Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining murojaati
  • 10.01.2024
  • 71

Hurmatli hamkasblar, energetika sohasining fidoyi va mehnatkash vakillari! 

Qadrli hamkorlar!

Xabaringiz bor, 2017-yilning 3-yanvarida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni imzolanib, mamlakatimizda ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yaratilgan edi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston bu boradagi izchil siyosiy irodasini namoyon etib, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakat rejasiga qo‘shildi. 

Bu esa, tabiiyki, korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro yondashuvlardan kengroq foydalanish imkonini berdi. Hozirgi kunda mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda korrupsiyaga samarali, hisobdor va oshkora boshqaruv institutlari orqali qarshi kurashish” loyihasi amalga oshirilmoqda, korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilyapti. 

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni ta’minlash, mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi. 

Davlat hokimiyati organlari hamda yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugun biz Energetika vazirligi mazkur loyihani amalga oshirayotgan tashkilotlar qatorida ekanligini baralla ayta olamiz. Biz jamoamiz bilan zimmamizga yuklangan mas’uliyatni yaxshi anglaymiz va o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. 

Energetika vazirligi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning har qanday shakl hamda ko‘rinishlarini rad etadi. Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini ta’minlashga astoydil hissa qo‘shadi. Biz korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ichki me’yoriy hujjatlar va tartib-qoidalarni, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish rejasi, Odob-axloq qoidalari, korrupsiyaga qarshi hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati bo‘yicha, shuningdek, boshqa bir qator me’yoriy hujjatlarni qabul qildik. Vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tashkil etildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatining asosiy vazifasi vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning yuzaga kelishi sabablari hamda shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf qilishning ta’sirchan tizimini ishlab chiqish, ishchi-xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan hollarda maslahat berish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Ochig‘ini aytish kerak, energetika tizimida korrupsiyaga qarshi kuchli tizimni yaratish – murakkab jarayon. Biroq bu tizim barchamiz uchun muhim va zarurdir. Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya etishimiz, balki unga insoniylik burchimiz hamda vijdon amri sifatida qarashimiz kerak.

Biz korrupsiyaga qarshi kurashni o‘zimiz, farzandlarimiz va jamiyatimiz rivoji uchun amalga oshiramiz. Zero, bunday salbiy holatlarga murosasizlik, bunday vaziyatlarga ko‘z yummaslik, halol, ochiq va shaffof ishlash orqali yuksak taraqqiy etgan, qonun ustuvorligi ta’minlangan mamlakatda yashaymiz! 

Energetika vazirligi korrupsiyaga qarshi talablar hamda axloqiy me’yorlarga asoslangan vazifalar va boshqaruv qarorlarining to‘g‘ri bajarilishini kafolatlaydi. 

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga, korrupsiyaga qarshi tamoyillarga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berishga va agar shubha tug‘ilsa, savollar bilan murojaat etishga yana bir bor chorlab qolamiz. 

Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarida davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatini qonuniylik, Vatanga sadoqat hamda xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarini to‘liq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, davlat hamda jamiyat manfaatlariga sodiqlik, adolatlilik, halollik va xolislik, korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish, xizmat sirini qat’iy saqlash, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya etishi shart ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Keling, barchamiz bu prinsiplarni kundalik ish faoliyatimizning bosh mezoni qilib olaylik! 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etishning ustuvor vazifalarini o‘z vaqtida, to‘liq hamda sifatli amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tavsiya qilingan, vazirlikda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, qabul qilingan. 

Energetika vazirligi jamoasi korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy me’yorlarni hisobga olgan holda, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajaradi. Qonun hujjatlariga qat’iy rioya etadi. Teng raqobat tamoyillariga amal qiladi. Halollik, ochiqlik va vijdonlilikning korporativ madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz va maslagimizga aylanmog‘i darkor. Bu ishda barchangizni hamjihatlikka chaqiraman!

 

Jo‘rabek MIRZAMAHMUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri.

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/3014

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>