Yangiliklar
ZO‘R~TV: Bugungi kunning dolzarb masalasi — 2023/2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati «Yurakdan gapiramiz...» tok-shou dasturida muhokama etildi
  • 24.09.2023
  • 217

Bugungi kunda uzilishlarning asosiy sababi – tarmoqlarning haddan tashqari eskirganligidadir. Yoz yoki qish faslida uyimizda tez-tez “elektr taʼminotining uzilib qolishining sababi aynan shunga bog‘liq. Energetika vazirligi Axborot shtabi taqdim etgan maʼlumotlarga ko‘ra, yurtimizdagi mavjud elektr uskunalarining 40 foizdan ortig‘i eskirgan.

 

Misol uchun, elektr uzatish tarmoqlarining 46 foizi, podstansiyalarning 51 foizi, transformator punktlarining esa 100 tadan 36 tasi o‘z foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Aynan shuning uchun qattiq sovuq yoki qattiq issiq bo‘lsa, darrov qayerlardadir elektr taʼminotida nosozliklar kuzatiladi. Bu esa isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

 

Oxirgi yillarda juda ko‘p qurilishlar qilindi, yangi turarjoylar barpo etildi. Xalqimiz hayoti farovonlashib, ko‘pchilik 3-4 xonali eski uyini buzib, kimdir ikki, yana kimdir uch qavatli, kamida 10-15 ta xonali uy-joy qurib oldi. Biroq o‘sha hududlarning aksariyatida transformatorlar, elektr simlari eskiligicha qoldi.

 

Mavjud muammolarga barham berish uchun elektr energetika tarmog‘ida chuqur modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarini olib borish lozim. Ammo bu juda qiyin ish. Chunki elektr taʼminoti uzilishiga to‘liq barham berish tizimli va uzoq vaqt talab qiladi.

 

Xususan, 2030-yilga qadar yuqori yuklamani ko‘tara oladigan bir necha ming kilometr uzunlikka ega elektr tarmoqlari tortiladi va  qo‘shimcha quvvatlarni isteʼmolchilarga yetkazish uchun 53 ta yangi podstansiya qurilishi belgilangan.

 

Shuningdek, jami uzunligi 6 ming 195 kilometrdan iborat 500 kV kuchlanishli va 3 ming 690 kilometr 220 kV kuchlanishli elektr uzatish kabellari hamda umumiy quvvati 26 ming 640 MVA bo‘lgan 22 ta 500 kV kuchlanishli va umumiy quvvati 10 ming 650 MVA bo‘lgan 31 ta 220 kV kuchlanishli podstansiyalar quriladi.

 

Bundan tashqari, umumiy quvvati 2 ming 918 MVt bo‘lgan energiya saqlovchi (batareya) qurilmalari o‘rnatiladi. Buning natijasida esa tarmoqlardagi uzilishlarga to‘liq barham beriladi.

 

Chunki bu yumushlarning amalga oshirilishi orqali elektr uzatish tarmoqlarining uzunligi 90 foiz oshirilib, umumiy uzunligi 22 ming kilometrga, yuqori kuchlanishli podstansiyalar soni 62 foiz oshirilib, ularning soni 138 taga yetkaziladi.

 

Shu bilan birga, 2023–2030-yillarda respublika hududlarida 0,4, 0,6, 10, 35 va 110 kV kuchlanishli taqsimlovchi elektr tarmoqlarini yangilash hamda modernizatsiya qilish dasturi bo‘yicha 109 ming 858 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 52 ta 35 hamda 110 kV kuchlanishli ega podstansiyalarni va 34 ming 908 ta transformator punktini yangilash rejalashtirilgan.

 

Bu ishlar yakuniga yetgach, respublikadagi 7,4 million isteʼmolchining 3,5 milliondan ortig‘ida elektr taʼminoti yaxshilanadi. Boshqacha aytganda, kelgusi 40 yil mobaynida ularning elektr taʼminotida nosozliklar bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmaydi.

 

Uzilishlarga barham berishning yagona yo‘li – butun eskirgan tizimni yangilash va modernizatsiya qilish. Buning uchun esa sohaga qo‘shimcha mablag‘ kiritish zarur, aholini energiya resurslaridan oqilona foydalanishga chaqirish kerak.

 

Elektr va gaz tariflarining o‘sishi, o‘z navbatida, bir tomondan, tizimni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb etishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, aholini elektr energiyasini tejashga o‘rgatib boradi.

 

Chunki energiyadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmas ekan, energiya manbalarini ishlab chiqarish qanchalik ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni qondirish mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.

 

Ushbu maʼlumotnoma Energetika vazirligi Axborot shtabi tomonidan taqdim etilgan.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>