AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev energetika tizimida qonun hujjatlari ijrosi va energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari haqida maʼlumot berdi:
Joriy yilning birinchi choragida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz taʼminoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2 ming 629 ta isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan: 111,4 mln metr kub tabiiy gaz (167 mlrd 100 mln so‘m) va 111,2 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan (166 mlrd 700 mln so‘m) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 333 mlrd 800 mln so‘m zarar yetkazilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan isteʼmolchilarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 63 ta holat aniqlandi. Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan elektr taʼminoti korxonasi tomonidan jami 83 mlrd 86 mln so‘m (21 mln 319 ming kilovatt-soat) miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 ming 832 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tabirlarida aniqlangan holatlarning 989 tasi elektr energiyasi, 843 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi.
Inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida 562 ta AYOQSH va korxonadan 819 ta tahlillar olinib, shundan 44 ta holatda 1 mln 617 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.
Inspeksiya tomonidan isteʼmolchilarga Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha umumiy quvvati 572,7 MVt bo‘lgan jami 2 ming 411 ta obyektning elektr taʼminoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 1 ming 440 ta isteʼmolchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi.
Shuningdek, energetika obyektlariga tegishli 288 ta obyektning elektr taʼminoti loyihalari kelishilib, shundan 192 ta obyektning elektr qurilmasi ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.
Elektr tarmoqlarining muhofaza zonalariga noqonuniy ravishda qurilgan 9 ming 544 ta obyekt xatlovdan o‘tkazilib, 8 ming 266 ta obyekt bo‘yicha dalolatnomalar rasmilashtirilib, 1 ming 530 ta obeʼktning hujjatlari sud organlariga taqdim etildi. 402 ta obyektga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
Isteʼmolchilarga elektr energiyadan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha 39 ming 603 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Reaktiv energiyasini kompensatsiya qilinishi bo‘yicha quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan isteʼmolchilarga 23 mingdan ziyod yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 690 ta isteʼmolchida reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalarni o‘rnatilishi taʼminlandi. Berilgan yozma ko‘rsatmalarni bajarmagan 152 ta isteʼmolchiga maʼmuriy bayonomalar tuzildi.
Energoauditorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetika tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan 41 ta dastur ko‘rib chiqilib, shundan 17 tasining kamchiliklari ko‘rsatilgan holda qaytarildi. Shuningdek, korxonalarda energoaudit tekshiruvi o‘tkazilishini jadallashtirish yuzasidan 375 ta korxonaga ko‘rsatmalar berildi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan 489 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 38 tasi ijobiy hal qilingan, 412 tasiga tushuntirish berilgan, 39 tasi o‘rganish jarayonida.
Energiya resurslaridan ayrim “tadbirkor”larning noqonuniy foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar taʼminoti barqarorligiga jiddiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Hurmatli tadbirkorlik subyektlari, elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud hisobga olish asboblariga tashqaridan aralashish yo‘li bilan qonunga zid ravishda foydalanish holatlari uchun qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar ko‘rilishini unutmang!
Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/43475
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati