OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘zbek ishchilariga bo‘lgan talab va xorijiy sarmoyalar tufayli o‘smoqda» — Fitch solutions
  • 06.08.2023
  • 68

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Fitch Solutions ma’lumotlar va tadqiqotlar kompaniyasi O‘zbekistonda 2023-yilgi yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi bo‘yicha prognoz 5,0 foiz darajasida saqlanib qolayotganini xabar qildi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Rossiya — Ukraina urushi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ikkinchi yilida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror bo‘lib qolmoqda.

Kompaniya O‘zbekistonga investitsiyalar xalqaro hamkorlar va ichki talab hisobiga 2024-yilda YIMda 5,6 foiz o‘sishini prognoz qilmoqda.

2023-yilda xususiy iste’mol ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib qoladi, deyiladi xabarda.

Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, yanvar—aprel oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2022-yilning shu davriga nisbatan 21,0 foizga (3,1 milliard dollar) oshgan, shundan 87,0 foizga yaqini Rossiyadan o‘tkazilgan. Rossiyaga ko‘chib o‘tgan mehnat muhojirlari soni oshgan, bu esa mamlakatda O‘zbekistondan ishchi kuchiga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Davlat xarajatlari haqida so‘z ketar ekan, Fitch Solutions ko‘rsatkichlar 2024-yilda 0,5 foizga oshishini kutmoqda, shundan 0,4 foizlik o‘sish 2023-yildayoq kuzatilishi mumkin.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish va ta’lim sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari qatorida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yilda “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratish” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 170 ta yangi maktab qurish, 3 210 ta maktabni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Hukumat, shuningdek, yaqin yetti yil ichida o‘qituvchilarning ish haqini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Bularning barchasi davlat xarajatlarini oshiradi.

Hukumat mamlakatda elektr energiyasidan umumiy foydalanish uchun elektr stansiyalariga sarmoya kiritmoqda. O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida beshta yangi GES quriladi va bularning umumiy qiymati yalpi ichki mahsulotning 0,2 foizini tashkil etadi. Iyun oyida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida yalpi ichki mahsulotning 14,9 foizini tashkil etadigan sarmoyaviy va savdo shartnomalari imzolandi.

O‘zbekiston hukumati 2024—2025-yillarga mo‘ljallangan turizmni rivojlantirish dasturlari uchun 17,8 million dollarga yaqin mablag‘ ajratdi, bu esa mamlakatdagi turizm industriyasini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi, deb ta’kidladi kompaniya. 2022-yilda mamlakatga 5,2 million sayyoh kelgan, 2011—2019-yillardagi bu ko‘rsatkich o‘rtacha 2,9 million edi. Bu esa turizm sohasidagi kamchiliklarni, masalan, turarjoy yetishmasligini ko‘rsatgan.

Iyun va iyul oylarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda energetika va raqamli o‘tish sohalarida qiymati 29,3 million dollarlik loyihalarni ma’qulladi. Jahon banki uglerod chiqindilarini kamaytirish loyihasini ham tasdiqladi va 46,25 million dollar ajratdi.

Kompaniya O‘zbekistonning eksportdagi yutuqlarini ham qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, (2023-yil may oyigacha) 2022-yilning shu davriga nisbatan eksport ham, import ham o‘sgan. Eksport 23,0 foizga oshgan, asosiy mahsulot oltin hisoblanadi. Global moliyaviy beqarorlikka qaramay, oltin narxi uzoq muddatda pandemiyadan oldingi darajaga nisbatan yuqori bo‘lib qoladi va bu O‘zbekistonga foyda keltiradi, deb taxmin qildi Fitch Solutions ekspertlari. Respublikada import 17,0 foizga o‘sgan, asosiy import qilinadigan mahsulotlar avtomobil va uskunalar, undan keyin kimyo mahsulotlari bo‘lib qolmoqda.

Salbiy prognozlar

Shu bilan birga kompaniya agar rublning qadrsizlanishi davom etsa yoki hozirgi darajada qolsa, O‘zbekistonda 2023-yilning oxirgi yarmida pul o‘tkazmalari sezilarli darajada qisqarishi mumkinligidan ogohlantirdi, bu esa uy xo‘jaliklari iste’moliga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, Rossiya iqtisodiyotining kutilganidan ham katta qisqarishi, global moliyaviy sharoitlarning keskinlashishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ehtimoliy ta’siri investitsiyalarning qisqarishiga olib keladi.

Yuqorida aytilganidek, global oltin va tabiiy gazning katta zaxirasi, shuningdek, xususiylashtirish harakatlarini davom ettirish iqtisodiyotni qo‘llab turadi, deya maqolasini yakunlagan Fitch Solutions.

Manba: https://daryo.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>