Yangiliklar
Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan yangi issiqlik elektr stansiyasining birinchi bosqichi ishga tushirildi
  • 28.10.2023
  • 190

Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan, umumiy quvvati 1500 MVt boʻlgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi bugun, 27-oktyabr soat 10:45 da Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga ulandi. Hozirgi vaqtda stansiya 120 MVt quvvatni tarmoqqa uzatmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar stansiyaning quvvati bosqichma-bosqich 1000 MVtga, 2024-yilning birinchi choragida to‘liq 1500 MVt quvvatga chiqariladi.

Stansiya toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 12 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Unda eng zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalar oʻrnatilishi hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Yana bir ahamiyatli jihati, stansiya qurilishi davomida 2000 nafargacha odam ish bilan ta‘minlangan bo‘lsa, u ishga tushganidan keyin bu yerda 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2020-yil 10-avgustda imzolangan “Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4799-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Axborot xizmati.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/9435

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>