Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov shu yil Olmaotada bo‘lib o‘tgan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi taraqqiyot moliya institutlari assotsiatsiyasi forumida so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari oldidagi 4 ta asosiy muammoni aytib o‘tgan edi.
Bular dengizga chiqish imkoniyatining yo‘qligi, moliya sektorining past rivojlanish darajasi, suv-energetika sohasida harakatlarning muvofiqlashtirilmaganligi va salbiy iqlim o‘zgarishidir.
U shuningdek, 5 yildan keyin Markaziy Osiyo jiddiy suv tanqisligi va elektrga talabning ortishiga duch kelishi, mumkin deb tashxis ilgari surgan. Yechim sifatida yangi GESlar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishi mumkin. YOTB hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqada gidroenergetika salohiyatining 25% dan kamrog‘i o‘zlashtirilgan.
Yaqin 3-yilda YOTB Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksini rivojlantirishga 400 mln $dan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirgan.
Markaziy Osiyo mintaqasi suvdan foydalanish samaradorligi bo‘yicha dunyoda eng past ko‘rsatkichlarga ega. Bu yerda suvdan foydalanishning o‘rtacha samaradorligi $2,5/m³ deb baholanadi, bu global o‘rtacha $19,01/m³ dan ancha past.
“Aholining tez o‘sishi, urbanizatsiya, qishloq xo‘jaligi va sanoat rivojlanishi – bu jarayonlarning barchasi ko‘proq suv talab qiladi. Bankimizning pozitsiyasi shundan iboratki, Markaziy Osiyo mintaqadagi suv resurslarini boshqarishga jamoaviy yondashishi kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra hamkorlik orqali mavjud kamchiliklarni bartaraf etish mintaqaviy yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini yiliga 1,5 foizga qo‘shimcha oshirishga olib kelishi mumkin”, — deya xulosa qilgan Nikolay Podguzov.
Manba: https://xabardor.uz/uz/post/markaziy-osiyoda-5-yildan-keyin-suv-va-elektr-taqchiligi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati