Yangiliklar
Kecha respublikadagi zapravkalarning 91 foizi to‘liq ish faoliyatida xizmat ko‘rsatgan
  • 04.01.2024
  • 153

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

31-dekabr – 2-yanvar sanasi oralig‘ida mamlakatimizda jami 670,6 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va iste'molchilarga 624,2 million kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Mazkur kunlar davomida tizimda yirik avariyalar hamda favqulodda hodisalar ro‘y bergani yo‘q. Barcha tizim tashkilotlarida 24 soatlik tunu kun navbatchilik yo‘lga qo‘yilib, maxsus brigadalar elektr energiyasi va gaz ta'minotida yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etishdi.

Respublika tabiiy gaz iste'moli 446 million kubometrni tashkil qildi.

Kecha, 3-yanvar kuni esa elektr stansiyalar orqali jami 234,1 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste'molchilarga 219,8 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 47,4 mln kubometr tabiiy gaz, 20,6 ming tonna ko‘mir hamda 2,4 ming tonna mazut yoqildi.

Respublika tabiiy gaz iste'moli 3-yanvar kuni 150,8 mln kubometrni tashkil qildi.

Aholi va ijtimoiy soha ob'ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me'yorda tutib turish maqsadida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar olib tashlandi. Barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi jami 1 ming 507 ta metan zapravkaning 1 ming 363 tasi, ya'ni 91 foizi to‘liq ish faoliyatida ishlagan.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi talabni qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 3-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 2 ming 607 tonna avtobenzin yetkazildi.

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 12,1 mln kubometr tabiiy gaz hamda 600 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun birja savdolariga 3 ming 425 tonna avtobenzin, 3 ming 593 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 2 ming 906 tonna avtobenzin hamda 72 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Ta'minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan kelib tushgan 104 ta murojaat maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy va suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha 168 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

Tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni tezkor ta'mirlash maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safidagi 7 ming 300 nafardan ziyod ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.

Shu o‘rinda iste'molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat'iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.

 

 

Hurmatli iste'molchilar! Elektr ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/40903

https://telegra.ph/Kecha-respublikadagi-zapravkalarning-91-foizi-t%D1%9Eli%D2%9B-ish-faoliyatida-hizmat-k%D1%9Ersatgan-01-04

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>