Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi — bu energoresurslardan foydalanishdan tiyilish, isteʼmol hajmini cheklash emas, aksincha, tejamkorlik va samaradorlik yosh avlodga bolalik davridanoq o‘rgatilishi lozim bo‘lgan isteʼmol madaniyatining yuksak namunalaridan biri ekanligi haqida avvalgi tahliliy maqolalarimizda o‘z fikr-mulohazalarimizni bayon qilgan edik.
Qimmatbaho energoresurslardan maqsadli foydalanish nafaqat xonadon yoki sanoat korxonalarida, balki shaharsozlik loyihalarida ham o‘z aksini topishi zarur. Ayniqsa yoritish tizimida zamonaviy uskuna va moslamalardan foydalanish maqsadga muvofiq. Shunda mamlakatimizda shartli ravishda mavsumiy tarzda yuzaga keladigan energiya tanqisligi muammolariga maʼlum maʼnoda yechim topish mumkin bo‘ladi.
Energetika, shaharsozlik, uy-joy kommunal tizimiga, sanoat korxonalaridan tortib kichik va o‘rta biznes obyektlariga raqamli dasturlar asosida ishlaydigan uskuna va jihozlar kirib kelmas ekan — energiya tejamkorligi va samaradorligi borasidagi harakatlarimiz teshik tog‘orada suv tashigan bilan barobar.
Dastavval cho‘g‘lanma lampalardan tamoman voz kechib, zamonaviy tejamkor lampalarni harakat va yorug‘likni ilg‘ovchi sensorli qurilmalar bilan boyitib borishimiz kerak. Ko‘p quvvat talab etadigan suv nasoslari va boshqa elektr dvigatel qurilmalarini zamonaviy va ixcham, eng muhimi, kam quvvat talab qiladigan qurilmalarga almashtirish, shaharsozlik masalalari va urbanizatsiya muammolariga zamonaviy dasturlarni tatbiq etish — bugungi kunning muhim vazifalari sanaladi.
Bino-inshootlarning isitish tizimi tomonidan elektr energetika zimmasiga tushayotgan yukni kamaytirish, pirovardida bundan voz kechishga erishish — eng og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda.
Eʼtiboringizga mutaxassis Sarvar Qurbonov tomonidan yuritiladigan @energomenejer — energiya va undan samarali foydalanish bo‘yicha mavzular, elektr, issiqlik va elektrotexnik uskunalar haqida maʼlumotlar berib boriladigan telegram kanalida eʼlon qilingan «Harakat datchiklari» deb nomlangan maʼlumotlarni tahrir etilgan shaklda taqdim etamiz.
Keling, dastavval harakatni ilg‘ovchi moslamalarning texnik ko‘rsatkichlari bilan tanishsak:
• Harakat sensori — signal uzatuvchi, jism harakatlanishini qayd qiluvchi, atrof-muhitni nazorat qilish yoki biror bir jarayonni avtomatlashtirishda foydalaniladi;
• Harakat detektori – qo‘riqlash tizimlarini, xavf signallarini ishga tushirish va kameralar ish hududiga kirgan harakatni aniqlash uchun foydalaniladi.
Ayni kunlarda xonadon va ofislarda bunday harakat sensori moslamalaridan foydalanishning ommalashuv ko‘rsatkichi taxminan 30–35% ga oshishi kutilmoqda. Bunga sabab oddiy — energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ularga sarflanadigan mablag‘lar miqdorini tejash, shuningdek, qo‘riqlash xizmatlari tizimini yana-da takomillashtirishdan iborat.
Ushbu ko‘rsatkich Rossiya Federatsiyasi va Yevropa davlatlarida 2023-yil mobaynida 50 % gacha o‘sishi taxmin etilmoqda. Shu bilan birga, harakatni ilg‘ovchi bunday sensorli moslamalar xonadonlarda yoritish tizimlarini va energiya (elektr, sovuq va issiq suv, isitish tizimlari) isteʼmol qiluvchi qurilmalarni avtomatlashtirishda samarali foydalaniladi.
Bu qurilmalar ish prinsipi hamda turi bo‘yicha: infraqizil, ultratovush, fotoelektrik (yorug‘lik), mikroto‘lqinlar, tomografik (radioto‘lqin) va boshqa tasniflardan iborat. Harakatni ilg‘ovchi moslamalar to‘lqinlarni tarqatish va qabul qilingan to‘lqinlarni tahlil qilishiga ko‘ra aktiv, passiv va kombinatsiyalangan moslamalarga toifalanadi.
HARAKATNI ILG‘OVCHI MOSLAMALARNING ISH PRINSIPLARI
PASSIV — bu harakatni ilg‘ovchi infraqizil moslamalar (PIR) bo‘lib, ular foydalaniladigan bunday moslamalarning taxminan yarmini tashkil etadi;
AKTIV — ultratovushli, mikroto‘lqinli va tomografik harakatni ilg‘ovchi moslamalar ham mavjud bo‘lib, ular amalda qo‘llanayotgan ushbu moslamalarning taxminan qolgan yarmini to‘ldiradi.
Bundan tashqari, kombinatsiyalangan, yaʼni ham fotoelektrik, infraqizil to‘lqinlar orqali harakatni ilg‘ovchi moslamalar mavjud bo‘lib, ularning yangi rusumlari hozirda keng tarqalgan.
Har bir turdagi harakatni ilg‘ovchi moslamalarning dasturiy ishida ixtirochilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar uchraydi va ular vaqti-vaqti bilan yolg‘on (soxta) signallar berib turishi ehtimoldan xoli emas. Bu kabi nuqsonlarni bartaraf etish uchun ishlab chiqaruvchilar kombinatsiyalangan (fotoelektrik va infraqizil) moslamalardan foydalaniladi, ammo bu narsa o‘z o‘rnida moslamaning sezgirligi darajasini kamaytirishi mumkin.
HARAKATNI ILG‘OVCHI MOSLAMALARNING TURLARI
Infraqizil nurli turi — ushbu harakatni ilg‘ovchi moslamalar issiqlik nurlarini (ifraqizil) tahlil qiladi.
Ultratovushli turi — ushbu moslamalar tovush to‘lqinlarini tahlil qiladi. U ovoz to‘lqinlarni tarqatadi va ikkinchi bo‘lmasi orqali qaytayotgan signallarni dopler effekti bo‘yicha tahlil qilib, xotirasida atrof-muhitning shartli shaklini hosil qiladi. Agar muayyan shaklda, yaʼni hududda o‘zgarish sezilsa, qaytayotgan to‘lqin orqali signal berilib, uskuna ishlashini taʼminlaydi.
Radioto‘lqinli turi — tomografik va mikroto‘lqinli moslamalar ham ultratovushlilari kabi ishlaydi. Yagona farqi shundaki, ular tovushlarni emas, radioto‘lqinlarni tahlil qiladi. Radioto‘lqin nometall bo‘lgan jismlardan o‘ta oladi va kattaroq hududni nazorat qila oladi. Bunday uskunalar qimmatbaho, ammo kengroq hududlar va omborlarni nazorat qilishda samarali foydalaniladi, maʼlum miqdorda elektr energiyasini tejash bilan birga o‘ziga xos sezgir himoya tizimini yaratadi.
Fotoelektrli turi — ushbu moslamalar yorug‘lik nurlaridan taʼsirlanish orqali ishlaydi. Aniqrog‘i, ular ikkita sensordan tashkil topgan bo‘lib, biri yorug‘lik chiqaradi va ikkinchisi qabul qiladi. Qabul qiluvchi uskuna yorug‘likni elektr tokiga aylantirib, relelarga ulash yoki uzish signallarini beradi. Bunga misol tariqasida metropolitendagi nazorat o‘tish to‘siqlarida mavjud turniketlarning ochilishida signal beruvchi moslama fotoelektrik turiga mansubligini eslatib o‘tish kifoya.
Va nihoyat, eng muhimi, fotoelektrik turdagi harakatni ilg‘ovchi moslamalardan ko‘cha yoritish tizimlarida keng foydalanish — energiya va mehnat resurslarini tejashga olib keladi. Bu esa, yuqorida taʼkidlanganidek, isteʼmol madaniyatining yuksak namunasidir.
Maqola @energomenejer telegram mesenjeridagi maʼlumotlar asosida yaratildi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati