Kecha, soat 14:13 da vodiy viloyatlari iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli “L-524” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan edi.
Buning natijasida vodiy viloyatlari (Namangan, Farg‘ona va Andijon)ning ayrim hududlarida, kunning tig‘iz vaqtlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, ushbu tarmoq transport vositalarining harakatlanishi nihoyatda qiyin bo‘lgan tog‘ qiyaliklaridan o‘tgan.
Tarmoqdagi nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz va sifatli amalga oshirish maqsadida tog‘ tizmasida maxsus shtab tashkil qilingan.
Qiyinchiliklarga qaramasdan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ energetiklari kechasi bilan va hozirgi vaqtda ham mana shunday fidokorona mehnat qilib o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar.
Ularning mehnatlari bilan mazkur nosozlik bugun kechga qadar bartaraf etilib, elektr energiyasi barqarorligi ta’minlanadi.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati