Unda ushbu tashkilot mas’ullari joriy yilda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2023-yil yanvar-oktyabr oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 58,4 milliard kilovatt soat elektr energiyasi uzatilib, reja 101,6 foizga bajarilishi ta’minlangan. O‘sish sur’ati 2022-yilning mos davriga nisbatan 112,1 foizni tashkil etgan. 2023-yil yanvar-oktyabr oylarida eksport ko‘rsatkichlari 70,4 million dollar miqdorida bajarilgan. Jumladan, Afg‘onistonga 62,8 million dollar elektr energiyasi eksporti va 7,6 million dollar miqdorida elektr energiyasining tranzit xizmatlari amalga oshirilgan.
– “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufida 84 ta 110, 220 va 500 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar, shuningdek, 11698 km. uzunlikdan ziyod magistral elektr tarmoqlari mavjud, – dedi mazkur tashkilotning axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov. – Jumladan, 500 kilovolt kuchlanishli tarmoqlar 2390,1 km., 220 kilovolt 8340,6 km., 110 kV kuchlanishli tarmoqlar 1133,86 kilometrdan ziyoddir. Podstansiyalarning to‘la o‘tkazuvchanlik quvvati 27983,3 megavolt-amperga teng.Tizimda 4 ming nafarga yaqin ishchi-xodim xizmat qiladi. Shulardan 730 nafarga yaqini xotin-qizlar va 770 nafari yoshlardir. Aksiyadorlik jamiyati tarkibidan 14 ta hududiy magistral elektr tarmoqlari, situatsion tahlil, markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish-montaj va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Aksiyadorlik jamiyatining asosiy ish vazifasi generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan va qisman import qilinadigan elektr energiyasini hududlarga (taqsimlovchi tarmoqlarga) uzatishdan (transportirovka qilish) iborat. Bundan tashqari, tashkilot elektr energiyasi importi va eksporti bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshiradi.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Husan Aliyevning ma’lumot berishicha, 2023-yil davomida jamiyat tomonidan qiymati 1 346,36 million dollarga teng bo‘lgan 17 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu yil yakuni bilan 157,9 million dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilib, 3 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
– Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 73,55 million dollar o‘zlashtirildi. Shundan xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 45,9 million dollar, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘z mablag‘laridan 27,65 million dollar miqdorida sarf-xarajatlar amalga oshirildi. Modernizatsiya dasturi bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, 2023-yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda yangi qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha yuqori kuchlanishli 8 ta podstansiya quvvatini 1277,3 MVAga oshirish belgilangan. Yil boshidan jami 652,3 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvat yaratildi. Farg‘ona viloyati “Sokin” podstansiyasida –200 MVA, Toshkent shahridagi “Yuksak” podstansiyasida 75 MVA, Surxondaryo viloyati “Sherobod” podstansiyasida 125 MVA, Qashqadaryo viloyati “Qarshi” podstansiyasida 2,3 MVA kabilar shular jumlasidandir. Shu bilan birga, jamiyat tasarrufidagi energetika ob’ektlariga 665 ta yangi elektr qurilma o‘rnatildi, – dedi H.Aliyev.
Shuningdek, matbuot anjumanida elektr energiyasini uzatishda yo‘qotishlarni qisqartirish va energiya tejamkorlik, magistral elektr tarmoqlarini istiqbolda rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda erishilgan natijalar sarhisob qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA