OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: Quyosh va shamol stansiyalarini o‘rnatish texnik talablar asosida amalga oshirilyaptimi?
  • 11.08.2023
  • 85

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti katta ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori Kamoliddin Qodirov hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri, texnika fanlari doktori Dilshod Qodirov ishtirokida ovozli chat bo‘lib o‘tdi. Unda energetika sohasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha olimlarning tavsiyalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Qishda elektr energiyasining uzluksiz o‘chishiga anomal sovuq sabab qilib ko‘rsatildi. Ushbu muammo yozda – issiq kunlarda ham davom etishiga sabab nima? Ba’zida uzilishlar vaqti juda uzoq bo‘lib ketyapti?   

– Anomal sovuq, anomal issiqning kelib chiqishi iqlim o‘zgarishiga bog‘liq. Respublikamizda noyabr, dekabr, yanvar, iyul oyida sanoat korxonalari, maishiy iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortishi hisobiga transformatorlarga yuklama ortib ketadi. Ya’ni transformatordagi “A” fazaga iste’molchilarning ko‘p ulanishi transformatorning avariya holatini keltirib chiqaradi. Transformatorda avariya kelib chiqqanidan keyin mutaxassislar elektr tarmoqlari korxonalariga borib, avariyani bartaraf etguncha 7-8 soat vaqt ketgan holatlar uchrayapti, – deydi Kamoliddin Qodirov. 

– O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish qanday samara beradi

– Yurtimizda oxirgi oylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, ayniqsa, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish birmuncha jadallashdi. Davlatimizning energetika tizimidagi siyosati ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga qulayliklar yaratib berayotgani bilan ko‘zga tashlanyapti. 

  Quyosh hamda shamol stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari, Arab davlatlaridagi shu sohada tajribaga ega bo‘lgan yirik korxonalar bilan ko‘zga tashlanadigan ishlar qilinyapti. Zamonaviy, dunyoning eng so‘nggi texnologik yechimiga ega bo‘lgan uskunalar o‘rnatilyapti. 

  Quyosh stansiyalariga qaraganda shamol elektr stansiyasi potensiali yurtimizda yetarlicha. Uning foydali jihati shundaki, 24 soat ya’ni tunu kun energiya berishi mumkin. Quyosh nurlari tushishini hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, Toshkent shahri hamda ayrim tog‘li hududlarda 300-312 kun hisoblanadi. Biz o‘sha 300 kundan faqat kunning yorug‘ qismida foydalana olamiz. Shamoldan esa tunu kun foydalanishimiz mumkin.  

Bu loyihalar energetika tizimidagi muammolarga yechim bo‘ladi. Bizda hozir qurilish jarayoni ketyapti. Ayrimlari yakunlanish arafasiga kelib qoldi. 

– Quyosh hamda shamol stansiyalarini o‘rnatish texnik talablar asosida bo‘lyapti, deb ayta olasizmi? 

– Loyihalarning qanday ketayotganini ko‘rib chiqish uchun turli hududlardagi ob’ektlarda ekspert sifatida ishtirok etyapmiz, – deya izoh berdi D.Qodirov. – Bugungi kunda amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasini ham talab darajasida, deb bo‘lmaydi. Ammo ishni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha huquqiy yechim berilmoqda. 

  Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi. Ushbu qaror bilan bu tashkilotga imkoniyatlar, huquqlar belgilangan. Bojxona tizimiga amalga oshirilayotgan loyihalarning nazoratini o‘rnatish vazifasi yuklatilgan. 

– Aniqlangan kamchiliklar qanday bartaraf etilyapti? 

– Hozirgi kunda quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishga katta urg‘u berilyapti. Quruvchilar tomonidan yoki ob’ektdan kelib chiqib kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Quyosh maksimal energiya olishi uchun quyosh panellarini ma’lum bir burchak ostida o‘rnatish, kabellarni to‘g‘ri tanlash, konstruksiyalarning to‘g‘ri o‘rnatilishi kabi texnik kamchiliklar kuzatilyapti. Shu sababli tadbirkorlar sohada ko‘p yillik tadqiqotlar olib borgan olimlarni biriktirgan holda kamchiliklarni joyida bartaraf etishga harakat qilyapti, – deydi Dilshod Qodirov. 

N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>