“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish, kengaytirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash, ob’ektlarni moliyalashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati “Sherobod” podstansiyasida olib borilayotgan ishlar ham ulardan biri. Podstansiyada umumiy qiymati 11,7 million AQSH dollari miqdorida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini qayta qurish va modernizatsiya qilish investitsiya loyihasi yakunlanmoqda.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Jahon banki ishtirokida tatbiq etilayotgan ushbu loyiha doirasida “Sherobod” podstansiyasida jami 6 dona eskirgan transformator zamonaviy yuqori quvvatli transformatorlarga almashtirilib, 366 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Shuningdek, 220 kV, 110 kV, 35 kV kuchlanishli 158 jamlanma eskirgan elektr uskunalari yangisiga almashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi “Jahon banki ishtirokida “Magistral tarmoqlarning kichik stansiyalarini zamonaviylashtirish va qayta qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA
Manba: https://uza.uz/oz/posts/sherobod-podstansiyasida-366-mva-qoshimcha-quvvat-yaratildi_555284
https://t.me/uzmetaxborotxizmati/24145
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati