Yangiliklar
INVESTITSIYALARNI JALB QILISH VA INVESTITSION LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH BOSHQARMASI: 2030-YILGA QADAR 24 TA LOYIHA AMALGA OSHIRILADI
  • 14.08.2020
  • 2550

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan bugungi kunda investitsiya loyihalarini amalga oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va soddalashtirish, aniqrog‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirishni kengaytirish orqali elektr energiya iste'molchilarini hamda sanoat korxonalarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

   «O‘zbekiston MET» AJ markaziy apparati tarkibidagi Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi yuqorida belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshiruvchi boshqarma hisoblanadi. Boshqarma o‘z faoliyatida asosan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlarining kredit mablag‘larini jalb qilish uchun muzokaralar olib borish, shu bilan birga, zarur hujjatlar tayyorlash ishlarini bilan shug‘ullanadi.

   Bugungi kunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Osiyo Taraqqiyot Banki, Jahon Banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarni olib borilmoqda. Moliyalashtiruvchi institutlarning barcha talablari asosida tender hujjatlarni tayyorlash, vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, tender-tanlovlarni e'lon qilish hamda loyihalar uchun kerakli bo‘lgan elektr uskunalarni xarid qilish mazkur boshqarmaning bevosita ishtirokida amalga oshiriladigan jarayonlardir.

   Investitsion loyihalarning soni va ahamiyati

   Boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi PQ–4563-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga hamda bir qator investitsion loyihalar uchun alohida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan energetika sohasidagi investitsion loyihalarni amalga oshirmoqda.

  Jumladan:

 

   1. «TOSHKENT METALLURGIYA ZAVODINING TASHQI ELEKTR TA'MINOTI OBYEKTLARINI QURISH» INVESTITSION LOYIHASI

 Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ–3638-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-iyundagi VMQ–540-sonli qaroriga binoan amalga oshirilmoqda.

   O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha Toshkent shahar Sirg‘ali tumani hududi hamda Toshkent viloyati (Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va Zangiota tumani) hududlarini qamrab oladi. Uning qiymati 29,022 mln. AQSh dollariga teng.

   Loyihaning maqsadi — Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida faoliyat yuritadigan «Toshkent metallurgiya zavodi»ni uzluksiz va sifatli elektr ta'minoti bilan ta'minlash, bundan tashqari, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatining poytaxt bilan chegaradosh hududlarida istiqomat qiluvchi aholi hamda ishlab chiqarish ob'ektlarini elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirishdan iborat.

   Loyihaning 2020-yil may oyida to‘liq yakunlandi. Loyiha doirasida dastlab 220 kV li «Qo‘yliq» va «Adolat» podstansiyasi oralig‘ida kesma tugun hosil qilindi (Toshkent viloyatining Yik-ota mavzesida), so‘ngra umumiy uzunligi (2x23) 46 km bo‘lgan «kirish-chiqish» havo liniyasi qurilib, 220 kVli «Sirg‘ali» podstansiyasiga 2 dona 200 MVA quvvatli transformatorlar o‘rnatildi.

   Ayni paytda 46 kilometrli havo liniyasi hamda zamonaviy «Sirg‘ali» podstansiyasi ekspluatatsiyaga tayyor. Toshkent metallurgiya zavodi tomonidan hozircha elektr ta'minotiga talab bo‘lmagani, aniqrog‘i zavodning qurilish-montaj ishlari davom etayotgani tufayli hozirda podstansiyada obodonchilik ishlari olib borilib, estetik qiyofasi yaxshilanmoqda.

 

   2. ««TAXIATOSH ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI»DAN «XORAZM» PODSTANSIYASI ORQALI SARIMOY AHOLI YASHASH PUNKTIGACHA 220 KVLI ELEKTR UZATISH LINIYASINI QURISH» LOYIHASI

   Ushbu yangi elektr tarmog‘i qurilishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-iyundagi PQ-2541-sonli qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

   Loyihaning asosiy maqsadi shimoliy-g‘arbiy energotizim hamda Xorazm viloyati iste'molchilari elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi tanqisligini kamaytirishdan iborat. Loyiha doirasida 1241 dona tayanch o‘rnatish va 364 km uzunlikdagi 220 kVli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda qurilish ishlari loyihaga asosan to‘liq bajarilgan (100%). Havo liniyalarida kuchlanish ostida sinov ishlari amalga oshirigan. «Xorazm» podstansiyasini modernizatsiya qilish ishlari joriy yil noyabr oyiga qadar to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

   3. «MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARNING PODSTANSIYALARINI MODERNIZATSIYA VA REKONSTRUKSIYA QILISH» LOYIHASI

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi 3284-sonli «Jahon Banki ishtirokida «Magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish» investitsion loyihasini amalga oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga tatbiq qilinadigan mazkur loyihada Respublika hududida joylashgan 22 ta podstansiyalarda uskunalarni yangilash ishlari bajariladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabrdagi 3284-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan.

   Loyiha doirasida bir nechta podstansiyalarda avtotransformatorlar va kuch transformatorlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, o‘rta va kichik hamda yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari, rele himoya va avtomatikasi, aloqa jihozlari va akkumulyator batareyalari, temir-beton va metall mahsulotlari, kabel va simlar sharnoma asosida xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinib o‘rnatildi.

   Ushbu loyihani umumiy qiymati 292,15 mln., shundan Jahon Banki mablag‘lari 150,0 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi eski uskuna va jihozlarni zamonaviy, xalqaro standartlarga mos uskuna va jihozlar bilan yangilash loyihasi 2017–2022-yillar davomi amalga oshiriladi. Bugungi kunda umumiy qiymati 38.62 mln. AQSh dollariga teng shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda shartnomalarda ko‘rsatilgan muddatda avtotransformatorlar, o‘rta va kichik kuchlanishli elektr qurilmalari, rele himoyasi va avtomatikasi, aloqa jihozlari va akkumulyator batareyasi va boshqa turdagi elektr jihozlari olib kelinmoqda.

 

   4. «500 KV LI «SURXON–PULI-XUMRI» (XO‘JA-ALVON) ELEKTR UZATISH LINIYASINI QURISH" LOYIHASI

   O‘zbek xalqida bir dono maqol bor: «Qo‘shning tinch — sen tinch». Bu jumlani xalqaro diplomatiya tushunchasi bilan ifoda etsak, qo‘shni davlatlardagi tinchlik-farovonlikdan biz ham manfaatdormiz. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida: «Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir», deya ta'kidlab o‘tgan edi.

 

   Afg‘oniston bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasini eksport qilish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valyutasi oqimini oshirish, Respublikamizning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirish maqsadida kuchlanishi 500 kV li «Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini O‘zbekiston hududida amalga oshirmoqdamiz. Liniyaning umumiy uzunligi 245,6 km bo‘lib, uning 45,0 kilometri Surxondaryo viloyati hududidan, 200,6 km esa Afg‘oniston hududidan o‘tadi.

   Bugungi kunda loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi qismida qurilish ishlari olib borilmoqda, hozirda 127 piketga to‘liq fundamentlar metalli tayanchlar o‘rnatildi (100%). Bugungi kunda sim tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

   5. ««NAVOIY ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI»DAN 220 KV LI HAVO LINIYASINI «BESOPAN» PUNKTIGACHA 500 KV LI GABARITDA QURISH» LOYIHASI

   Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PQ–3465-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 108,188 mln. AQSh dollarni tashkil etadi.

   Loyiha «Navoiy IES»dan 220 kV li havo liniyasini 177 km uzunlikda «Besopan» o‘chirib yoqish punktigacha 500 kV li gabaritda qurish amaliyotini o‘z ichiga olgan. Loyihadan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad Navoiy viloyatida yangi tashkil etilgan tog‘-kon metallurgiya ishlab-chiqarish ob'ektlari uchun elektr energiyasini yetkazib berish va energiya tizimining shimoliy-g‘arbiy qismidagi elektr tarmoqlarini rivojlantirishdan iborat. Uning amalga oshirilish muddati 2019–2022-yillar oralig‘ida.

2020-yil 10-iyunda loyihaning texnik-iqtisodiy asosi (TIA) loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 372-sonli qarori bilan tasdiqlandi.Bugungi kunda loyiha tender hujjatlarining texnik qismi tayyorlanmoqda.

 

 

    6. «500/220 KV LI «MURUNTAU» PODSTANSIYASINI QURISH VA UCHTA 167 MVA LIK TRANSFORMATORLARINI O‘RNATISH» (NAVOYI VILOYATI) LOYIHASI

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PQ-3465-sonli qarori loyihaning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

   Loyihadan maqsad — yangi tashkil etilayotgan kon-metallurgiya ishlab chiqarish obyektlarini tashqi elektr ta'minoti bilan ta'minlash va energetika tizimining shimoli-g‘arbiy qismida elektr tarmoqlarini rivojlantirish va Navoiy viloyati iste'molchilarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyiha 2023-2025-yillarda amalga oshiriladi. Uning qiymati 112,047 mln. AQSh dollarni tashkil etadi. Bugungi kunda loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tegishli vakolatli tashkilotlardan ekspertiza xulosa olish uchun kiritildi.

 

   7. «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 500 KVLI G‘UZOR–REGAR (L-507) ELEKTR UZATISH LINIYASINI TIKLASH» LOYIHASI

   Mazkur loyiha Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasining 5.2-bandi asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha maqsadi O‘zbekiston va Tojikiston energiya tizimlarining paralell ishlashi paytida elektr energiya ishonchliligini ta'minlashdan iborat. Loyihaning umumiy qiymati 25 mln. AQSh dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida 500 kVli G‘uzor-Regar (L-507) elektr uzatish liniyasining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi 63 km uzunlikdagi qismini qayta quriladi. 2020-yil 1-iyul kuni tender savdolari o‘tkazildi. 12 ta kompaniyadan kelib tushgan tender takliflari ochildi. Baholash ishlari 2020-yil 28-iyulda bo‘lib o‘tgan Xarid komissiyasi yig‘ilishining GUZ-04-sonli bayoni asosida tasdiqlandi hamda ushbu hisobot ko‘rib chiqish va rozilik berish uchun 2020-yil 30-iyul kuni Osiyo Taraqqiyot Bankiga yuborildi.

Bugungi kunda loyiha bo‘yicha g‘olib kompaniyani aniqlash uchun Osiyo Taraqqiyot Banki xulosalari kutilmoqda.

 

   8. «SIRDARYO ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI»DAN 220 KV LI HAVO LINIYASI HAMDA 220 KV LI «ZAFAROBOD» PODSTANSIYASINI QURISH» LOYIHASI

   Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019-yil 23-aprel kuni tasdiqlangan 06/1-1177-sonli «Elektr energetikasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturi»ga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi №20-sonli bayonnomasiga asosan amalga oshirilmoqda. Loyihadan maqsad magistral elektr uzatish liniyalarini yanada rivojlantirish, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari aholisini va yirik istemolchilarni tashqi elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyiha doirasda Osiyo Taraqqiyot Bankining 75,0 mln. AQSh doll. hisobida kredit mablag‘lari jalb qilinadi.

   Loyihaning 2020–2022-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda loyiha doirasida Osiyo Taraqqiyot Banki talablari asosida yerlarni ajratish, aholini ko‘chirish rejasi hamda ekologik baholash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, loyihalashtiruvchi tashkilot tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga «Zafarobod» podstansiyasining tender hujjatlarining texnik qismi tayyorlanmoqda.

 

   9. «500-220 KVLI «KOLSEVAYA» PODSTANSIYA VA ELEKTR UZATISH LINIYALARI QURILISHI» LOYIHASI

   Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning iyun oyida Toshkent viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 23-sonli Majlis Bayoni hamda 2020-yilning 9-yanvardagi PQ-4563-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda.

   Loyihaning maqsadi Toshkent shahri va Toshkent viloyati iste'molchilari hamda sanoat korxonalarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta'minlash. Loyihani 2020–2023-yillar amalga oshirish rejalashtirilgan.

   2020-yil 29-iyul kuni «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi ta'minoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4791-sonli qaroriga asosan loyiha uchun joy ajratish va loyihani amalga oshirish mexanizmi to‘liq belgilandi. Bugungi kunda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari tomonidan loyihani moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

 

   10. «3 TA 167 MVA TRANSFORMATORLI 500/220 KV LI «OLTINSOY» PODSTANSIYASI QURILISHI» LOYIHASI

   Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi PQ-4563-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali 2019–2030-yillarda elektroenergetika sohasida yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish dasturi»ga asosan amalga oshirilmoqda.

   Loyihaning qiymati 98,0 mln. AQSh dollari hisobida bo‘lib, u 2020–2023-yillar davomida amalga oshiriladi. 500/220 kV li «Oltinsoy» podstansiyasi qurilishi uchun Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani, Karsagon mahallasidan yer maydoni tanlandi. Bugungi kunda tanlangan yerlarni loyiha uchun ajratish va loyihani amalga oshirish mexanizmlarini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

 

   11. 220 KV LI «AMIR TEMUR» PODSTANSIYASI QURILISHI VA «GUZAR» PODSTANSIYASIDAN 220 KV KUCHLANISHLI HAVO LINIYASI QURILISHI

   Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi PQ–4563-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali 2019–2030-yillarda elektroenergetika sohasida yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish dasturi»ga asosan amalga oshirilmoqda.

   Loyihaning qiymati 85,0 mln. AQSh dollari hisobida bo‘lib, u 2020–2023-yillar davomida amalga oshiriladi. Bugungi kunda «O‘zenergoinjiniring» AJ loyiha instituti tomonidan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) ishlab chiqilmoqda. Shuningdek «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari tomonidan loyihani moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

 

   2020-yilda amalga oshiriladigan amaliyotlar

   Investitsiya loyihalari bo‘yicha 2020-yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 121,3 million AQSh dollari miqdorida, shundan 2020-yil III chorakda 85,75 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Magistral elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida 2020-yilda 2 ta investitsiya loyihasi doirasida energetika obyektlari ishga tushiriladi. Jumladan, ««Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha 220 kVli elektr uzatish liniyasini qurish» loyihasi bo‘yicha 364 km uzunlikdagi 220 kVli havo elektr uzutish tarmog‘i yakunlangan. Loyiha to‘liq ishga tushishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati iste'molchilarining elektr ta'minoti ishonchliligi oshiriladi. Natijada ushbu elektr uzatish liniyasidan yiliga 1161,6 million kilovatt•soat yoki 130–150 megavatt qo‘shimcha quvvat Xorazm energouzeliga uzatiladi va iste'molchilarning energiya ta'minoti barqarorlashadi. Shu bilan birga, 56 ta qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
«Toshkent metallurgiya zavodining tashqi elektr ta'minoti ob'ektlarining qurilishi» loyihasi ishga tushirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyiha yakunlariga ko‘ra yana 16 ta qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 

 

   Boshqarma tarkibi

   «O‘zbekiston MET» AJning Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi yuqorida sanab o‘tilgan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun mehnat qilib kelmoqda. Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi tarkibida 4 ta investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhlari tashkil topgan.

 

 

   Xotima

   2020-yilda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida tizim korxonalarida jami 72 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Misol uchun, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi elektr tarmoqlarini 2030-yilga qadar strategik rivojlantirish bo‘yicha 24 ta loyiha, elektr energiyasining texnologik sarfi va o‘z ehtiyojiga ishlatilishini kamaytirish maqsadida 40 ta podstansiyada modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.

   Shuningdek, xalqaro moliya institutlari kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobidan 9 ta 220–500 kilovoltli podstansiyalar va 2700 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalarini tayyorlash ishlari bajarilishi tizimli tashkil qilinadi.

 

Zafarjon Kamolov,

«O‘zbekiston MET» AJ Investitsiyalarni jalb qilish va

investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i

 

Akmal Abdullayev,

Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni

amalga oshirish boshqarmasi II toifali mutaxassisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>