Foto: “Gazeta.uz”
2022-yil sanoat korxonalari havoga 874 ming tonna chiqindi chiqardi. Ularning katta qismi neft-gaz, energetika, metallurgiya korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Vazirlar Mahkamasi 2023-yilda 145 korxonada 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlab, tashlanmalarni kamaytirmoqchi.
2022-yil O‘zbekistonda sanoat korxonalaridan atmosfera havosiga 874 ming tonna yillik sanoat tashlamalari chiqarildi. Vazirlar Mahkamasi 2023-yilda 145 ta sanoat korxonalarida 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirish orqali tashlanmalarni kamaytirishni reja qilgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga tayanib, AOKA matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, atmosferaga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi tarmoqlar issiqlik elektr stansiyalari hamda sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Tashlamalarning:
• 360,5 ming tonnasi (40%) — neft va gaz,
• 200 ming tonnasi (22,8%) — energetika,
• 185,5 ming tonnasi (21,2%) — metallurgiya,
• 25 ming tonnasi (2,8%) — qurilish,
• 103 ming tonnasi (11,7%) boshqa tarmoqlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 12 ta IES, shu jumladan, ko‘mirga ixtisoslashgan “Angren” va “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyalari faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 36 ta sement ishlab chiqaruvchi korxona, 15 ta neft va gazni qayta ishlash hamda 4 ta metallurgiya sanoati mavjud.
Atrof-muhitga xavfi katta yangi korxona va tashkilotlar (shu jumladan, sexlar) uchun ishlab chiqilgan “Ekologik oqibatlar to‘g‘risida bayonot” (ZEP) loyiha hujjatlari asosida samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini o‘rnatish ta’minlanmoqda
Transportlar chiqaradigan zaharli gazlarni kamaytirish uchun jamoat transportining kamida 50 foizini gaz-ballon yoqilg‘i, elektr va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish maqsad qilingan. “Bu juda katta raqam va agar ushbu ko‘rsatkichga erishilsa, avtomobillardan havoga yetkazilayotgan zarar keskin kamayadi”, — deyiladi xabarda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir respublikada jismoniy shaxslar jami 3 268 480 ta avtotransport vositalaridan foydalanmoqda. Shundan:
• 796 034 tasi (24%) benzin,
• 71 088 tasi (2%) dizel,
• 2 401 348 tasi (74%) gaz yoqilg‘isida harakatlanishga mo‘ljallangan.
Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi. Shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Bu umumiy tashlamalarning 63 foizini tashkil etadi (ushbu ko‘rsatkich poytaxtda 88 foizga teng).
Respublikada atmosfera havosiga avtotransportlardan tashlanayotgan tashlamalar miqdorini kamaytirish maqsadida bir yilda II bosqichli “Toza havo” oyligi tadbiri o‘tkaziladi. 2022-yil oylik davomida 295 ming transport vositalari tekshirilgan, 2023-yilda 300 ming transport vositalari nazoratdan o‘tkazilishi kerak.
Nazorat tadbirida aniqlanishicha, 3329 ta avtomobil haydovchisi gazlarda ifloslantiruvchi moddalar belgilangan standartlarni qo‘pol ravishda buzgan. 2914 tasining harakati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi. Transportlarning 1043 tasi yoki 2,2 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi. Ular texnik xizmatga yuborildi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga qaraganda, “Toza havo” oyligida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish evaziga jami 209,232 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga chiqarilishi oldi olindi, deyiladi xabarda.
Atmosfera havosiga yetkazilayotgan zararni kamaytirish uchun quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilangan:
1. Transport vositalaridan kelayotgan ekologik zararni kamaytirish maqsadida:
a) Yuk tashuvchi transportlar harakatlanishi tartibga solish hamda yo‘llarni ifloslantirishning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlarini kuchaytirish;
b) Ishlab chiqarilayotgan motor yonilg‘isini “Yevro — 5” ekologik standartiga keltirish;
v) Elektromobillarni respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali 2030-yilga borib, respublikada sotilayotgan elektromobillar ulushini kamida 15 foizga yetkazish;
g) Elektromobillarni ommalashtirish uchun ularni tezkor zaryadlash qurilmalari va infratuzilmasini yaxshilash.
2. Sanoat va ishlab chiqarish korxonalari tashlanmalarini kamaytirish maqsadida:
a) Atmosfera havosi ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan Toshkent, Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq shaharlari hamda Navoiy, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat obyektlari atrofida atmosfera havosi holatini baholash uchun raqamli monitoring tizimini joriy etish.
1-bosqichda, 2023-yilda Toshkent shahri va viloyatining 77 ta sanoat korxonalari atrofida 190 ta havo monitoring uskunalari, 2-bosqichda 2024−2025-yillarda Navoiy, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi 106 ta sanoat korxonalari atrofida 265 ta havo monitoring uskunalari o‘rnatiladi va Yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi.
b) Korxonalar chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligi oshirish.
1. 2023−2025-yillarda 450 ta yirik sanoat korxonalaridagi 2200 ga yaqin chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligi oshirish.
2. Yangi ishga tushirilayotgan sanoat obyektlariga samaradorligi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish.
v) Sanoatda tabiiy gaz ulushini kamaytirish hamda muqobil energiyaga o‘tishni jadallashtirish, Fransiya taraqqiyot agentligi texnik ko‘magida atmosferaga karbon tashlamalarini kamaytirganlik uchun “Yashil soliq” tizimi joriy etish.
Ekologiya vazirligi shuningdek ifloslantiruvchi moddalarning ko‘payishi havo sifatini yomonlashtirishi, nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishini eslatdi. Quyosh nurlarining to‘silishi, yomg‘irlarning kamayishi, zaharlanishi natijasida atrof muhitga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga ham misli ko‘rilmagan zarar yetadi.
“Biz insoniyat chiqarayotgan karbon moddalarini tabiat „hazm qila olmaydigan“ nuqtadan o‘tib bo‘ldik. Atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalar muammosiga e’tibor bermaslik sog‘liqni saqlash xarajatlarining oshishi, ishlab chiqarish samaradorligining pasayishi va turizm bilan bog‘liq iqtisodiyot tarmoqlariga ham katta zarar keltirmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun nafaqat institutsional, balki jamoatchilik nazoratini ham kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘lib, bu o‘z navbatida, atmosfera havosini muhofaza qilishda katta o‘rin tutadi”, — deyiladi xabarda.