Yangiliklar
uza.uz — Magistral elektr tarmoqlarida sodir bo‘lgan nosozliklar bartaraf etildi (+video)
  • 19.02.2024
  • 80

Joriy yilning 16-fevral kuni yurtimizga kirib kelgan sovuq havo, xususan, kuchli shamol elektr tarmoqlarida turli nosozliklar keltirib chiqardi. Bu kabi tarmoqlardagi uzilishlar tezkor brigadalar tomonidan o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati  axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 220 kV kuchlanishli “Fayziobod” (Toshkent shahri) hamda “Adolat” (Toshkent viloyati) podstansiyalarini bog‘lovchi L-A-F liniyasining 99- va 100-tayanch ustunlari kuchli shamol ta’sirida shikastlangan. Aniqrog‘i, yomg‘irdan so‘ng yoqqan qor elektr tarmog‘i simida qalin muz qoplamasi hosil bo‘lishiga sabab bo‘lib, so‘ng esgan kuchli shamol og‘irlashib qolgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ining ikkita tayanch ustunlari qulashiga sabab bo‘lgan.  

Ushbu elektr tarmog‘i ikkita yuqori kuchlanishli podstansiyalar oralig‘iga qurilgan bo‘lib, Toshkent shahri va Toshkent viloyati elektr ta’minoti tizimi ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi va iste’molchilar tarmog‘i bilan bog‘lanmagan. Ya’ni, mazkur nosozlik iste’molchilar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmagan.  

“O‘zbekiston MET” AJ mutaxassislaridan iborat navbatchi brigadalar 2 kun davom etgan ta’mirlash tiklash ishlarini amalga oshirib, qulagan metall konstruksiyali tayanch ustunlari o‘rniga yangi temir-beton tayanch ustunlar o‘rnatdi. Ular elektr tarmog‘i simini tortib, liniyani kuchlanish ostiga qo‘ydi va muammoni hal etdi.  

Ayni kunlarda mamlakatimizning boshqa hududlaridagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari belgilangan tartibda navbatdan tashqari nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar tezkor tartibda bartaraf etilmoqda.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/magistral-elektr-tarmoqlarida-sodir-bolgan-nosozliklar-bartaraf-etildi_569068

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>