Safarimizning ilk tashrifi Pekin shahridagi “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasiga bo‘ldi. Mazkur kompaniyada 120 ming nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Uning umumiy aktivlari qiymati 154 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lib, elektr energetikasi bo‘yicha dunyoning barcha qitʼasida 140 dan ortiq davlatlarda loyihalarni amalga oshirgan.

Mazkur kompaniya Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan bо‘lgan Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan issiqlik stansiyasi qurilib foydalanishga topshirilishida asosiy xorijiy hamkor hisoblanadi.

“China Energy Engineering Corporation” kompaniyasining Pekindagi boshqaruv ofisi
Foto: “Daryo”
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda. Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston hukumati tomonidan yaratib berilgan barcha qulayliklardan bahra olmoqda. Shu nuqtai nazardan “China Energy” kompaniyasi ham O‘zbekistonda o‘z faoliyatini rivojlantirmoqda. Hozir biz injenerlar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistondagi universitetlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Biz O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz, – deydi Xitoy xalqaro energetika korporatsiyasi boshqaruvi raisi Lu Zexiang.

Yuqori kuchlanishdagi elektr energiyani taqsimlash uchun ulkan hajmdagi transformatorlar zarur. Navbatdagi manzilimiz shunday transformatorlar ishlab chiqaruvchi Xitoyning China XD kompaniyasi bo‘ldi. Ushbu kompaniya 20 kW transformatordan tortib, eng yirik kuchlanishdagi 1100 kW transformatorlarni ishlab chiqaradi.

China XD kompaniyasi
Foto: MINENERGY.UZ

Press-tur davomida navbatdagi lokatsiya Xitoyning Sian shahrida joylashgan “LONGI” kompaniyasining boshqaruv ofisi bo‘ldi. “LONGI” quyosh panellari bozorida yirik kompaniya sifatida kuchli brendlar qatoriga kiradi va u ketma-ket uch yil davomida quyosh modullarini katta hajmda yetkazib berish bilan yetakchilik qilib keladi.

Mazkur kompaniya O‘zbekistonda ham bir qator “yashil” energetika loyihalarida qatnashib kelmoqda. Misol uchun, Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyasi tomonidan Nishon va Qorovulbozor tumanlarida barpo etilayotgan, har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan yirik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari uchun quyosh panellarini yetkazib bermoqda.

Mahsulotlarimizni dunyoning 150 dan ortiq davlatiga sotamiz. Yaqinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi doirasida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini transformatsiya qilish bo‘yicha energetika vazirligi bilan aloqalar olib bordik. Biz quyosh panellarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yordam berishga tayyormiz. Bozor va davlat berayotgan takliflarni o‘rganib chiqdik. O‘zbekistonda quyosh panellariga qiziqish katta. Bu haqda energetika vazirligi mutaxassislari bilan yaqindan muloqot qildik. Menimcha, yashil energiya ishlab chiqarish borasida O‘zbekiston katta salohiyatga ega. Davlat rahbarining o‘zi bunga alohida e’tibor qaratmoqda. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – deydi “LONGI” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Jeyms Jin.

 

 

 “LONGI” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Jeyms Jin
Foto: MINENERGY.UZ

Keyingi manzilimiz Xitoyning jahonga mashhur “State Grid” kompaniyasi bo‘ldi. Bu kompaniya bilan “O‘zbekenergota’mir” AJ yurtimizning bir qator hududlarida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar qurib foydalanishga topshirish ishlarini hamkorlikda olib borish borasida kelishuvga erishgan.

Bugun O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari yangi bir bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston energetik mustaqillikka erishish yo‘lida Xitoy tajribasini va texnologiyalarini jalb etishi muhim o‘rin egallaydi.