OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — Energetika sektorini doimiy subsidiyalab rivojlantirib bo‘lmaydi
  • 22.09.2023
  • 142

Sohaga bozor mexanizmlarining joriy etilmagani tizimning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Narx shakllanishining bozor mexanizmlari yo‘qligi sababli davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘lyapti.

1 kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m. Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.

Bu degani bugun aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar ajratilmoqda.

Bu bir yilda o‘rtacha 1,15 milliard AQSh dollari aholining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti, deganidir.

Sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti.

Buning natijasida esa aslida tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan ushbu tafovutni qoplashga sarflanmoqda.

Narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib haq to‘lanishi muhim.

Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, ertaga bu mablag‘lar tejaladi. Natijada tejalgan mablag‘ni ijtimoiy sohani rivojlantirishga, yangi maktablar, tibbiyot muassasalarini qurishga, har bir sohada ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish uchun zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga, qolaversa, energetika tizimini chuqur modernizatsiya qilishga ham sarflash mumkin.

Bundan tashqari, yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlar singari energiya borasida ham bozor qoidalari bilan yashash iste’molchilik madaniyatini, ortiqcha isrof qilmaslikni, xarajatlarni mustaqil nazorat etish va oqilona taqsimlash kabi hayotiy ko‘nikmalarimizni shakllantirish hamda rivojlantirishga ham turtki bo‘lishi, shubhasiz.

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/3254

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>