joriy yilning 11-may kuni “Lochin” podstansiyasining quvvatini oshirish hamda aholini ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mavjud AT-2 3x167 MVAli avtotransformatorlar o‘rniga 3x267 MVA quvvatli yangi avtotransformatorlar ishga tushirildi. Buning natijasida podstansiyada qo‘shimcha 300 MVA quvvat yaratildi. Hozirda podstansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 1302 MVAga yetkazildi.
Eslatib o‘tamiz: 2024-yil yakuniga qadar AT-1 3x167 MVAli avtotransformatorlar o‘rniga 3x267 MVA quvvatli yangi avtotransformatorlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida podstansiyada qo‘shimcha 300 MVA quvvat yaratiladi. Ishlar yakunlangandan so‘ng podstansiyaning umumiy quvvati 1602 MVAga yetkaziladi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/11407
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati