Gidroenergetika sohasidagi loyihalar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Gidro elektr stansiyalar kunlik energiyani barqaror ta’minlashda eng samarali vosita. Ulardan olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois bu sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, yurtimizdagi gidroenergetika salohiyati 8 ming Megavattni tashkil qiladi. Lekin hozir buning 2 ming 200 Megavatti ishlatilmoqda xolos. Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030-yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming Megavattga yetkazish belgilangan.
Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.
Yig‘ilishda sohadagi loyihalarning hozirgi holati ko‘rib chiqildi.
Bu yil 20 ta, 2024-yilda 38 ta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgani, lekin ayrim loyihalar kechikayotgani qayd etildi. Viloyat hokimlari yaqin oylarda bu yilgi 20 ta stansiya ishga tushirilishi haqida axborot berdi.
Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jami quvvati 197 Megavatt bo‘lgan 7 ta yirik GES foydalanishga topshiriladi. Buning hisobiga elektr ishlab chiqarish 7 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan gidroenergetikada qo‘shimcha 1 ming Megavattlik zaxira aniqlangan. Misol uchun, Norin daryosiga kaskadlar qurib, 230 Megavattlik quvvatlarni ishga tushirish va Namangandagi 450 ming aholiga yetarli elektr ishlab chiqarish mumkin.
Kelgusi yilda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 3,5 ming Megavattga yetadi. Bunda, elektr asosan kunduz kuni ishlab chiqarilishi hisobiga, energetika tizimida rostlovchi quvvatlarga ehtiyoj ortadi. Shu bois davlatimiz rahbari 2030-yilni kutmasdan, rejadagi 6 ming Megavattlik stansiyalarni qurish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Loyihalarga xususiy sheriklik asosida xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish zarurligi aytib o‘tildi.
Ma’lumki, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari Prezidentimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib turibdi. Yig‘ilishda energetika tizimidagi shu boradagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
So‘nggi besh yilda mazkur tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Joriy yilda Toshkent shahridagi energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta dastur boshlandi.
Shuningdek, har bir viloyatda kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun kamida 10 milliard so‘mdan zaxira shakllantirilmoqda. Bu mablag‘alar evaziga transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar yangilab boriladi.
Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator va 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan. Bu holat, ayniqsa, Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ko‘p. Joriy yilning 9 oyida jami ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yo‘qotilgan.
Shu bois eskirgan transformator va tarmoqlarni yangilash, elektr yo‘qotishlarini yiliga 1-2 foizdan kamaytirib borish zarurligi ta’kidlandi.
100 mingdan oshiq ulgurji iste’molchi hamda 648 mingta yangi xonadon elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagani qayd etilib, bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ayrim hududlarda qozonxona va issiqlik tarmoqlarini ta’mirlashda qoloqliklar borligi aytib o‘tildi. Ijtimoiy soha muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash holati ham yaxshi emas. Energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonlarni yangilash rejasi tibbiyot muassasalarida 62 foizga, bog‘chalarda 54 foizga, maktablarda 40 foizga bajarilgan, xolos.
Mutasaddilarga ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini jadallashtirishga barcha kuch va vositalarni safarbar qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun ko‘mir yetkazib berish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Bu borada qo‘shimcha zaxira yaratish, xususiy sektorni ham jalb etish muhimligi qayd etildi.
Aholi ehtiyoji uchun yetkazib berilgan ko‘mirni yuqori narxlarda noqonuniy sotib yuborish va talon-toroj qilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma berildi.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/6805
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati