OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ekogazeta.uz — «Suvtekin» iborasi endi yo‘q suv endi tekin bo‘lmaydi! Bu borada jamoatchilik fikri qanday?
  • 11.08.2023
  • 164

Yer yuzida chuchuk suv resurslarining chegaralangani haqida yaxshi bilamiz. Sayyoramizning 70 foizini qoplagan 1,5 milliard kub kilometr (1,54 kvintillion tonna) suvning 97 foizini okean va dengizlarning iste'molga yaroqsiz sho‘r suvlari, 2 foizini muzliklarning suvlari tashkil etadi.

Insoniyat zaxirasida atigi 1 foiz iste'molga yaroqli chuchuk suv mavjud va u ham tobora qisqarib, global muammoga aylanyapti. Bugungi kunda qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Dunyo miqyosida har yili toza ichimlik suv tanqisligi tufayli 1,2 mln. kishi turli xil xastaliklarga duchor bo‘ladi, 5 mln. kishi ifloslangan va sifatsiz suvdan iste'mol qilishga majbur. Kelgusi o‘n yillikda, iqlim o‘zgarishlari va qo‘shni mamlakatlarda suv iste'molining ortishi natijasida qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Kelgusidagi xavfni yaxshi anglagan holda ancha vaqtdan buyon toza ichimlik suv bilan bog‘liq muammolar haqida jurnalistlaru ekofaollar bong urib kelishmoqda.

Biroq kuni kecha respublikamizning ayrim hududlarida suv narxining oshgan tariflari e'lon qilinishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Narx qanchaga oshirilyapti?

«O‘zsuvta'minot» kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra 20-avgustdan boshlab Toshkent viloyatida tariflar oshiriladi. Yangi narxlar xalq deputatlari viloyat kengashining 19 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan.

Endilikda «Toshkent suv ta'minoti» korxonasi abonentlari uchun bir kubometr suv tarifi 950 so‘mdan 1700 so‘mga (QQSsiz), byudjet va ulgurji savdo tashkilotlari uchun 4000 so‘mdan 7000 so‘mgacha oshiriladi.

Aholi uchun oqova suv xizmatlari tarifi 1 kubometr uchun 700 so‘mdan 850 so‘mga (QQSsiz), byudjet va viloyat tashkilotlari uchun 1300 so‘mdan 1850 so‘mga oshirildi.

Avvalroq «Surxondaryo suv ta'minoti» korxonasi Surxondaryo viloyatida 1-avgustdan tariflar oshirilishini ma'lum qilgan. Aholiga suv uchun tariflar 1 kubometrga 1150 so‘mdan 2140 so‘mga, kanalizatsiya uchun esa 650 so‘mdan 950 so‘mga ko‘tarilgan (QQSsiz). 1 avgustdan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatida ham tariflar oshiriladi.

Ushbu xabarlar tarqalar ekan mutasaddilar, jamoatchilik, ekofaollarning suv narxi oshishi borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.

«Narxlarning oshishi mahalliy deputatlarning so‘rovlari, hokimliklar va mas'ul tashkilotlar bilan birgalikdagi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Ammo narxlar boshqa hududlarda ham baribir asta-sekin o‘zgaradi.

Eng arzon ichimlik suv – O‘zbekistonda.

Hali-hanuz narx oshirilmagandi. Aslida qiymati arzon narsaning qadri ham past bo‘ladi. Ayni paytda aholi va yuridik shaxslarning ichimlik suv tashkiloti – «Suvta'minot» korxonasidan qarzdorligi 1,5 trillion so‘mdan oshib ketgan. Bu yillar davomida shakllanib kelgan qarzdorlik hisoblanadi.

Toshkent shahrida 1000 litr suvning narxi 400 so‘m turadi. Diqqat qiling, 1000 litr suv atigi 400 so‘m. Bu bir litr suvning narxi 40 tiyin degani. Biz suvni shu darajada qadrsizlaganmiz. Xalq orasidagi «suvtekin» so‘zining paydo bo‘lishi ham bekorga emas.

Shu paytgacha aholi ichimlik suv uchun arzimagan pul to‘lab kelayotgan ekan, nega bu shundayligicha davom etavermadi, narxlar oldinroq emas, aynan endi oshyapti degan savol tug‘ilishi mumkin.

Birinchidan, yildan-yilga aholi sonining ko‘payib borishi va buning natijasida ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi, ikkinchidan, ichimlik suv zaxirasining kamayib borayotgani. Biz ichimlik suv oladigan qo‘shni mamlakatlarda ham zaxiralar kamaymoqda. Uchinchidan, aynan ichimlik suvni xalqqa yetkazib berish, qayta ishlash masalalari ham tariflarimizga ta'sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Buxoroga yoki Navoiyga suv yetkazib berishimiz uchun Samarqanddan olib borishimiz kerak. Qancha elektr energiyasi va boshqa resurslar ketadi? Masalan, suv uchun iste'molchidan 100 so‘m olsak, shuning 30-40 so‘mini elektr energiyasiga to‘laymiz. Chunki uzoq hududlarga suv yetkazib berish uchun kuchli bosimda ishlay oladigan nasoslar kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, avariya-tiklash brigadalari bor. Suv ta'minotidagi quvurlar o‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan. Yillar davomida ular eskirdi va bugun ta'mirlanishga muhtoj. Shuning­dek, aholining qariyb 75 foizi ichimlik suv bilan ta'minlangan bo‘lsa, qolgan 25 foizi aholiga hali suv yetib bormagan. Narxlarning oshishi o‘sha hududlarga ham ichimlik suv yetib borishini tezlashtiradi.

O‘zbekistonda ichimlik suv bilan bog‘liq vaziyat haqida xalqaro tashkilotlarning ham xulosalari ijobiy emas. Mamlakatda ichimlik suv tugayapti. Qurg‘oqchilik, isrofgarchilik va boshqa bir qator sabablar tufayli yaqin kelajakda avlodlar suvsiz qolishi mumkin.

Biz allaqachon o‘zimizning suvimizni ichib bo‘lganmiz. Hozir farzandlarimizning, nevaralarning suvini ichyapmiz, isrof qilyapmiz. Shu holat davom etar ekan, BMT xulosalarida aytilganidek, 2050-yilga borib O‘zbekiston qizil hudud, ya'ni ichimlik suv tanqis hududga aylanib qolishi mumkin. Shuning uchun bugundanoq suvni isrof qilmasligimiz, buni bolalarimizga o‘rgatishimiz kerak».

Akmal MURODOV,

«O‘zsuvta'minot»

AJ matbuot kotibi

Suvni ko‘p sarflagan qimmat to‘lashi kerak

«Nemislar ichimlik suvning bir kub metrini 1400 so‘mdan olsa, ular ham ichimlik suv bilan basseynini to‘ldirishni, tomorqasini sug‘orishni, mashinasini, gilamini, plitkasini yuvishni boshlaydi. Kuniga 400 litr nima bo‘pti, ming litr sarflaydi. Nemislar yaxshi, o‘zbeklar yomon emas. Inson zehniyati va tabiati shunday.

Agar turk fermeri suvdan foydalanganlik uchun kub metriga 65 so‘m soliq to‘lasa, u hyech qachon tomchilatib yo yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari, kanal va drenajlar uchun pul kiritmaydi. Qanday ko‘llatib sug‘orayotgan bo‘lsa, shunday ko‘llatishda davom etadi. Undan keyingi fermer nima bo‘ladi, iroqlik fermerning holi ne kechadi, xayoligayam keltirmaydi.

Suvni isrof qilma deyish bekor, suvni ko‘p sarflagan qimmat to‘lashi kerak, bo‘ldi. Istaganingcha sarfla, lekin marhamat qilib bozor narxida to‘lab qo‘y. Shunda o‘zbek ham xuddi nemis singari kuniga 125 litr suv bilan kifoya qila boshlaydi, bir stakan suv bilan tishini yuvadi, ikkinchi stakandagi suv bilan soqol oladi, suv oqib yotgan unitazini darrov ta'mirlaydi. Shunda o‘zbek fermeri gektariga o‘n ming kub suv emas, ming kub suv bilan paxta yetishtirish haqida o‘ylay boshlaydi. Sodda tilda bu bozorga o‘tish degani. Ratsional tarif siyosati degani».

 

Otabek BAKIROV,

Iqtisodchi

 

Dunyo bo‘ylab suv narxlari

Markaziy Osiyoda ichimlik suv uchun to‘lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog‘iston hisob­lanadi. Mamlakatda hududlariga qarab aholi har kub suv uchun 73 tengedan (1 905 so‘m) 304 tengegacha (7 934 so‘m) to‘lov qiladi.

Tojikiston aholisi 1 kub metr suv iste'moli uchun 1 somonidan (1 061 so‘m) 1,73 somonigacha to‘laydi. Mamlakat poytaxti Dushanbeda suv hisoblagichi bor yoki yo‘qligiga qarab narxlar belgilanadi.

Masalan, hisoblagichi borlar 1 kubometr suvga 1,73 somoni, hisoblagichsizlar (1-12-qavatlarda yashasa) 6,24 somoni, 12-qavatdan yuqorida istiqomat qiluvchilar 8,33 somoni to‘laydi. Qirg‘izistonda aholi har kubometr suvga 6,84 som (904 so‘m) to‘laydi. Turkmanis­tonda esa belgilangan limitdan ko‘p iste'mol qilingan suvning 1 kubometri 0,5 manat
(1 662 so‘m) turadi.

Ma'lumotlarga qaraganda, hozirda yevropa davlatlari aholisi ichimlik suv uchun dunyodagi eng yuqori narxda to‘lov qiladi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Norvegiya egallagan. Mamlakat fuqarolari 1000 litr (1 kubometr) ichimlik suv uchun 5,51 yevro to‘laydi. Keyingi o‘rinlarda Germaniya (4,67 yevro), Daniya (4,37 yevro), Niderlandiya (3,99 yevro) keltirilgan.

Yevropadagi davlatlarning barcha shaharlari ichida ichimlik suv Italiyaning Neapol shahrida eng arzon hisoblanadi. U yerda har bir kubometr chuchuk suv narxi 1,42 yevro turadi. Amerikada esa suv narxi yevropadagi narxlardan 3 barobar arzonroq.

Ko‘rib turganingizdek, dunyoning boshqa davlatlarida suv narxi yurtimizdagiga nisbatan ancha qimmat. So‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko‘paygani jamoatchilik e'tiboriga tushgan edi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yevropa davlatlari, xususan, Daniyada suv narxi qimmatligi sababli uni tejash, suvdan unumli va to‘g‘ri foydalanish darajasi yuqori. Narxlar oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin.

 

Shahruza SATTOROVA

Манба: https://www.ekogazeta.uz/

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>